MA’MURIY SUD ISHLARINI YURITISH TO‘G’RISIDAGI QONUNCHILIK TAKOMILLASHTIRILMOQDA

 

Bugungi kunda jahon miqyosida globallashuv jarayonlarining kuchayishi har bir davlat oldida, avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda farovon hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish vazifasini dolzarb qilib qo‘ymoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda fuqarolarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashni taqozo etadi.

 

Mazkur jarayonda ma’muriy sudlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, ma’muriy sudlarning asosiy vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishdan iborat.

 

Ushbu vazifalarning to‘laqonli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan ma’muriy sud ishlarini yuritishda qo‘llaniladigan protsessual majburlov choralari doirasi bilan bevosita bog’liq. Shu ma’noda, ma’muriy sudlarning huquqiy ta’sir choralarini yanada kengaytirish orqali davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining samarali va ishonchli himoya etilishini ta’minlash imkoniyatlari yanada oshadi.

 

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi kodeksi asosida ma’muriy sudlar tomonidan sud jarimalari, shuningdek, xususiy ajrim va xabarnoma shaklida protsessual ta’sir choralari qo‘llanilib kelinmoqda. Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksida ham sud faoliyatini ta’minlashga qaratilgan qator muhim normalar belgilangan.

 

Jumladan, mazkur Kodeksning 180-moddasida sudga hurmatsizlik qilganlik, 181-moddasida esa sudning xususiy ajrimi (qarori) bo‘yicha choralar ko‘rmaslik uchun ma’muriy javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Nizolarni hal etish jarayonida ushbu toifadagi huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, bunday ishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 245-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, 245¹-moddasiga muvofiq iqtisodiy sudlar hamda 245⁴-moddasiga muvofiq fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.

 

Endilikda mazkur sohada yangi bosqich boshlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi PQ–33-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi qonunchilikni takomillashtirish Kontseptsiyasida nizolarni hal etish jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g’risidagi ishlarni ko‘rish vakolatini ma’muriy sudlarga ham berish nazarda tutilgan.

 

Shu bilan birga, ushbu Qarorda ma’muriy sud ishlarini yuritishda qo‘llaniladigan protsessual majburlov choralarining doirasini aniq belgilash va ularni tizimli ravishda takomillashtirish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Bu esa ma’muriy sudlarning huquqiy ta’sir imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbarining mazkur Qarori sohada izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi qonunchilikni takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ilg’or xorijiy tajribaga muvofiq ma’muriy sudlar faoliyatida yangi institut va mexanizmlarning joriy etilishi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining samarali va ishonchli himoya etilishini ta’minlashga, pirovardida esa O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imijining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

 

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

MA’MURIY SUDLARDA FOTOTASVIRGA TUSHURISH VA VIDEOYOZUVGA OLISH TARTIBI

 

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi Kodeksining 143-moddasiga asosan, ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televidenie orqali translyatsiya qilinishiga ishni ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

 

Sud muhokamasining oshkoraligi, sudlar faoliyatiga bog’liq axborot olish huquqining amalga oshirilishining, shuningdek, sudlar tomonidan ushbu masalaga bog’liq qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi tomonidan 2020 yil 21 fevral kuni 4-sonli «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g’risida»gi qarori qabul qilinib, qarorning 14-bandiga asosan, qonunga muvofiq:

 

a) ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:

 

fuqarolik ishini ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;

 

jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishni ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan;

 

b) ochiq sud majlisida audioyozuvni amalga oshirishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:

 

fuqarolik ishini ko‘rish paytida — sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;

 

jinoyat ishi va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishni ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.

 

Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, iqtisodiy ish yoki ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ish ko‘rilayotganda esa, shuningdek, audioyozuv olib borishlari mumkin.

 

Protsess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.

 

Sud ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning to‘g’riligi, haqqoniyligi, xolisligi va ishonchliligi uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida yozib qo‘yiladi.

 

Sud majlisi borishini qonunda yo‘l qo‘yilgan ko‘rinishda qayd etishni amalga oshirayotgan shaxslar harakati sud majlisi tartibiga xalaqit bermasligi lozim.

 

Sud majlisida ishtirok etayotgan va uning borishini qayd etish huquqidan foydalanayotgan shaxslar tomonidan bu huquqning suiiste’mol qilinishi sud majlisi tartibini buzish hisoblanadi. Bunday holda sud aybdor shaxslarga nisbatan protsessual qonunda nazarda tutilgan ta’sir choralarini qo‘llashga haqli.

 

 

 

Janat AYMAGANBETOVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi  

SUD TIZIMIDA HALOLLIK — USTUVOR TAMOYIL

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan 2025-yil 8-noyabr kuni tasdiqlangan media-reja ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

 

Mazkur tadbir doirasida birinchi marta sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalar hamda xodimlari bilan korruptsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish, har qanday korruptsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga bag’ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvning o‘ziga xos jihati shundaki, unga sudyalar va sud xizmatchilarining ota-onalari ham taklif etildi. Bu esa sud tizimida halollik, poklik va mas’uliyat tamoyillarini faqat xizmat faoliyatidagina emas, balki oilaviy muhit orqali ham mustahkamlashga qaratilgan yondashuv ekanini ko‘rsatadi.

 

Muloqot davomida sud tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, profilaktik chora-tadbirlar xususida atroflicha fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, sudya va sud xodimining har bir qarori, har bir xatti-harakati jamiyatning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi bilan bevosita bog’liq.

 

Shuningdek, uchrashuvda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, qonun ustuvorligini amalda qaror toptirish, korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunning eng dolzarb talablaridan biri ekani alohida qayd etildi. Korruptsiyaga qarshi keskin va tizimli kurash sud tizimining nufuzi va adolat tamoyillarini mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekani ta’kidlandi.

 

Bunday tadbirlar sudyalar va sud xodimlarning huquqiy ongi, kasbiy mas’uliyati va ma’naviy immunitetini yanada kuchaytirishga xizmat qilib, jamiyatda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni oshirishga muhim hissa qo‘shadi.

SUD OSHKORALIGI — ADOLATLI SUDLOV KAFOLATI

 

Sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi demokratik jamiyatning muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Mazkur printsiplar fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sud faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash hamda huquqiy xabardorlik darajasini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g’risida”gi qarori aynan shu maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, sudlar tomonidan qonun normalarining bir xilda va to‘g’ri qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Qarorda ta’kidlanganidek, sud muhokamasi oshkoraligi jamoatchilikka sudlar faoliyati to‘g’risida o‘z vaqtida, xolis va ishonchli axborot taqdim etish imkonini beradi. Bu esa odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati sifatida sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshiradi.

 

Shu bilan birga, sud muhokamasining oshkoraligi sudya mustaqilligi printsipiga zid bo‘lmasligi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, sudyalar mustaqil bo‘lib, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Ommaviy axborot vositalari yoki jamoatchilik tomonidan sud faoliyatiga har qanday bosim o‘tkazishga, ish natijasini oldindan bashorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Plenum qarorida sud majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirok etish tartibi aniq belgilab berilgan. Ochiq sud majlislarida jurnalistlar ishtirok etishi axborot olishning qonuniy usuli hisoblanadi va ularning sud majlisi zaliga kirishiga asossiz to‘sqinlik qilish qonunga xilof hisoblanadi. Shu bilan birga, ish qonun talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rilgan hollarda, shaxsiy hayot daxlsizligi, davlat yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlar himoya qilinishi shart.

 

Qarorda axborot olish huquqining barcha uchun teng ekani alohida qayd etilgan. Fuqarolarning tili, jinsi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi kafolatlanadi. Sudlar tomonidan taqdim etiladigan axborot o‘z vaqtida va qonun bilan belgilangan muddatlarda berilishi lozim.

 

Shuningdek, sud qarorlarini e’lon qilish masalalari ham aniq tartibga solingan. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, qonunda nazarda tutilgan istisnolardan tashqari, oshkora e’lon qilinishi shart. Bu sud faoliyati ochiqligini ta’minlash bilan birga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

 

Xulosa qilib aytganda, sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash — adolatli sudlov, qonuniylik va ochiq jamiyatni barpo etishning muhim shartidir. Mazkur Plenum qarori sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada kuchaytirishga, sudga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

 

Utkirjon  SABIROV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi

IJTIMOIY TARMOQLARDA E’LON QILINGAN BILDIRISH YUZASIDAN

 

Ayrim axborot manbalarida fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudida ko‘rilayotgan ish asossiz ravishda cho‘zilgani haqida tarqatilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g’ri kelmaydi.

 

Fuqaro G.Tashimovaning «TILLA-MAKON» MChJ hamda «KO`CHMAS MULK SAVDO XIZMATI» MChJ Xorazm filialiga nisbatan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vo arizasi 2025 yil 10 iyul kuni sudga kelib tushgan va ish belgilangan tartibda qo‘zg’atilgan.

 

Ish bir necha sud majlislarida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, javobgarlardan birining manzilini aniqlash zarurati hamda sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanishi sababli qonunchilikka muvofiq ravishda muddatlar uzaytirilgan va ish vaqtincha to‘xtatilgan.

 

2025 yil 28 noyabr kuni da’vogar tomonidan qo‘shimcha da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, sud jarayonida nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilinmagani aniqlangan. Shu asosda da’vo arizasi sudning ajrimi bilan ko‘rmasdan qoldirilgan.

 

Mazkur ajrim ustidan hozirga qadar shikoyat keltirilmagan.

 

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining matbuot xizmati

OILA — JAMIYAT TAYANCHI

«Oilaga e’tibor — o‘zligimizga e’tibordir.

Oilani saqlab qolmasak, biz o‘zligimizni yo‘qotamiz».

Shavkat Mirziyoev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Jamiyatning asosiy bo‘g’ini bo‘lgan oila inson hayotida eng muhim ijtimoiy institutlardan biri hisoblanadi. Oila nafaqat shaxsiy ehtiyojlarni qondirish, balki jamiyatda barqarorlik, tartib va ma’naviy qadriyatlarni saqlashda ham hal qiluvchi o‘rin tutadi. Inson shaxs sifatida aynan oilada shakllanadi, uning dunyoqarashi, mehnatga munosabati, axloqiy va ma’naviy qadriyatlari shu muhitda qaror topadi.

 

Nikoh va oilaviy munosabatlarning mustahkamligi davlatning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-madaniy va ma’naviy rivoji uchun muhim asos hisoblanadi. Shu bois oila huquqi huquq sohalari orasida alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir inson oilaga muhtoj, oila esa jamiyat taraqqiyotining poydevoridir.

 

Mamlakatimizda oilani mustahkamlash, yosh avlodni jismoniy va ma’naviy sog’lom qilib tarbiyalashga doimiy e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari asosida oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar, ko‘p bolali oilalar, yolg’iz ota-onalar, maktab o‘quvchilari va talabalarga davlat tomonidan moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatish tizimi izchil yo‘lga qo‘yildi. Bu esa sog’lom avlodni tarbiyalash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

 

Oilaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solishdan asosiy maqsad — oilaning mustahkam bo‘lishini ta’minlash, munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch, hurmat va hamjihatlik asosida qurishdan iborat. Shu bilan birga, oila a’zolarida o‘zaro mas’uliyat hissini shakllantirish ham qonunchilikning muhim vazifalaridan sanaladi. Er-xotin, ota-ona va bolalar, shuningdek, boshqa qarindoshlar o‘rtasidagi qonun bilan belgilangan majburiyatlarni sidqidildan bajarish oila barqarorligining asosiy omillaridan biridir.

 

O‘zbekiston Respublikasi oila qonunchiligiga muvofiq, xotin-qizlar va erkaklar oilaviy munosabatlarda teng shaxsiy va mulkiy huquqlarga ega. Ular huquqlardan teng foydalanishi bilan birga, majburiyatlarni ham barobar ado etishlari lozim. Mamlakatimizda ayollarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, ularning mehnatiga munosib haq to‘lanishi, turli sohalarda o‘z qobiliyatini namoyon etishi qonun bilan kafolatlangan.

 

Jamiyat va davlatning oilaga bo‘lgan g’amxo‘rligi ijtimoiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bosh maqsad esa aholining turmush farovonligini oshirish, inson manfaatlarini ta’minlashdan iborat. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi — adolatli va barqaror jamiyat qurishning asosiy shartlaridan biridir.

 

Oila mustahkam bo‘lsa — jamiyat barqaror, kelajak esa farovon bo‘ladi.

 

 

 

Zulfiya BERDIMURATOVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi

SUD TIZIMIDA JORIY ETILGAN INTERAKTIV XIZMATLARNING KORRUPTSIYA XAVFINI KAMAYTIRISHDAGI O‘RNI VA AHAMIYATI

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida”gi PF-140-sonli hamda “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi PF-141-sonli Farmon bilan eng avvalo sudlar faoliyatiga sun’iy intelekt texnologiyalarini joriy etish uchun texnik ta’minotni yaxshilash, raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, sudning interaktiv xizmat turlarini kengaytirish orqali korruptsiya xavfini kamaytirish, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratilganligin. Mazkur farmon ijrosi bilan sud ishlarini elektron shaklda yuritish, ishlarni qog’oz shaklidan voz kechish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib boriladi, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizani sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intelekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatlari yaratiladi.

Sud tizimida axborot kommunikatsiya texnalogiyalarini keng joriy etish korruptsion omillarni bartaraf etibgina qolmay balki fuqarolarga qulaylik xamda sudga nisbattan ishonchni ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Bugingi kunda Oliy sud tomonidan joriy etilgan interaktiv xizmatlar tom ma’noda fuqarolar va tadbirkorlik subektlari uchun asosiy foydalaniladigan instrumenga aylanib bormoqda. Buni sudlarda joriy etilgan interaktiv xizmat turlarining kengaytirilishi xamda undan foydalanuvchilarning soni kundan kunga ortib borayotganligining o‘zi misol bo‘la oladi.
Shu bilan birga interaktiv xizmatlar ommalashib borishi bilan sudlarda korruptsion xolatlarning kamayayotganligi, sud tizimida joriy etilgan axborot tizimlari ne chog’lik axamiyatliligini ko‘rsatibgina qolmay ushbu texnalogiyalarni yanada kung joriy etish kerakligini talab etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi PF-140-son farmoniga ko‘ra respublikamizda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilangan:
1. Sud ishlarini yuritishda qog’oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” kontseptsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
2. Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reestrini yuritish;
3. Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
4. Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
5. Sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish;
6. Iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;
7. “Raqamli sudi” kontseptsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
2025 yil yakuniga qadar, tajriba tariqasida Toshkent shahrida “Raqamli sudi” kontseptsiyasi asosida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlisi zallari tashkil etiladi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2025 — 2027 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish uchun quyidagicha dastur tasdiqlandi:
1. 2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish;
2. 2025 yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish;
3. 2026 yil 1 yanvardan boshlab “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik etkazish;
4. 2026 yil 1 martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish.
5. 2026 yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqish kabi vazifalar qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, interaktiv xizmatlar sud tizimida shaffoflikni oshirib, korruptsiyaning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi va fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

 

Berdaq ESENBAEV, 
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi AKT bo‘limi bosh konsultanti

 

SUD FAOLIYATIDA ODOB-AXLOQ: ODIL SUDLOVNING ASOSIY TAMOYILI

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakatimizda odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi va sud hokimiyati qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatdan to‘la mustaqil hisoblanadi. Sudning mustaqilligi – fuqarolarning huquq va manfaatlari adolatli himoya qilinishiga asosiy kafolatdir.

 

So‘nggi yillarda sud ishlari soni ortib, odil sudlovga qo‘yiladigan talablar yanada oshdi. Yangi sharoitlar, yangicha yondashuv va fuqarolarning adolatga bo‘lgan talabi sud-huquq tizimidan yuqori mas’uliyatni talab etmoqda.

 

Shu bois sud faoliyatida tartib-intizom, shaxsiy javobgarlik va xolislik – har bir sudya hamda sud xodimining kundalik ish me’yoriga aylanishi zarur. Chunki sud ostonasiga kelgan har bir inson bu erda adolat hukm surayotganiga ishonch hosil qilishi kerak.

 

Jamiyatda qabul qilingan odob-axloq me’yorlari sud tizimida alohida ahamiyat kasb etadi:

 

Odob – shaxsning xushmuomalaligi va milliy qadriyatlarga tayangan xulqi.

 

Xulq – insonning jamoa va muhitdagi ma’naviy qiyofasi.

 

Axloq – jamiyat uchun ibrat bo‘ladgan xayrli amallar majmuasi.

Intizom – huquqiy va axloqiy talablarga rioya etish, tashkilot qoidalariga mos yurish.

 

 

Sudya ana shu me’yorlarning barchasiga amal qilishi, qonunga va jamoatchilik ishonchiga xilof kelmaydigan xatti-harakatni namoyon etishi shart.

 

 

Sudyaning xizmatda ham, xizmatdan tashqari vaqtda ham qanday o‘zini tutishi lozimligi Sudyalar odob kodeksida belgilab qo‘yilgan. Bu me’yorlar sudyaning huquq va erkinliklarini cheklamaydi, aksincha uning obro‘si, xolisligi va mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Kodeksda ko‘rsatilmagan hollarda esa sudya jamiyatdagi umumiy axloq me’yorlariga va xalqaro standartlarga amal qilishi talab etiladi.

 

Sudya o‘z kasbiy nuqtai nazarini qonunchilik, huquq va sud amaliyotiga oid vaziyatlarda bildirishi mumkin. Biroq bunda uning ustidan ta’sir o‘tkazilishiga, mustaqilligiga shubha tug’ilishiga yo‘l qo‘yilmasligi zarur.

 

Shuningdek, sudya davlat organlari faoliyatini ommaviy tanqid qilishdan tiyilishi, turli komissiya va guruhlar ishida qatnashishi uning xolisligiga putur etkazmasligi kerak.

 

Sud tizimining obro‘si, adolatli qarorlar qabul qilinishi, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi – bevosita tartib-intizom va odob-axloqqa bog’liq. Shu bois bu qoidalarga nafaqat sudyalar, balki sud xodimlari ham qat’iy amal qilishlari kerak. Chunki ular kelajakning sudyalari, kelajak adolat posbonlaridir.

 

Sud-huquq tizimidagi tartib, printsip va etika talablari amalga oshirilsa, sudlar o‘z vazifasini to‘la qondira oladi. Bunday yondashuv fuqarolarning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishi, mamlakatda qonuniylik va adolat ustuvor bo‘lishining asosiy kafolatidir.

 

 

 

Zulfiya BERDIMURATOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi

KORRUPSIYA – YOSHLAR KELAJAGIGA TAHDID SOLUVCHI ILLAT

 

 

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan «Korrupsiya – yoshlar kelajagiga tahdid soluvchi illat» mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i B.Matmuratov, Jinoyat ishlari bo’yicha Qorao’zak tumani sudining tergov sudyasi R.Matqurbanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy axborot sektori bosh maslahatchisi M.Xo‘jametova, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Qidirniyazov, shuningdek, universitetning barcha fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Ushbu tadbir mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish, ularda vatanparvarlik fazilatlarini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim tadbirga aylandi. Tadbirni universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alawatdinov ochib berdi va olib bordi. U o‘z nutqida joriy yilning 5-mart kuni Hurmatli Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlarning samaradorligi va oldindagi muhim vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ilgari surilgan topshiriqlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, korrupsiya nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga, balki jamiyatda adolat tamoyillarining buzilishiga, aholining qonunlarga bo‘lgan ishonchi pasayishiga va eng achinarlisi, yosh avlod ongida qonunlarga hurmatsizlik tushunchasi shakllanishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

 

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi ekanligi, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazishi, davlatning konstitutsiyaviy asoslari va qonun ustuvorligi, shu bilan birga inson huquq va erkinliklari ta’minlanmasligiga olib kelishi, shu bois mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning aniq tizimi yaratilganligi, bu borada ko‘plab qarorlar, farmonlar, qonunlar qabul qilinayotganligini aytib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishda profilaktik targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramasdan korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar yuz berayotganligini aniq faktlar bilan keltirib o‘tdi.

 

 

Ma’ruzachilar korrupsiya jinoyatining tushunchasi, bu illatning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha takliflarini bildirdi va har bir xodimning vatanga, o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbatini mustahkamlash, turli salbiy harakatlarning oldini olish, professor-o‘qituvchilar o‘zlarini ilm-fanni rivojlantirishga bag‘ishlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda huquqiy ong va madaniyatni, dunyoviy, ilmiy va axloqiy darajasini oshirish hamda shakllantirish har bir universitet xodimining vazifasi ekanligini ta’kidladi. Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan tayyorlangan videoroliklar yig‘ilganlarga taqdim etildi.

 

QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI SUDIDA MA’RIFAT SOATI: USTOZLARDAN SABOQ

 

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lida muhim islohotlar amalga oshirilayotgan bugungi kunda soha faxriylarining o‘rni beqiyosdir. Ularning uzoq yillar davomida to‘plagan boy tajribasi, hayot va mehnat yo‘lida orttirgan bilimlari yosh kadrlar uchun haqiqiy mahorat maktabidir. Shu bois sud tizimida keksa avlod va yoshlar o‘rtasida izchil muloqotni yo‘lga qo‘yish, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash ezgu va samarali tadbirlardan biriga aylandi.

 

 

O‘zbekiston sudyalari assosatsiatsiyasi va sud organlari hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan ma’rifat soati doirasidagi “Keksa avlod uchrashuvlari” ana shunday tashabbuslar sirasiga kiradi. Navbatdagi tadbir Qoraqalpog’iston Respublikasi sudida bo‘lib o‘tdi. Tadbirga Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi, ko‘p yillik tajribaga ega sud faxriysi Paraxat Aytniyazov mehmon sifatida taklif etildi.

 

 

 

 

 

Uchrashuv davomida mehnat faxriysi o‘zining hayot yo‘li, sud tizimida bosib o‘tgan mas’uliyatli faoliyati haqida atroflicha so‘zlab berdi. U yosh sudyalar va xodimlarga murojaat qilib, odil sudlovni qaror toptirish — nafaqat kasbiy burch, balki oliy insoniy mas’uliyat ekanini alohida ta’kidladi.

 

Paraxat Aytniyazov sudyaning asosiy fazilatlari sifatida halollik, poklik, qat’iyat, betaraflik va insonparvarlikni qayd etdi. Ayniqsa, bugun korruptsiyaga qarshi kurash avj olgan bir sharoitda har bir xodim o‘z faoliyatida manfaatdorlik, ta’magirlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart ekanligiga to‘xtalib o‘tdi.

 

– “Sudya odil bo‘lishi uchun avvalambor o‘z vijdoni, o‘z qasami, o‘z mas’uliyati oldida toza bo‘lishi kerak. Sud mustaqilligini ta’minlash ham aynan shu poklikdan boshlanadi,” — dedi sud faxriysi.

 

Uchrashuv jarayonida ustoz sohaga yangi kirib kelayotgan yoshlarga tartib-intizomli bo‘lish, xizmat madaniyati va kasbiy odob qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini ham uqtirdi. Shundan so‘ng, o‘zining amaliy tajribasidan kelib chiqib, oddiy vaziyatlarda ham qonun ustuvorligini ta’minlashda qat’iyat va adolatni qo‘ldan boy bermaslik muhimligini misollar bilan bayonlab berdi.

 

 

 

Yosh xodimlar ustozning fikrlarini katta qiziqish bilan tinglab, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Tadbir soxa vakillari uchun nafaqat ma’rifat, balki hayotiy o‘zgarishlarga turtki beruvchi samarali suhbat sifatida xizmat qildi.

 

Skip to content