BOLA HUQUQI — QONUN HIMOYASIDA
Bolalik — bu inson hayotining eng beg‘ubor, eng orzuga to‘la davri. Har bir bola o‘qish, o‘ynash, orzu qilish huquqiga ega. Ammo dunyoning ayrim nuqtalarida, afsuski, bolalik mehnat, majburiyat va zo‘ravonlik soyasida o‘tmoqda. Shu bois bugungi kunda bolalarni majburiy mehnatdan himoya qilish masalasi nafaqat ijtimoiy, balki huquqiy va axloqiy ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi O‘zbekiston sharoitida bu boradagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatimiz bolalar mehnatini tugatish, ularning huquqlarini xalqaro mezonlarda himoya qilish yo‘lida sezilarli natijalarga erishdi. Endi bola mehnatkash emas — kelajagimiz, xalqimiz faxri sifatida e’tirof etiladi.
Bolalar huquqlarini himoya qilish masalasi jahon hamjamiyati diqqat markazida. 1959-yilda qabul qilingan Bola huquqlari deklaratsiyasi va 1989-yilda tasdiqlangan Bola huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasi bugungi kunda eng ko‘p ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjatlardan biridir.
O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga 1992-yil 9-dekabrda qo‘shilgan va shundan buyon xalqaro majburiyatlariga sodiqligini amalda ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatimiz bu borada BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga muntazam ravishda hisobotlar taqdim etadi, tavsiyalarni milliy qonunchilikda aks ettiradi.
So‘nggi yillarda bola huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bola manfaatlari ustuvorligi konstitutsiyaviy tamoyil sifatida mustahkamlandi. Bugungi kunda bu yo‘nalishda 50 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari amalda.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri — bolalar mehnatiga chek qo‘yilishi. 2017-yildan boshlab O‘zbekistonda bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Majburiy mehnatga qarshi ichki mexanizmlar yaratildi, nazorat tizimi kuchaytirildi.
Bugun O‘zbekiston qonunchiligi bolalar mehnatidan foydalanish yoki ularni majburan ishlatish uchun qat’iy javobgarlikni belgilaydi.
Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, bunday harakatlar uchun ma’muriy hamda jinoiy jazo choralari nazarda tutilgan. Ushbu choralar amalda o‘z samarasini berdi: xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning bolalar mehnatiga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatini e’tirof etmoqda.
2023-yil 11-aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qonun bu yo‘nalishda muhim qadamlardan biridir.
Endilikda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni yengillashtirish yoki muddatidan oldin ozod qilish kabi imtiyozlar bekor qilindi, bunday jinoyatlar uchun jazolar og‘irlashtirildi.
Bugungi kunda bola huquqlarini himoya qilish — nafaqat davlat, balki butun jamiyatning mas’uliyati. Har bir ota-ona, har bir pedagog, har bir fuqaro bola huquqini asrashda o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.
Bola – bu kelajak. Uning orzulari puch bo‘lmasligi, hayoti baxtli va erkin bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish — Yangi O‘zbekistonning eng yuksak maqsadlaridan biridir. Chunki bolalar bizga ishonadi. Ular bizdan himoya, mehr va imkon kutadi.
Saodat QAYPNAZAROVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi






