O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi.
U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiydir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, 110-modda
Sud tizimi
O‘zbekiston Respublikasida:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi;
harbiy sudlar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari;
fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari; jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari;
tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari; tuman (shahar) ma’muriy sudlari faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasida ishlarning toifalariga qarab sudlarning ixtisoslashuvi amalga oshirilishi mumkin.
Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sudning vazifalari
O‘zbekiston Respublikasida sud O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va boshqa qonunlarida, inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda e’lon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishga da’vat etilgan.
Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgandir.
Sud hokimiyatining mustaqilligi
Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Sud hujjatlarining majburiyligi
Sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart.
Qonun va sud oldidagi tenglik
O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun va sud oldida tengdir. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ham qonun va sud oldida tengdir.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган 2024 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi