KORRUPTSIYA OQIBATIDA ETKAZILGAN ZARARNI UNDIRISH: SUD AMALIYOTI TAHLILI

 

Korruptsiya bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti, davlat boshqaruvi samaradorligi va qonun ustuvorligiga jiddiy xavf tug’dirayotgan eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. U davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, demokratik qadriyatlar, adolat tamoyillari va fuqarolarning huquq hamda erkinliklariga putur etkazadi. Shuningdek, korruptsiya iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi, investitsion muhitning jozibadorligini pasaytiradi, davlat boshqaruvi tizimiga bo‘lgan ishonchni susaytiradi.

 

Ta’kidlash joizki, korruptsiya dunyoning deyarli barcha davlatlarida uchraydigan global muammo hisoblanadi. Uning ko‘lami va shakllari turlicha bo‘lishi mumkin, biroq oqibatlari har doim jamiyat manfaatlariga zid bo‘ladi. Xalqaro tashkilotlar va davlatlar tomonidan mazkur illatga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, korruptsiya hali ham jiddiy tahdid sifatida saqlanib qolmoqda.

 

“Korruptsiya” atamasi lotincha “ corruptio” — “buzmoq”, “izdan chiqarmoq” ma’nolarini anglatadi. U odatda mansabdor shaxsning o‘z xizmat vakolatlari va mavqeidan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini ifodalaydi. Korruptsiyaviy harakatlar natijasida davlat, jamiyat, yuridik va jismoniy shaxslarga katta miqdorda moddiy va ma’naviy zarar etkaziladi.

 

Korruptsiyaga qarshi kurashish faqatgina aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish bilan cheklanmaydi. Bu jarayonning muhim tarkibiy qismi sifatida korruptsiya oqibatida etkazilgan zararni qoplash, noqonuniy orttirilgan daromadlarni qaytarish va davlat hamda jamiyat manfaatlarini tiklash masalalari ham alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur vazifalarni amalga oshirishda sudlar hal qiluvchi o‘rin tutadi.

 

Sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, korruptsiyaviy jinoyatlar bo‘yicha ko‘riladigan ishlarda etkazilgan zararni undirish masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida baholanadi. Pora olish, pora berish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, o‘zlashtirish va rastrata kabi jinoyatlar natijasida davlat yoki boshqa shaxslarga etkazilgan zarar jinoyat ishi doirasida yoki alohida fuqarolik da’vosi tartibida undiriladi. Bunda zarar miqdori, qoida tariqasida, moliyaviy auditlar, buxgalteriya hujjatlari, ekspertiza xulosalari va boshqa dalillar asosida aniqlanadi.

 

Sud amaliyotida shakllangan muhim yo‘nalishlardan yana biri regress tartibida zararni undirish hisoblanadi. Ayrim hollarda davlat organlari yoki tashkilotlar jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni o‘z mablag’lari hisobidan qoplaydi. Keyinchalik ushbu mablag’lar aybdor mansabdor shaxslardan regress tartibida undiriladi. Bu esa davlat mablag’larining asossiz sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.

 

Korruptsiyaviy jinoyatlar bo‘yicha sudlar tomonidan noqonuniy orttirilgan daromadlarni musodara qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bunda faqat bevosita etkazilgan zararni qoplash bilan cheklanilmay, korruptsiya natijasida orttirilgan mol-mulk, pul mablag’lari va boshqa aktivlarni davlat foydasiga o‘tkazish choralari ko‘riladi. Bu esa jinoyat orqali boyishga intilishning oldini olishda muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi.

 

Korruptsiya tufayli etkazilgan zararni qoplashning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida mustahkam belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko‘ra, shaxsning g’ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi natijasida etkazilgan zarar to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Ushbu qoida korruptsiya oqibatida etkazilgan zararlarga ham to‘liq tatbiq etiladi.

 

Shu bilan birga, amaliyotda ayrim muammolar ham uchrab turadi. Xususan, aybdor shaxslar tomonidan mol-mulklarni boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirib qo‘yish, mablag’larni yashirish yoki xorijga olib chiqib ketish holatlari zararni undirish jarayonini murakkablashtiradi. Bunday vaziyatlarda xalqaro huquqiy hamkorlik mexanizmlari, davlatlararo huquqiy yordam to‘g’risidagi shartnomalar hamda aktivlarni qaytarishga qaratilgan maxsus tartib-taomillar muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Fuqarolarning huquqlari korruptsiya natijasida bevosita buzilgan va ularga ma’naviy zarar etkazilgan hollarda sudlar tomonidan ma’naviy zararni undirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Bu inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

 

Korruptsiya oqibatida etkazilgan zararni undirish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash asosan Majburiy ijro byurosi organlari zimmasiga yuklatilgan. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ayrim hollarda zararni qisqa muddatlarda to‘liq undirish imkoniyati mavjud bo‘lmaydi. Buning sabablari sifatida aybdor shaxslarning mulklarini yashirishi, boshqa shaxslar nomiga o‘tkazishi yoki aktivlarni mamlakat tashqarisiga chiqarib yuborishi kabi holatlarni keltirish mumkin.

 

Sudlarda ko‘rilayotgan ishlar tahlili korruptsiyaviy jinoyatlar asosan ijtimoiy va moliyaviy resurslar katta aylanadigan sohalarda sodir etilayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi, sog’liqni saqlash sohasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, qurilish hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi tarmoqlarida mazkur turdagi huquqbuzarliklar nisbatan ko‘proq uchramoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, korruptsiya nafaqat davlat va jamiyat manfaatlariga, balki iqtisodiy taraqqiyot va aholining davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga ham jiddiy zarar etkazadi. Shu bois korruptsiyaga qarshi murosasiz kurashish, uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, aybdor shaxslarning etkazgan zararini to‘liq qoplashni ta’minlash hamda sud qarorlarining samarali ijrosiga erishish huquqiy davlat qurishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

 

Gulrano ABINIYAZOVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng’irot tumanlararo sudi sudyasi