SUD TIZIMI ISLOHOTLARI IZCHIL DAVOM ETMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026 yil 8 iyun kuni «Sudlarda komplaens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g’risida»gi Farmon imzolandi.
Mazkur Farmon sud organlarining ichki boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, unda uchta muhim maqsad belgilab berilgan.
Birinchi maqsad — sudlarda korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning professional tizimini joriy etish orqali korruptsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish.
Ikkinchi maqsad — sud apparatiga ishga qabul qilishda shaffof tartib-taomillarga asoslangan ochiq tanlov hamda meritokratiya tamoyilini joriy etish.
Uchinchi maqsad — sud tizimiga jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va sud organlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning amaliy ishtirokchisiga aylantirish.
Farmonda belgilangan vazifalar quyidagi to‘rt asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:
— sud apparati xodimlari o‘rtasida korruptsiyaning oldini olish;
— Komplaens nazorat xizmatini tashkil etish;
— sudyalar korpusida korruptsiyaga murosasizlik madaniyatini shakllantirish;
— Farmon ijrosini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq muddatlar, mas’ul idoralar va amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi «yo‘l xaritasi» belgilangan.
Farmonning eng muhim tashkiliy yangiliklaridan biri — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparatida Komplaens nazorat xizmatini tashkil etishdir. Mazkur xizmat Oliy sud raisiga bevosita bo‘ysunadi va 3 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida jami 15 ta komplaens inspektori lavozimini joriy etish nazarda tutilgan.
Komplaens nazorat xizmatining asosiy vazifalariga korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, kasb etikasi qoidalariga rioya etilishini doimiy monitoring qilish, ishga qabul qilish jarayonida oshkoralik va xolislikni ta’minlash, shuningdek, xodimlar va ularning oila a’zolari — turmush o‘rtog’i hamda voyaga etmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini yuritish kiradi.
Farmon bilan sud apparatini boshqarishda yangi yondashuv — HR-meritokratik tamoyillarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, «vacancy.sud.uz» portalini ishlab chiqish va ishga tushirish nazarda tutilgan. Mazkur platforma orqali sud apparatidagi barcha bo‘sh lavozimlar ochiq va raqobatli tanlov asosida e’lon qilinadi. Nomzodlar sun’iy intellekt yordamida saralash, test sinovlari hamda kasbiy ko‘nikmalarni baholash bosqichlaridan o‘tkaziladi.
«SudHR» elektron platformasi esa sud tizimida xodimlar bilan ishlashning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan. U orqali xodimlar faoliyati monitoringi, ularning kasbiy o‘sish traektoriyasi, malaka oshirish rejalari va samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash jarayonlari raqamli, shaffof va ob’ektiv tarzda amalga oshiriladi.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlar rivojlangan davlatlar sud tizimining ilg’or va sinovdan o‘tgan tajribasini milliy sud tizimiga moslashtirish, korruptsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga ko‘tarish, korruptsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda samarali ichki nazorat mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Ibrayim ALLANIYAZOV
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudining tergov sudyasi






