HOMIYLIK VA VASIYLIK BO‘YICHA SUD AMALIYOTI: HUQUQIY ASOSLAR VA DOLZARB MASALALAR

 

Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish har qanday huquqiy davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, voyaga etmaganlar, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlarini ta’minlashda vasiylik va homiylik instituti muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur institut nafaqat ijtimoiy muhofaza vositasi, balki inson huquqlarini ta’minlashning samarali huquqiy mexanizmi ham hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga muvofiq, davlat etim bolalarni va ota-ona qaramog’idan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi hamda bolalarning huquqlarini himoya qiladi. Ushbu konstitutsiyaviy norma vasiylik va homiylik munosabatlarini tartibga soluvchi barcha huquqiy mexanizmlarning asosini tashkil etadi.

 

Vasiylik va homiylikka oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining vasiylik va homiylik sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.

 

Fuqarolik kodeksining tegishli normalariga ko‘ra, vasiylik o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga etmaganlar hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga nisbatan belgilanadi. Homiylik esa o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga etmaganlarga, shuningdek, muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan o‘rnatiladi.

 

Sud amaliyotida mazkur toifadagi ishlar asosan fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish, muomala layoqatini cheklash, vasiy yoki homiy harakatlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish hamda vasiylik va homiylik bilan bog’liq nizolarni hal etish bilan bog’liq hollarda uchramoqda.

 

Amalda sudlar tomonidan ko‘rilayotgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g’risidagi ishlar alohida ehtiyotkorlik bilan ko‘rib chiqilishi lozim. Chunki bunday qaror insonning bir qator fuqarolik huquqlarini mustaqil amalga oshirish imkoniyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli sudlar mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasi, tibbiy hujjatlar va boshqa dalillarni har tomonlama baholaydi.

 

Fuqarolik protsessual qonunchiligiga muvofiq, shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish bilan bog’liq ishlar alohida ish yurituv tartibida ko‘riladi. Bunda sudning asosiy vazifasi nafaqat huquqiy faktni aniqlash, balki inson huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashdan iboratdir.

 

Sud amaliyotida voyaga etmagan bolalar manfaatlari bilan bog’liq masalalar ham muhim o‘rin egallaydi. Bola huquqlari to‘g’risidagi Konventsiya talablaridan kelib chiqqan holda, har qanday qaror qabul qilishda bolaning eng yaxshi manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun sudlar vasiy yoki homiyni aniqlashda nomzodning shaxsiy fazilatlari, yashash sharoiti, bolaga bo‘lgan munosabati hamda uning tarbiyasi uchun yaratilgan imkoniyatlarni sinchiklab baholaydi.

 

Ayrim hollarda vasiy yoki homiy tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari ham uchrab turadi. Xususan, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini boshqarishda qonun talablariga rioya etmaslik yoki uning manfaatlariga zid harakat qilish holatlari aniqlanganda, sudlar qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli huquqiy choralarni qo‘llaydi.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug’lash va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar natijasida vasiylik va homiylik organlari hamda sudlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada takomillashtirildi. Bu esa mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha qarorlarning qonuniyligi va adolatliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, vasiylik va homiylik instituti inson huquqlarini ta’minlashning muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi. Sudlar tomonidan ushbu toifadagi ishlar Konstitutsiya, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsiplari asosida ko‘rib chiqilishi huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir. Bu jarayonda har bir qarorning markazida inson manfaati, ayniqsa bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning huquqlari turishi lozim.

 

 

Sarbinaz OPAEVA,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining sudyasi