MUROJAATLAR — ADOLAT KO‘ZGUSI: SUD TIZIMIDA YANGICHA MUNOSABATLAR DAVRI

 

Bugungi kunda davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Endi «fuqaro davlat uchun emas, davlat fuqaro uchun» degan shior real haqiqatga aylanmoqda. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa, sud tizimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ilgari sud muassasalari ko‘pchilik uchun «yopiq qo‘rg’on» sifatida qabul qilinar edi. Odamlar o‘z muammolari bilan sudga murojaat qilishdan cho‘chir, sud jarayonlarining murakkabligi esa ularni charchatar edi. Bugungi islohotlarning asosiy maqsadi esa — inson qadrini ulug’lash, adolatni har bir insonning qalbi va xonadoniga olib kirishdan iborat.

Raqamlashtirish — adolatning yangi kuchi

Sud tizimidagi «Yangi davr»ni raqamlashtirishsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. «E-SUD» elektron hujjat almashish tizimi, sud majlislarini onlayn translyatsiya qilish, sud hujjatlarini elektron shaklda olish kabi imkoniyatlar fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olmoqda. Eng muhimi, murojaatlarni «inson omili»siz ko‘rib chiqish korruptsiya xavfini keskin kamaytiradi.

Endilikda fuqaro o‘z murojaatining qaysi bosqichda ekanligini, uning ijrosi kimga yuklatilganini masofadan turib kuzatish imkoniyatiga ega. Bu — sudga bo‘lgan ishonchni tiklashning eng ishonchli yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Muammolarga echim — mahallada

Sud tizimida aholi muammolarini hal etishning eng samarali yo‘li sifatida sayyor qabullar amaliyoti keng joriy etildi. Sudyalarning o‘zlari fuqarolarning yashash joylariga, mahallalarga chiqib, ularning dard-tashvishlarini tinglashi, joyida huquqiy tushuntirish berishi yoki muammolarni sud tartibida hal etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi yuzlab insonlarning hayotini engillashtirmoqda.

Bunday muloqotlarda odamlar nafaqat qonuniy echimni, balki o‘zlariga nisbatan e’tibor va g’amxo‘rlikni ham his qilmoqda. Zero, adolat nafaqat sud zalida, balki insonlarning roziligida, ularning muammolari o‘z vaqtida hal etilishida ham namoyon bo‘ladi.

Yangi davr — yuksak mas’uliyat

Bugungi kunda sud tizimi xodimlari oldiga qo‘yilayotgan talablar ham o‘zgardi. Endilikda sudya yoki sud apparati xodimi faqat hujjatlarni rasmiylashtiruvchi emas, balki muammoni chuqur his etadigan, qonun doirasida insonparvar qaror qabul qila oladigan shaxs bo‘lishi ham talab etilmoqda.

Albatta, tizimda hali kamchiliklar, muammolar mavjud. Lekin eng muhimi — bugungi sud tizimi kamchiliklarni yashirmasdan, ularni ochiq muhokama qilmoqda va bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Xulosa qilib aytganda, murojaatlar bilan ishlashdagi ushbu «yangi davr» — xalqning davlatga, adolatga bo‘lgan ishonchining ortishi demakdir. Adolatli sudlov esa — kuchli jamiyat va taraqqiy etgan davlatning asosidir.

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

Gulmira BAYNAZAROVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi