TABIIY RESURSLARGA EGALIK QILISH HUQUQINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK HAMDA YER UCHASTKALARIGA QONUNIY EGALIK QILISH TARTIBI
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlarini tartibga solish, yer resurslaridan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash hamda ushbu sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan keng koʻlamli huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yer uchastkalarini ajratish tizimining raqamlashtirilishi, ochiq elektron auksion mexanizmlarining joriy etilishi hamda davlat yer nazoratining zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, amaliyotda yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz qurilish ishlarini amalga oshirish yoki yerdan belgilangan maqsadga zid ravishda foydalanish holatlari hamon uchrab turibdi. Bunday qonunbuzarliklar nafaqat yer munosabatlarida qonuniylik tamoyiliga putur yetkazadi, balki davlat va jamiyat manfaatlariga, shuningdek boshqa shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shu bois tabiiy resurslarga egalik qilish huquqini muhofaza qilish, yer uchastkalariga nisbatan huquqlarning qonuniy asoslarda vujudga kelishini taʼminlash hamda mazkur sohada huquqbuzarliklarning oldini olish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida yer munosabatlari qonunchilik bilan qatʼiy tartibga solingan boʻlib, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar va tartiblarga muvofiq vujudga keladi. Bugungi kunda yer uchastkalarini olishning eng asosiy mexanizmi elektron onlayn-auksion tizimi hisoblanadi. Ayrim hollarda esa qonunchilikda belgilangan tartibda xususiylashtirish orqali ham yer uchastkalariga mulk huquqi rasmiylashtirilishi mumkin.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ogʻzaki kelishuvlar, huquqiy kuchga ega boʻlmagan hujjatlar yoki turli vaʼdalar yer uchastkasiga nisbatan huquqni vujudga keltirmaydi. Yer uchastkasidan foydalanish yoki unda qurilish ishlarini boshlash faqat vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan huquq mavjud boʻlgan taqdirdagina qonuniy hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida yer va boshqa tabiiy resurslarga oid huquqbuzarliklar uchun qatʼiy javobgarlik belgilangan.
Jumladan, yerdan, suvdan, oʻsimlik yoki hayvonot dunyosidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlarni sodir etish, shuningdek tabiatdan maxsus foydalanish huquqini boshqalarga berish fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qoʻllashga sabab boʻladi.
Shuningdek, yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olish yoki unga nisbatan qonuniy huquq mavjud boʻlmagan holda undan foydalanish fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, mansabdor shaxslar uchun esa 70 baravari miqdorida jarima qoʻllanilishiga asos boʻladi.
Qonunchilik yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan holda qurilish ishlarini amalga oshirishga nisbatan yanada qatʼiy yondashuvni belgilagan. Bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, mansabdor shaxslarga esa 400 baravari miqdorida jarima tayinlanishi mumkin.
Koʻrinib turibdiki, qonunchilikda belgilangan mazkur taʼsir choralari birinchi navbatda yer munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash, davlat va jamiyat manfaatlarini muhofaza qilish, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-sentyabrdagi PQ–287-sonli qarori bilan yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda davlat yer nazoratini raqamlashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi.
Mazkur qarorga muvofiq, Kadastr agentligining «E-YER NAZORAT» axborot tizimi davlat yer nazoratini amalga oshirishning yagona elektron platformasi etib belgilandi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab yer qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ular boʻyicha tegishli choralar koʻrishga doir vazifalar asosan mazkur tizim orqali amalga oshirilmoqda.
Tizim kosmik suratlar, aerokosmik monitoring hamda davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan boʻlib, yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish va yerdan maqsadsiz foydalanish holatlarini qisqa muddatlarda aniqlash imkonini beradi.
Shuningdek, «Oʻzbekkosmos» agentligi tomonidan yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida muntazam aerokosmik monitoring oʻtkazilib, huquqbuzarliklar ehtimoliga qarab hududlar «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratiladi. Bu esa davlat nazorati samaradorligini yanada oshirish bilan birga huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Amaliyot shuni koʻrsatadiki, koʻplab huquqbuzarliklar fuqarolarning huquqiy bilimi yetarli emasligi yoki turli ogʻzaki kelishuvlarga ishonishi natijasida sodir etilmoqda. Ayrim hollarda yer uchastkasiga nisbatan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilmasdan qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Bu esa keyinchalik moliyaviy zararlar, maʼmuriy javobgarlik va turli sud nizolariga sabab boʻladi.
Shu sababli har bir fuqaro yer uchastkasini sotib olish yoki undan foydalanishdan oldin uning huquqiy maqomini sinchiklab tekshirishi zarur. Xususan, yer uchastkasi elektron onlayn-auksion orqali ajratilganligi yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga muvofiq rasmiylashtirilganligi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi hamda huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligiga ishonch hosil qilinishi lozim.
Bundan tashqari, yer xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan taqdirda ham, uning ayrim qismlarida shaharsozlik, sanitariya, ekologiya yoki muhandislik kommunikatsiyalari bilan bogʻliq cheklovlar mavjud boʻlishi mumkin. Shuning uchun qurilish ishlarini boshlashdan avval vakolatli tashkilotlardan tegishli xulosa va ruxsatnomalarni olish huquqiy xavflarning oldini olishning eng samarali usuli hisoblanadi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, yer munosabatlarida qonuniylikka qatʼiy rioya qilish huquqiy davlatning muhim talablaridan biridir. Yer uchastkalarini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻlga kiritish, ulardan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek har qanday qurilish ishlarini tegishli ruxsatnomalar asosida amalga oshirish fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan birga, yer resurslaridan oqilona foydalanish va kelajak avlodlar uchun ushbu boylikni asrab-avaylashga xizmat qiladi.
Dawletbay RAZOV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi






