YANGI KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARNING AMALIY ASOSI SIFATIDA

 

2025 yil 9 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ‑1067‑sonli Qonun — mamlakatda demokratik jamiyat qurish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish, shuningdek, sud hokimiyati mustaqilligini amalda ta’minlashga qaratilgan asosiy normativ-huquqiy hujjatlardan biridir.

 

 

Mazkur qonun bilan qator muhim yo‘nalishlarda, xususan jinoyat-protsessual, sud tizimi, inson huquqlari himoyasi va advokatura faoliyatiga oid qonun hujjatlariga tub o‘zgarishlar kiritildi.

 

 

Qonunning asosiy maqsadi — Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan demokratik prinsiplarni huquqiy normalar shaklida hayotga tadbiq etishdir. Qonun quyidagi sohalarda islohotlar olib borishga qaratilgan:

 

  • Sudlar faoliyatining mustaqilligini kuchaytirish;
  • Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini oshirish;
  • Adolatli sud muhokamasi tamoyillarini kuchaytirish;
  • Advokatura institutining huquqiy maqomini mustahkamlash.

Bu yo‘nalishlar orqali konstitutsiyaviy qadriyatlar — inson sha’ni, qadr-qimmati, erkinligi va sud adolati amaliy mexanizmlarga aylantirildi.

 

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan eng asosiy o‘zgarishlardan biri —sukunat huquqining aniq huquqiy asosga ega bo‘lishidir. Endilikda:

 

  • Har bir gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sukunat saqlash huquqiga ega, va bu holat unga qarshi dalil sifatida ishlatilmaydi;
  • Shaxs o‘zining aybini tan olgan bo‘lsa ham, bu yagona asos sifatida sud hukmini chiqarishga yetarli bo‘lmaydi;
  • Advokatning ishtirokisiz berilgan har qanday ko‘rsatmalar qonuniy hisoblanmaydi.

Bu esa O‘zbekistonni xalqaro inson huquqlari standartlariga yaqinlashtirishda muhim qadam bo‘ldi.

 

Qonunning yana bir muhim jihati — shaxsning o‘zi va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi aniq belgilab qo‘yilganidir. Bu huquq quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

 

  • Gumon qilinuvchi o‘zini oqlashga majbur emas;
  • Uning ota-onasi, farzandlari, turmush o‘rtog‘i, aka-ukalari yoki boshqa yaqin qarindoshlari ham ularning roziligisiz guvohlik berishga majbur emaslar;
  • Sud organlari ushbu huquqlarning buzilmasligini kafolatlaydi.

Bu o‘zgarish — insonning daxlsizligi va oila institutining huquqiy himoyasi nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega.

 

Qonun bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida:

 

  • Sudyalar o‘z faoliyatida faqat qonunga bo‘ysunadi, ularga nisbatan siyosiy yoki ma’muriy bosim o‘tkazish qat’iyan taqiqlanadi;
  • Sudyani bir ishni ko‘rishdan chetlashtirish, lavozimidan vaqtincha olib qo‘yish yoki boshqa ishga o‘tkazish faqat qonun asosida bo‘lishi mumkin;
  • Sud qarorlarining qonuniyligi, asoslanganligi va adolatliligi — sud hokimiyati nufuzining mezonidir.

Bu sud tizimining mustaqilligini mustahkamlab, sudlarning fuqarolar ishonchini qozonishiga xizmat qiladi.

 

O‘RQ‑1067‑sonli Qonun — nafaqat sud tizimini, balki butun huquqiy davlatni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Qonunning ijtimoiy va huquqiy ahamiyatini quyidagicha umumlashtirish mumkin:

  • Inson huquqlarini xalqaro darajada himoya qilishga yo‘l ochildi;
  • Fuqarolar va sud o‘rtasida ishonch mustahkamlandi;
  • Konstitutsiyaviy tamoyillar amaliyotga tatbiq etila boshlandi;
  • Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining qonuniyligi oshirildi.

Qonun — Konstitutsiyada nazarda tutilgan normalarning «qog‘ozda qolib ketmasligi», balki ularning real hayotda ishlashini ta’minlovchi vosita bo‘ldi.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘RQ‑1067‑sonli Qonun — O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, adolatli sud muhokamasini kafolatlash va sud tizimi mustaqilligini amalda ta’minlash borasida muhim burilish nuqtasini anglatadi. Ushbu qonun — yangi Konstitutsiya ruhini qonunchilikka tatbiq etishning yorqin namunasi bo‘lib, huquqiy davlat qurilishida amaliy poydevor vazifasini bajaradi.

 

 

 

Alisher AMETOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi