KORRUPSIYA – YOSHLAR KELAJAGIGA TAHDID SOLUVCHI ILLAT

 

 

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan «Korrupsiya – yoshlar kelajagiga tahdid soluvchi illat» mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i B.Matmuratov, Jinoyat ishlari bo’yicha Qorao’zak tumani sudining tergov sudyasi R.Matqurbanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy axborot sektori bosh maslahatchisi M.Xo‘jametova, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Qidirniyazov, shuningdek, universitetning barcha fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Ushbu tadbir mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish, ularda vatanparvarlik fazilatlarini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim tadbirga aylandi. Tadbirni universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alawatdinov ochib berdi va olib bordi. U o‘z nutqida joriy yilning 5-mart kuni Hurmatli Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlarning samaradorligi va oldindagi muhim vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ilgari surilgan topshiriqlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, korrupsiya nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga, balki jamiyatda adolat tamoyillarining buzilishiga, aholining qonunlarga bo‘lgan ishonchi pasayishiga va eng achinarlisi, yosh avlod ongida qonunlarga hurmatsizlik tushunchasi shakllanishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

 

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi ekanligi, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazishi, davlatning konstitutsiyaviy asoslari va qonun ustuvorligi, shu bilan birga inson huquq va erkinliklari ta’minlanmasligiga olib kelishi, shu bois mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning aniq tizimi yaratilganligi, bu borada ko‘plab qarorlar, farmonlar, qonunlar qabul qilinayotganligini aytib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishda profilaktik targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramasdan korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar yuz berayotganligini aniq faktlar bilan keltirib o‘tdi.

 

 

Ma’ruzachilar korrupsiya jinoyatining tushunchasi, bu illatning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha takliflarini bildirdi va har bir xodimning vatanga, o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbatini mustahkamlash, turli salbiy harakatlarning oldini olish, professor-o‘qituvchilar o‘zlarini ilm-fanni rivojlantirishga bag‘ishlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda huquqiy ong va madaniyatni, dunyoviy, ilmiy va axloqiy darajasini oshirish hamda shakllantirish har bir universitet xodimining vazifasi ekanligini ta’kidladi. Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan tayyorlangan videoroliklar yig‘ilganlarga taqdim etildi.