ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISHDA XALQARO HAMKORLIKNING AHAMIYATI

 

Globallashuv jarayoni insonlar, moliyaviy resurslar va axborot oqimining erkin harakatlanishiga yo‘l ochdi. Biroq bu jarayonning salbiy tomonlaridan biri — transmilliy jinoyatlar, xususan odam savdosidir. Inson erkinligi va qadriga qarshi yo‘naltirilgan ushbu jinoyat turiga qarshi kurash nafaqat milliy, balki xalqaro hamkorlikni ham talab etadi.

 

Odam savdosi — bu inson huquqlari va erkinliklariga qarshi yo‘naltirilgan transmilliy jinoyat hisoblanadi. XXI asrdagi eng og’riqli muammolardan biri sifatida, u nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy, balki ma’naviy oqibatlarga ham olib kelmoqda. Shu bois, bu illatga qarshi kurashish va uning oldini olish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

 

Odam savdosiga qarshi kurashishda xalqaro huquqiy mexanizmlar asosiy o‘rin tutadi.

 

BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasi (2000 yil, Palermo) va uning Odam savdosiga qarshi protokoli — bu hujjat odam savdosining aniq ta’rifi va unga qarshi davlatlarning majburiyatlarini belgilab beradi.

 

Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO) tomonidan qabul qilingan 29 va 105-sonli konventsiyalar — majburiy mehnatga qarshi kurashni tartibga soladi.

 

YuNISEF, INTERPOL, IOM, UNODC kabi tashkilotlar — xalqaro miqyosda texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatuvchi muhim hamkorlar hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi so‘nggi yillarda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Jumladan,O‘zbekiston Palermo protokoliga 2008 yilda qo‘shilgan va undagi majburiyatlarni amalga oshirish bo‘yicha milliy qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgan.

 

IOM (Xalqaro migratsiya tashkiloti) bilan hamkorlikda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta moslashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda.

 

Qo‘shni davlatlar (Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston) bilan chegara orqali odam savdosining oldini olish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar tuzilgan.

 

Odam savdosi — bu biror davlatning ichki muammosi emas, balki butun insoniyatning muammosidir. Shu boisdan, odam savdosining oldini olish faqat huquqiy jazo bilan cheklanmasligi kerak. Bu borada aholining huquqiy ongi va ma’rifati muhim ahamiyatga ega.

 

 

 

Ra’no XANPOLATOVA,

fuqarolik ishlari bo’yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi