FUQAROLARNING MEHNAT QILISH HUQUQI QONUN HIMOYASIDA
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 7 ta bo‘lim, 34 ta bob va 581 ta moddadan iborat. «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ-798) Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 28 oktyabr kuni imzolandi.
Yangi kodeks e’lon qilingan kundan boshlab 6 oy o‘tib, ya’ni 2023 yil 30 apreldan kuchga kirdi va jamiyatimizda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solishda muhim o‘rin egallab, shu jumladan fuqarolarimizning mehnat qilish huquqlarini himoya qilib kelmoqda.
Masalan, fuqaro A.J.ning mas’ul Boshqarmaga nisbatan buyruqni bekor qilish, ishga tiklash, majburiy bo‘sh yurgan kunlari uchun ish haqi va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan qisman qanoatlantirilib, A.J.ni o‘z lavozimiga ishga tiklash, majburiy bo‘sh yurgan kunlari uchun ish haqlarini, ma’naviy zarar uchun kompensatsiya pullarini undirish belgilangan. Aniqlangan holatlarga ko‘ra, fuqaro A.J. Boshqarmada ishlab kelib, Boshqarma boshlig‘ining 2024 yil 20 sentyabr kungi 2-sonli buyrug‘i bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 5-bandiga asosan bekor qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 314-moddasi 1-qismiga ko‘ra, intizomiy jazo intizomiy qilmish aniqlanganidan keyin darhol, lekin aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llaniladi, bunda xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan yoki mehnat ta’tilida bo‘lgan davr hisobga olinmaydi. Xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma komissiya tomonidan imzolangan kun xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan intizomiy harakat aniqlangan kun deb hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi Qarori 34-bandi 1 va 5-xatboshilariga muvofiq, Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 4 yoki 5-bandlariga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligi masalasini muhokama qilishda sudlar ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo‘llash uchun belgilangan muddatlarga rioya qilinganligini aniqlaydi.
Boshqarmaning yuqori turuvchi organining 2024 yil 2 avgust kungi 1-sonli buyrug‘iga asosan xodim A.J.ning ish samaradorligi ko‘rsatkichi (KPI) iyul oyi yakuni bilan belgilanganidan past bo‘lganligi sababli mehnat shartnomasini bekor qilish intizomiy jazo chorasini qo‘llash ko‘rsatilgan. Ushbu buyruqqa asosan Boshqarma boshlig‘i tomonidan A.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berishni so‘rab kasaba uyushmasi qo‘mitasiga kiritilgan dastlabki taklifiga rozilik berilmagan. Shundan so‘ng Boshqarma boshlig‘i tomonidan A.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berishni so‘rab kasaba uyushmasi qo‘mitasiga 2024 yil 27 avgust kuni takroriy taqdimnoma kiritilgan. Mazkur taklif kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2024 yil 5 sentyabrdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, A.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berilgan.
Ish beruvchi tomonidan da’vogar A.J.ning 2024 yil iyul oyi yakuni bo‘yicha o‘z faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato-kamchiligi Boshqarmaning yuqori turuvchi organining 2024 yil 2 avgust kungi 1-sonli buyrug‘i bilan aniqlangan vaqtdan boshlab Mehnat kodeksida intizomiy jazo qo‘llash uchun belgilangan bir oylik muddat o‘tganidan so‘ng, intizomiy jazo sifatida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2024 yil 20 sentyabrda bekor qilingan. Yuqoridagi holatlarda ish beruvchi Boshqarma tomonidan mehnat qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 174-moddasi 2-qismiga asosan, o‘zi bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilingan xodimning unga avvalgi ishi taqdim etilishi hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi talablari qanoatlantirilishi lozim. Yuqoridagi misolda keltirilganidek, salbiy holatlarning oldini olish maqsadida har bir ish beruvchini xodimlarning mehnat huquqi sohasidagi qonunchilikka rioya qilishga chaqiraman.
Erkin UTENIYAZOV,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi