SUD TERGOVI TUSHUNCHASI VA UNING HUQUQIY AHAMIYATI

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish sari odimlab borilayotgan bir davrda odil sudlovni ta’minlash, ayniqsa jinoyat sud ishlarini yuritishda alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirda qabul qilinishi mamlakatda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni to‘la va aniq mohiyatini ifoda etgan holda hokimiyatlarning bo‘linish printsipini o‘zida aks ettirib, davlat hokimiyati tizimida sud hokimiyatining haqiqiy ahamiyatini, uning sudlar faoliyatidagi maqsad va vazifalarini hamda jamiyat, davlat va shaxslar huquq va qonuniy manfaatlari himoyasi bo‘yicha ustuvor vazifalarini yaqqol ko‘rsatib berdi.

 

Aytib o‘tadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 130-moddasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritishi, shuningdek 136-moddasida sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunishlari, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yildi.

 

Shuningdek Konstitutsiyamizning 28-moddasida belgilab qo‘yilganidek, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi, bundan tashqari Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasidagi Aybsizlik prezumptsiyasi printsipiga ko‘ra har qanday gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun ham sodir etilgan jinoyat uchun aybdorlikni aniqlash, u bilan bog’liq bo‘lgan jinoiy-huquqiy oqibatlar odil sudlovni amalga oshirish bilan bog’liqdir.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlov faqat sud muhokamasi orqali amalga oshiriladi. Aynan sud muhokamasi jarayoni sudlarga ish holatlarini jinoyat protsessual faoliyatining qat’iy belgilangan qoidalari va unga taalluqli bo‘lgan tamoyillar asosida mustaqil, har taraflama, to‘la va xolisona o‘rganib chiqish imkonini beradi. Shuning uchun ham sud muhokamasi jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish imkonini beruvchi yagona yo‘l hisoblanadi.

Ko‘pchilik yaxshi biladi, ilgari qariyb 80-90 foiz jinoyat ishlari qayta tergovga, qo‘shimcha tergovga yuborilar edi. Endilikda esa bu tartib ya’ni, sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish tartibi qonunchiligimizda bekor qilindi. Bu esa sud va tergov organlarining haqiqatni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish borasidagi mas’uliyatini yanada oshirdi desak mubalog’a bulmaymiz.

Jinoyat shini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida sud muhokamasida ko‘rib chiqish uchun mazkur protsessual asoslarning qonuniyligi, asoslanganligi va etarliligi tekshiriladi.

Shuning uchun sud muhokamasi jinoyat ish yurituvining shunday bir muhim bosqichi hisoblanadiki, unda jinoyat protsessual munosabatlarni o‘z ichiga olgan barcha jinoyat protsessi bosqichlariga oid me’yor va institutlarining yagona vazifaga undovchi tamoyillari hamda qonuniy yo‘nalishlari mantiqiy bog’lanadi. Albatta, sud ish yurituvining har bir bosqichi o‘ziga xos vazifalarni amalga oshiradi hamda ularning har biri o‘z vazifalari, usullari va bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar doirasi va tuzilishiga egadir.

Biroq, ularning hech biri jinoyat ishining asosiy vazifasi – jinoyat alomatlari borligi, ayblilik (aybsizlik), qonun asosida unga javobgarlik belgilash yoki belgilamaslik masalalarini hal eta olmaydi. Shuning uchun sud muhokamasi bosqichida (to‘g’rirog’i-sud tergovida) qonunchilik tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda muayyan vazifalar yuklanib, jinoyat protsessida shaxsning huquqlari, davlat va jamiyatning normal ishlashi kafolatlari belgilab berilganki, ular odil sudlov orqali shaxs, davlat va jamiyatni progressiv rivojlanishini ta’minlaydi.

Shuning uchun sud muhokamasi jinoyat ishidagi holat va faktlarning alohida holda tekshirib chiqilishi va uning asosida qaror qabul qilinishidan iborat bo‘ladi. Dastlabki tergov va surishtiruvdan farqli o‘laroq, sud muhokamasi o‘zgacha sharoitda – og’zaki, oshkora, bevosita va uzviy tartibda ish materiallarining mazmun-mohiyati bilan to‘la tanishgan tomonlarning munozaraviy fikr-mulohazalari hamda iltimosnomalari bilan faol ishtiroki doirasida o‘tkaziladi.

Bugungi kunda sudlar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda har tomonlamalik, to‘la va xolisonalikni ta’minlash, qonuniy asoslangan va adolatli sud qarorlarini faqat har taraflama, to‘la va xolisona ish holatlarini tekshirib, jinoyat ishlari bo‘yicha sud ishlarini yuritishda demokratizm tamoyillarga qat’iy asoslangan holda jinoyat sodir etgan shaxsni fosh etish, aybsiz shaxslarni oqlash hamda holat bo‘yicha javobgarlikni engillashtiruvchi yoxud og’irlashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda qaror qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Sud tomonidan sud muhokamasi davomida dalillarni qonun bilan belgilangan bevosita va sinchkovlik bilan tekshirish, shu jumladan, tergovning to‘la va har taraflama o‘tkazilganligi, unda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni aniqlab, bartaraf etish, tergov organi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, ayblov fikri, himoya fikri va xulosalari hamda sud majlisida olingan dalillarga yondashishi lozim bo‘ladi.

Sud tergovi bu – jinoyat ishi bo‘yicha barcha dalillarni aniqlash va ularni tahlil qilish, shu bilan birga, ishning xolis va ob’ektiv ko‘rib chiqilishini ta’minlashga qaratilgan sud protsessining muhim bosqichidir. Sud tergovi natijalari jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan ayblovni tasdiqlash yoki rad etishga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, sud tergovi qonunchilikka muvofiq tarzda o‘tkazilishi, ya’ni har bir qadam aniq va haqiqiy dalillar asosida amalga oshirilishi kerak.

Jinoyat ishi yuzasidan, jinoyatni sodir etganlikda aybdor bo‘lgan shaxsni aniqlash va ish bo‘yicha dalillarni yig’ishga qaratilgan amaliy ishlarning to‘plami sud tergovi deyiladi. Uning maqsadi jinoyatni aniqlash, aybdor shaxslarni topish, dalillarni tekshirish va ishni sudga taqdim qilishdir.

Sud muhokamasining tayyorgarlik bosqichida mavjud ish holatlari alohida tekshirilmaydi, balki, jinoyat protsessining ushbu bosqichida sud tomonidan ish holatlarini mustaqil, to‘la va har taraflama tekshirilishiga sharoit yaratiladi, protsess ishtirokchilarining qonuniy huquq va manfaatlarini to‘g’ri hal etishga hozirlik ko‘riladi.
Shuning uchun ushbu bosqichda o‘tkaziladigan sud tergovining barcha harakat va qarorlarining to‘laligini ta’minlashga hozirlik ko‘riladi.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksining 429-moddasiga ko‘ra, protsess ishtirokchilarining sudga kelgan-kelmaganligi tekshiriladi, 433-moddasiga ko‘ra, protsess ishtirokchilaridan birortasi kelmaganda jinoyat ishini ko‘rish mumkinligi yoki mumkin emasligi haqidagi masala hal qilinadi.

 

Bundan so‘ng sud Jinoyat-protsessual kodeksining 434-moddasiga asosan sudlanuvchining shaxsini va unga protsessual hujjatlarning nusxalari topshirilgan vaqtini aniqlaydi, sud tarkibini, taraflarni e’lon qilish va rad qilish huquqini tushuntirish sudga nafaqat sud muhokamasi davomida bu masalaga qaytilishini oldini oladi, balki protsess ishtirokchilarining protsessual huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha jinoyat protsessual qonuni talablarini buzilishini va bevosita u bilan bog’liq sud tergovini to‘liq emasligi yoki bir yoqlama o‘tkazilishini oldini oladi.

Sud muhokamasining tayyorlov qismida raislik etuvchi sudlanuvchining shaxsini hamda ushbu shaxsga nisbatan ish yuritishga mone’lik qiluvchi holatlar mavjudligini aniqlamasdan ish boshlay olmasligini ko‘rsatib o‘tish lozim. Shuni ham nazarda tutish kerakki, Jinoyat protsessual kodeksining 438-moddasi mazmunidan kelib chiquvchi sud muhokamasi ishtirokchilarining yangi guvohlar, ekspertlar, mutaxassislarni chaqirish, daliliy ashyo va hujjatlarni talab qilib olish bo‘yicha kiritgan iltimosnomalari bu haqda ariza berilishi bilan bir vaqtda muhokama qilinishi va hal etilishi lozim. Ushbu qoidalar asosida sud muhokamasi ishtirokchilarining doirasi va ish holatlari (jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisiga ishda qatnashishga ruxsat berish, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish, ishni to‘xtatish yoki ko‘rishni qoldirish, ishni qo‘shimcha tergovga qaytarish, tugatish va h.k.)da berilgan va kiritilgan iltimosnomalar sud muhokamasining boshlang’ich qismida ham, sud tergovi davomida ham hal etiladi.

Sud muhokamasining tayyorlov qismini ikkinchi darajali bosqich hisoblab, bu bosqichda sud faqat tayyorlash-tashkiliy vazifalarini bajaradi, shuning uchun ba’zi protsessual qoidalardan chetga chiqish mumkin, degan qarash xato bo‘ladi.

Sud tergovi bilan sud muhokamasining bir qismi hisoblangan taraflar muzokarasi ham o‘zaro bog’liq bo‘lib, taraflar o‘z chiqishlarida sud tergovi davomida bevosita tekshirilgan dalilarga tayanish, tahlil etish va baho berish huquqlariga ega. Basharti taraflar muzokaradagi nutqlarida yoki sudlanuvchining oxirigi so‘zida ish uchun muhim ahamiyatga molik yangi holatlar to‘g’risida gapirsalar yoki muqaddam tekshirilmagan, lekin ishga aloqador bo‘lgan dalillarni keltirsalar, sud taraflarning iltimoslariga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan sud tergovini yangidan boshlash to‘g’risida ajrim chiqaradi.

Sud tergovi davomida tekshirilgan hujjatlarga asoslangan holda taraflar muzokarada sudlanuvchiga qo‘yilayotgan aybga ijtimoiy huquqiy baho berish, u yoki bu aybni asoslanganligi, sudlanuvchi qilmishiga huquqiy tasnif berish, unga nisbatan qo‘llaniladigan jazo choralari va boshqa hukm chiqarishda sud hal etishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha fikr bildirishlari mumkin.

Sudlanuvchining oxirgi so‘zi sud tergovining o‘tkazilishida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Binobarin, sudlanuvchi o‘z oxirgi so‘zida ish uchun muhim bo‘lgan yangi holatlarni ma’lum qilish sudga sud tergovini yangidan boshlash uchun ajrim chiqarishiga asos bo‘ladi. Nihoyat, sud tergovining natijalari hukm chiqarish kabi sud muhokamasining asosini belgilaydi. Zero, sud sud tergovi davomida tekshirib chiqilgan dalillar bilan bir tomondan, o‘z hukmini asoslasa, boshqa tomondan sudning ichki ishonchi, sud tergovi va uning natijalarini asoslaydi.

Sud tergovi, jinoyat ishini faqat qonunga muvofiq va xolisona o‘tkazishni talab qiladi. Sud tergovi natijalari jinoyat ishi bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar sud tergovi jarayoni adolatli va xolis o‘tkazilgan bo‘lsa, ish bo‘yicha chiqarilgan qarorlar ham adolatli bo‘ladi. Bunda sudyaning vazifasi – sud tergovi jarayonida olingan dalillar asosida xolis va adolatli qaror qabul qilishdir.

 

 

Bawirjan SABUROV,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi magistratura bosqichi tinglovchisi