YOSHLAR O‘RTASIDA HUQUQIY MADANIYATNI OSHIRISHGA QARATILGAN UCHRASHUV VA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida joylarda sud organlari tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyalari tomonidan Nukus shahridagi Yoshlar markazi binosida tashkil etildi.

 

Dastlab, Nukus tumanlararo ma’muriy sudi raisi R.Jumaboyev so‘z olib, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

 

Xususan, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish uchun amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, ta’lim-tarbiya ishlari va unda huquqiy targ‘ibot tadbirlarining ahamiyatiga urg’u berdi.

 

 

Shundan so‘ng, Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyalari A.Saliev, Q.Babanazarov hám S.Karamatdinovalar tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Tadbir doirasida real sud muhokamasi namoyish etilib, unda asosan pensiya tayinlash bilan bog‘liq ma’muriy nizolar ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida pensiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalar, fuqarolarning huquqlari va ularni himoya qilish tartibi muhokama qilindi.

 

 

Sudyalar tomonidan ishtirokchilarga ishning huquqiy asoslari, dalillarni baholash jarayoni hamda qabul qilingan qarorning mazmuni tushuntirildi. Shuningdek, yoshlarga ma’muriy huquqbuzarliklarning oqibati, fuqarolik mas’uliyati va qonun ustuvorligining ahamiyati haqida ham ma’lumotlar berildi.

 

 

Yoshlar sud jarayonini kuzatish orqali sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

Bunday tadbirlar yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish va qonuniylikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.