LATENT JINOYATLAR: MAZMUN, SABABLAR VA OQIBATLAR

 

 

Latent so‘zi lotin tilining “latents (latentis)” so‘zidan olingan bo‘lib, “yashirin, ko‘rinmaydigan” degan ma’nolarni anglatib, real yashirin yoki ro‘yxatga olinmagan jinoyatlar tushuniladi. Latent jinoyatlar haqiqatda sodir etilgan jinoyatlarning qismi hisoblanadi.

Bizga ayonki, kriminologiya fanida “latent”, ya’ni “yashirin” jinoyatchiliksiz jinoyatchilikning holati umumiy tushunchasining tavsifi to‘liq bo‘lmaydi.

Latent jinoyatlar – bu jamiyatda sodir bo‘ladigan, biroq turli sabablarga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlanmaydigan yoki qayd etilmaydigan jinoyatlardir. Bunday jinoyatlar nafaqat huquqiy tizimning zaifligini ko‘rsatadi, balki jamiyatdagi ijtimoiy adolatning buzilishiga ham sabab bo‘ladi. Mazkur maqolada latent jinoyatlarning mazmuni, ularning kelib chiqish sabablari va oqibatlari tahlil qilinadi.

Dunyoda latent jinoyatchilikka qarshi kurashning asosiy usullaridan biri sifatida uning kelib chiqish sabablari, shartlari hamda unga turtki bo‘luvchi omillarni aniqlashga e’tibor qaratilmoqda. Bunday yondashuv bir vaqtning o‘zida ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega ekanligi bilan diqqatga sazovordir.

Latent jinoyatchilik ham boshqa jinoyatlar kabi kriminologiyada umum’etirof etilgan: “Jinoyatchilikning umumiy sabablari o‘ziga xos namoyon bo‘lish xususiyatlariga ega. Ilmiy jihatdan ushbu xususiyatlarni bilish ijtimoiy jarayonlar tabiati va dinamikasi hamda ijtimoiypsixologik omillarning jinoyatchilikka ta’sir etuvchi mexanizmini ochib berish bilan bog’liqdir”.

Jamiyatda u yoki bu hodisaning, jumladan, latent jinoyatchilikning paydo bo‘lish sabablari asosan ijtimoiy, iqtisodiy, etnografik va diniy qarashlar bilan bog’liq. Bunday hududiy mazmunga ega bo‘lgan ko‘rsatkichlar jinoyatchilik geografiyasi va turlariga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, ma’lum mintaqada shakllangan turmush tarzi, omma psixologiyasi, urf-odatlar, an’ana, shakllangan dunyoqarashlar ham alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.

Latent jinoyatlar umumiy kriminologiya nazariyasida bo‘lgani kabi ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga bog’liq jinoyat hisoblanadi. Bunga jinoyat qonunchiligidagi ayrim nomukammalliklarning borligi, jinoyatlarni ro‘yxatga olishning samarasizligi, jinoiy qilmishlarning hisobini yurituvchi organlarning mas’uliyatsizligi, kelib tushgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida qayta ishlashning imkoni yo‘qligi va boshqalarni sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

 

Latent jinoyatlar jamiyatning turli sohalarida kuzatiladi va ko‘pincha quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi:

Birinchi, oiladagi zo‘ravonlik – jabrlanuvchilarning qo‘rquvi yoki ijtimoiy bosim sababli ular bu kabi holatlarni bildirmaydilar.

Ikkinchi, korruptsiya va iqtisodiy jinoyatlar – moliyaviy manfaatlar va yashirin harakatlar natijasida ko‘plab jinoyatlar sirli qoladi.

Uchinchi, kiberjinoyatlar – internet orqali sodir etiladigan jinoyatlar ko‘pincha texnik jihatdan izlash qiyin bo‘lgani uchun latent hisoblanadi.

Latent jinoyatlarning aniqlanmaganligi qonunchilik tizimiga nisbatan ishonchni kamaytiradi, jinoyatchilikni rivojlantirishga sharoit yaratadi va jamiyatda ijtimoiy muvozanatning buzilishiga olib keladi.

Latent jinoyatlarning asosiy sabablari tariqasida quyidagilarni keltirish mumin.

Birinchidan, jabrlanuvchining qo‘rquvi yoki ishonchsizligi. Jabrlanuvchilar ko‘p hollarda jinoyat haqida xabar berishdan qochadilar, chunki ular qasos olinishidan qo‘rqadilar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonmaydilar.

Ikkinchidan, qonunchilik tizimidagi kamchiliklar. Ba’zi davlatlarda huquqiy tizimning samarasizligi yoki rasmiylar o‘rtasidagi korruptsiya jinoyatlarning qayd etilishiga to‘sqinlik qiladi.
Uchinchidan, jamoatchilik xabardorligining pastligi. Aholining huquqiy bilimlarining etarli darajada emasligi yoki jinoyat haqida xabar berish mexanizmlarining mavjud emasligi latent jinoyatlar darajasini oshiradi.

To‘rtinchidan, ilmiy-texnik imkoniyatlarning cheklanganligi. Kiberjinoyatlar yoki xalqaro chegaralarni kesib o‘tuvchi jinoyatlar aniqlash uchun yuqori texnologik imkoniyatlarni talab qiladi. Bu imkoniyatlar etishmovchiligi jinoyatlarning latent bo‘lib qolishiga olib keladi.

Latent jinoyatchilikni yuzaga kelish sabablariga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘lib tahlil qilish mumkin:

1. Jinoyatlar hisobini yurituvchi organlarning idoraviy nomuvofiqligisababli qilmishlarning jinoyatlarni ro‘yxatga olish tizimiga kiritilmasligi. Bu asosan jinoyatlarni markazlashgan ro‘yxatga olish vakolatining Ichki ishlar vazirligi organlaridan prokuratura organlariga o‘tkazilishi va ushbu tizimning yangi joriy etilganligi, ro‘yxatdan o‘tkazishning kompyuterlashtirilgani bilan bog’liq.

2. Hech kimga ayon bo‘lmagan jinoyatlar. Odatda bunga “ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan, ishlab chiqarish texnologiyalarini buzish bilan bog’liq bo‘lgan jinoyatlar” va boshqalar kiradi. Ba’zan bu guruhga ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlardan tashqari, kam ahamiyatli, oz miqdorda zarar etkazilgan jinoyatlar ham kiritiladi.

3. Faqat jinoyatchiga ma’lum bo‘lgan jinoyatlar. Ushbu toifadagi jinoyatlarga mast holatdagi shaxsga, voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek, “jabrlanuvchisiz bo‘lgan jinoyatlar” deb nomlangan jinoiy ishlar kiritiladi. Bu, masalan, manfaatdor shaxsning davlat xizmatchisiga o‘z mansab vakolatini bajarganligi yoki bajarmaganligi uchun pora berishi bo‘lishi mumkin.

Latent jinoyatlarning sodir etilishi natijasida quyidagi holatlar kelib chiqadi.

Jumladan, jamiyatda adolatsizlik hissining ortishiga olib keladi. Jabrlanuvchilarning qonun ustuvorligiga ishonchi susayadi, bu esa fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.
Jinoyatchilikning kuchayishiga turtki bo‘ladi. Latent jinoyatlar jinoyatchilarni jazosiz qolishga ishontirib, yangi jinoyatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, iqtisodiy zararlar etkazilishiga olib keladi. Korruptsiya yoki moliyaviy firibgarlik kabi latent jinoyatlar davlat iqtisodiyotiga jiddiy zarar etkazadi.

 

Ba’zi xalqaro tadqiqotlarning natijalariga ko‘ra xaqiqatda sodir etilgan jinoyatlarning 50 % ga yaqini latent bo‘lib qolmoqda.

Ayrim davlatlarda ba’zi turdagi qilmishlar (masalan nomusga tegish, xaridorlarni aldash, kam miqdorda talon-toroj qilish va xokazolar) bo‘yicha latentlik darajasi ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Xabar berilmagan jinoyatlar asosan quyidagilar bilan bog’liq :
– fuqarolar va jinoyat jabrlanuvchilarining xuquqni muxofaza qiluvchi organlarga ishonchsizligi;
– xuquqni muxofaza qilish organlarining jinoyatni ochish va arizachini ximoya qila olishga ishonchsizlik;
– jinoyatchilarning o‘ch olishidan qo‘rqish;
– tajovuz (masalan nomusga tegish)ni boshqalarga bildirmaslik;
– jinoyatchi bilan kelishuv bitimining tuzilganligi;
– jinoyatdan jabrlanganlikni bilmaslik va xokazolar.

Ro‘yxatga olinmagan jinoyatlar butun dunyoga o‘ziga xos, biroq tarixiy va boshqa sabablarga ular MDX ga kirgan va O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan. Xuquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan yashirilgan jinoyatlar ro‘yxatga olinmagan jinoyatlarning taxminan 30 % ni tashkil etadi. Ayrim turdagi jinoyatlarda bu ko‘rsatkich yanada yuqori.

Yashirishga urinishning sabablari turlicha:

– Ichki ishlar organlari va huquqni muxofaza qiluvchi organlari jinoyatchilikni nazorat qilishga qobiliyatli ekanligini ko‘rsatish;

– ushbu organlarning jinoyatchilikning o‘sishini kamaytira olmayotganligi;

– ochilishi qiyin bo‘lgan jinoyatlardan qochish;

– Xuquqni muxofaza qiluvchi organlar tizimida malakali kadrlar va texnika vositalarining etishmasligi;

– xodimlar kasbiy tayyorgarligining pastligi;

– jinoyat yustitsiyasi tizimida suiste’molchiliklar va korruptsiyaning keng tarqalganligi va xokazolar.

Ruyxatga olingan, ammo surishtiruchi, tergovchi va prkurorlarning aybi bilan aniqlanmagan jinoyatlar xisobga olinganlarning 2 – 5 % ni tashkil etadi. Bu jinoyat ishini qo‘zg’atishni rad etish, jinoyat xodisasi yoki tarkibi bo‘lmaganligi uchun tugatish to‘g’risida qaror chiqarish, sudning oqlov xukmi chiqarishda namyon bo‘ladi.

Hozirgi kunda kriminologiyada yashirin (latent) jinoyatlar deyilganda, jinoyatga daxldor ishlarni qonun asosida ko‘rib chiqishga va tergov harakatlarini yuritishga vakolatli davlat organlariga xabar kelmagan yoki tegishlicha axborot-hisob yuritish ro‘yxatidan o‘tmagan jinoyatlarni tushunish e’tirof etiladi. Ushbu umumiy tushuncha orqali yashirin jinoyatchilikning oddiy, oraliq va sun’iy yashirinlik kabi guruhlari belgilangan. Birinchi gu-ruhga kiruvchi jinoyatlar to‘g’risidagi xabar tegishli davlat organlariga yoki shaxsga ma’lum bo‘lmaganligi bilan izohlanadi. Ikkinchi guruhdagi holatda esa jinoiy xatti-harakatlar oqibatida ro‘y bergan hodisa jinoyat deb idrok etilmaydi va noaniqligicha qoladi. Uchinchi guruhdagi jinoyatlarda esa jinoyatchilik holatlari g’ayriqonuniy tarzda inkor qilinadi va tegishlicha ro‘yxatga olinmaydi.

Sanab o‘tilgan holatlarning har birida o‘ziga xos umumiylik mavjud bo‘lib, u ham bo‘lsa jinoyatchilik yoki unga taalluqli xabarning yo‘qligi, shuningdek, ob’ektiv voqelikdan kelib chiqqan holda sun’iy hamda qasddan yashirish holatlarning mavjudligidir. Aynan shu kabi xabar kelmaydigan yoki yashirin jinoyatlar, yuqorida ta’kidlanganidek, jinoyatchilikning yashirinlik holatini ifodalaydi.
Jinoyatchilikning yashirinlik holati va ayniqsa, uning miqdori (miqyosi) hozirgi kunda kriminologiya nuqtai nazaridan eng dolzarb muammo hisoblanadi va ushbu muammo kam o‘rganilganligi bois jahon olimlarining e’tiborini o‘ziga qaratmoqda. Yashirin jinoyatchilikning miqdorini aniqlash va unga baho berish esa mutaxassislar tomonidan jinoyatchilikka umumiy baho berishda katta ahamiyatga ega ekanligi e’tirof etilgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz lozimki, latent jinoyatlarning oldini olish uchun jamiyatda ochiqlik va huquqiy ongni oshirish muhim ahamiyatga ega. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning samaradorligini oshirish, jabrlanuvchilarga huquqiy yordam ko‘rsatish va jamoatchilikni jinoyatlarga qarshi kurashda faol ishtirok etishga jalb qilish orqali latent jinoyatlarni kamaytirish mumkin. Jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir fuqaroning huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratish zarur.

 

Azamat SHINIBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi