OILALAR MUSTAHKAMLIGI TA’MINLANDI

 

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudlari hamkorligida Nukus shahrida oilalar mustahkamligini ta’minlash va farzandlar tarbiyasiga bag’ishlangan amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbirga notinch oilada yashayotgan, ajralish arafasida turgan, sudga ajralish bo‘yicha da’vo ariza bilan murojaat qilgan er-xotinlar va ularning ota-onalari taklif etildi.

 

Tadbirda biron kim ma’ruza o‘qimadi. Aksincha, tadbir noan’anaviy, yig’ilganlarga bir oilaning nikohdan ajrashgandan keyingi taqdiri bayon qilingan “Farzand omonat” nomli qisqa metrajli kino film namoyish etishdan boshlandi.

 

 

Atigi 20 daqiqacha davom etgan film yig’ilganlarni befarq qoldirmadi, ko‘pchilik ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

 

 

Natijada, film namoyishidan xulosa qilgan 12 ta oila tiklandi. Ajrashib, arazlashib, sudlashib yurgan er-xotinlarning yarashgani bir tomon, ularning ota-onalari, farzandlari quvonchi bir tomon bo‘ldi.

 

Eng asosiysi, ushbu oilalarning jami 22 nafar farzandi endi ota-ona bag’rida kamol topadigan bo‘ldi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga oilalarning mustahkamligi, undagi sog’lom muhitning jamiyatimiz ertangi kuniga ijobiy ta’sirini hisobga olgan holda nikohdan ajratish ishlarini sudda ko‘rishda er-xotinlarning ota-onasi va jamoatchilik vakillari, jumladan mahalla hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining joylardagi vakillari ishtirokini ta’minlashga e’tiborli bo‘lish, bunday tadbirlarni hududlar kesimida o‘tkazib borish tavsiya etildi.

 

 

ATROF-MUHIT VA TABIATDAN FOYDALANISH SOHASIDAGI HUQUQBUZARLIKLAR TUSHUNTIRILDI

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tumani sudining tergov sudyasi G.Utepbergenova tumandagi 3-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Sudya o‘quvchilar bilan suhbatlashar ekan, ularga ekologiya, atrof-muhit va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqida gapirib, bunday xatti-harakatlarning og‘ir oqibatlarini tushuntirdi.

 

 

Shu bilan birga, tabiiy resurslarni behuda sarflash, ifloslantirish va tabiiy muvozanatni buzish kabi holatlar nafaqat huquqbuzarlik, balki insoniyat kelajagi uchun ham katta xavf ekanini ta’kidladi.

 

Sudya, shuningdek, ekologik huquqni buzganlik uchun belgilangan javobgarlik, jarimalar va jazo choralarini tushuntirdi. O‘quvchilarga tabiatni asrash, atrof-muhitni ifloslantirmaslik va ona tabiat in’om etgan resurslarni tejashda ongli bo‘lishni tavsiya etdi.

 

 

Ushbu uchrashuvning maqsadi ham yosh avlodning ekologik va huquqiy bilimlarini mustahkamlash orqali mas’uliyatini oshirish, ularni tabiatga ongli munosabatda bo‘lishga chaqirish edi.

MAHALLADA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Amudaryo tumanidagi “Durunki” mahalla fuqarolar yig’ini binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining tergov sudyasi Donaxon Yusupova raisligida, sudya yordamchisi Elyor Jumaniyozovning kotibligida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

 

 

Ochiq sayyor sud majlisida Amudaryo tuman Ichki ishlar bo’limi tomonidan taqdim qilingan jami 13 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi.

 

 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi Kodeksining 183-moddasida ko‘rsatilgan (mayda bezorilik) huquqbuzarlikni sodir etgan 5 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan ma’muriy huquqbuzarlik ish materiallari ko‘rib chiqildi va 3 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi, 2 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.

 

14 SHAXSGA NISBATAN TO‘PLANGAN MA’MURIY HUQUQBUZARLIK TO‘G‘RISIDAGI ISHLAR SAYYOR SUD MAJLISIDA KO‘RIB CHIQILDI

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorao‘zak tuman sudining tergov sudyasi R.Matqurbanov raisligida Qorao‘zak tumani «Yoshlar markazi» binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

 

 

Sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi, 194-moddasi hamda boshqa moddalari bilan 14 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Unda ish materiallari har tomonlama o‘rganilib, tegishli ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Shuningdek, 2 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish bo‘yicha ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

 

 

 

Sud majlisi yakunlangach, sudya tomonidan fuqarolarga huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha keng turda ma’lumot berilib, har qanday jinoyat jazosiz qolmasligi, jazo muqarrarligi tushuntirildi.

 

YOSHLAR ISHTIROKIDA OCHIQ SUD MAJLISI O‘TKAZILDI  

 

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida sayyor ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Yig‘ilish avvalida universitetning Yoshlar masalasi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alawatdinov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlar orasida uchrayotgan salbiy illatlar, ayniqsa yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

 

Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish uchun amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, ta’lim-tarbiya ishlari va huquqiy targ‘ibotlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olishda yoshlarning faolligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

 

Shundan so‘ng, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining tergov sudyalari R.Nazarov va D.Srajatdinovlar tomonidan ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Sudyalar tomonidan ko‘rilgan har bir ochiq sayyor sud majlisi haqida sodir etilgan jinoyatning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish berildi.

 

Joylarda keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ochiq sud majlislaridan ko‘zlangan maqsad jinoyat sodir etgan odamni hammaga tanishtirib, sharmanda qilish emas, balki oramizda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmay, agar qandaydir qonunbuzarlik yoki huquqbuzarlik holatlari yuz bersa darhol tegishli organlarga xabar berib, yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatning oldini olishga chaqirish hisoblanadi.

“DAVLAT BOJI TO‘G’RISIDAGI QONUNGA O‘ZGARISHLAR: AHOLI VA BIZNES UCHUN YANGI IMKONIYATLAR

 

2025 yil 20 fevralda O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1032-sonli “Davlat boji to‘g’risida”gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g’risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjat mamlakatda davlat boji bilan bog’liq munosabatlarni zamon talablariga mos ravishda isloh qilish, adolat va samaradorlikni ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi. Qonunning mohiyati va ahamiyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, bir nechta muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatish mumkin.

 

Avvalo, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar endi iste’molchilar qarzdorligi uchun sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lamaydi. Bu muhim o‘zgarish hisoblanadi, chunki kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar ko‘pincha qarzdorlikni undirish jarayonida davlat boji uchun katta mablag’ sarflashiga to‘g’ri kelardi. Endi esa ularning moliyaviy yuki engillashadi, xizmat ko‘rsatish sifatini saqlab qolish va texnik ta’mirlash ishlariga mablag’ yo‘naltirish imkoniyati oshadi. Shu bilan birga, agar sud da’voni rad etsa, davlat boji xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zi tomonidan to‘lanishi belgilangan. Bu holat qonun normasining adolatli tarzda ishlashiga xizmat qiladi.

 

Ikkinchidan, qonun xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish jarayoniga oydinlik kiritdi. Endi davlat boji qaysi muddat uchun to‘lanishi aniq belgilangan. Bu o‘zgarish xorijiy biznes uchun huquqiy tartiblarning shaffofligi va barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda faoliyat yuritishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar uchun ishonchli muhit yaratilishi mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishi shubhasiz.

 

Uchinchidan, qonun aholi manfaatlariga ham to‘g’ridan-to‘g’ri ta’sir qiladi. Sud orqali qarzdorlik undirish jarayoni engillashishi fuqarolarni o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishga undaydi. Bu to‘lov intizomini kuchaytiradi, o‘z vaqtida xizmat haqini to‘laydigan fuqarolarning manfaatlari himoya qilinadi. Eng muhimi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar barqaror mablag’ga ega bo‘lib, elektr va issiqlik ta’minotida uzilishlarning oldini olishi mumkin.

 

Shu bilan birga, qonun ijrosida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar ham bor. Xususan, aholida to‘lov intizomining pastligi ko‘pincha ijtimoiy yoki iqtisodiy sabablarga borib taqaladi. Shuning uchun masalani faqat jazo choralari bilan emas, balki qulay to‘lov tizimlarini joriy qilish, aholiga imtiyoz va qulayliklar yaratish orqali hal etish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, sud orqali murojaat qilish jarayonlari barcha uchun oddiy va arzon bo‘lishi, akkreditatsiya jarayoni esa to‘liq shaffof tashkil etilishi lozim.

 

Xulosa qilib aytganda, O‘RQ-1032-sonli qonun davlat boji tizimini takomillashtirish orqali xizmat ko‘rsatuvchilar, aholi va xorijiy biznes uchun yangi imkoniyatlar ochadi. U kommunal xizmatlar barqarorligini ta’minlash, investitsiya muhitini yaxshilash va huquqiy munosabatlarda aniqlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan qadam sifatida jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

Nizamatdin ABDAKIMOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

O‘QUV MASHG‘ULOTI O‘TKAZILDI

 

 

Oltinchi mintaqaviy hudud 2-son tergov hibsxonasi shaxsiy tarkibining huquqiy savodxonligini yanada oshirish, xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy rioya qilishini ta’minlash maqsadida ular bilan qo‘shimcha o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

 

 

Jumladan, mashg‘ulotga Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh.Shamambetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi podpolkovnik U.Orazbayeva, vazirlikning JXX Probatsiya bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik M.Ametov hamda Ombuddsman Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy vakili J.Shlimbetovlar taklif etilib, xodimlarga mamlakatimiz va dunyoda bo‘lib o‘tayotgan voqea hodisalar, qonunchilikdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kabi mavzularda tushuntirish ishlari olib borildi.

 

FUQARO K. SABUROVNING YOUTUBE VIDEOXOSTINGIDA E’LON QILINGAN VIDEOMUROJAATI YUZASIDAN

 

Aniqlanishicha, da’vogar K. Saburov javobgar G. Raximovaga nisbatan turar joylardan meros ulushini olish haqidagi da’vo ariza bilan sudga murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2022 yil 22 dekabr kungi hal qiluv qarori bilan da’vogar K. Saburovning da’vo arizasi qisman qanoatlantirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi apellyatsiya instantsiyasining 2023 yil 14 fevraldagi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instantsiyasining 2024 yil 14 fevraldagi ajrimi bilan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida taftish tartibida ko‘rilmagan.

Chunki javobgar G.Raximova 1985 yildan boshlab meros ochilgunga qadar meros qoldiruvchi E.Saburov bilan birgalikda yashaganligi va meros qoldiruvchi bilan mol-mulkka nisbatan umumiy mulk huquqiga ega bo‘lganligi sababli meros taqsimlanishida meros mulkini asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega hisoblangan.

 

Arizachi majburiy ijro bo‘limi To‘rtko‘l tumani bo‘limi hal qiluv qarori bo‘yicha undiruvni nizoli mulkka qaratish va va kadastr pasportini shakllantirilib, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklash haqidagi arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2024 yil 17 maydagi ajrimi bilan arizachi majburiy ijro bo‘limi To‘rtko‘l tumani bo‘limining arizasi qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi apellyatsiya instantsiyasining 2024 yil 23 iyul kungi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha taftish instantsiyasining 2024 yil 9 oktyabrdagi ajrimi bilan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida taftish tartibida ko‘rilmagan.

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining matbuot xizmati

SUDYALAR TUMAN MARKAZIDAN UZOQDA YASHOVCHI HUDUD AHOLISI BILAN UCHRASHDI

 

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tumani sudi raisi L.Otegenova, ushbu sudning tergov sudyasi A.Davletov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi raisi M.Sapayev, Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi B.Baymuratovlar Taxiatosh tumanidagi «Keneges» va «Saroyko‘l» ovul fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan uchrashdi. Unda fuqarolarning sud-huquq masalalariga oid murojaatlari tinglandi.

 

 

Sudyalar tuman markazidan olisda yashaydigan hududlarga borib, aholi murojaatlarini eshitishi, odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ularni uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan muammolarini bevosita hal etish imkonini beradi.

 

 

Uchrashuvda fuqarolarning sohaga oid murojaatlari tinglandi, ayrimlariga tegishliligi bo‘yicha huquqiy maslahatlar ham berildi. Shuningdek, qonunchilikdagi keyingi o‘zgarishlar ham batafsil tushuntirildi.

 

 

Albatta, bunday aholi bilan ochiq muloqot odamlarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga yordam beradi.

 

“DAVLAT BOJI TO‘G’RISIDA”GI QONUNGA MUHIM QO‘SHIMCHA VA O‘ZGARISHLAR KIRITILDI

2025 yil 20 fevralda qabul qilingan O‘RQ-1032-sonli qonun bilan  “Davlat boji to‘g’risida”gi qonunga muhim qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritdi. Yangi tartibga ko‘ra, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar iste’molchilardan qarzdorlikni sud orqali undirish uchun murojaat qilganda davlat bojini to‘lamaydi. Bu ularga o‘z mablag’larini tejash va qarzdorlikni tezroq undirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishda davlat bojini to‘lash muddati aniq belgilab qo‘yildi, bu esa xorijiy biznes uchun huquqiy tartiblarning yanada ravshanlashishiga xizmat qiladi.

 

Qonunning aholi uchun ahamiyati, eng avvalo, xizmatlar sifatini oshirish va uzluksizligini ta’minlashda namoyon bo‘ladi. Xizmat ko‘rsatuvchilar o‘z mablag’larini davlat bojiga sarflamay, ularni ta’mirlash va xizmatlarni yaxshilashga yo‘naltira oladi. Sud orqali qarzlarni undirish imkoniyati engillashgani uchun iste’molchilar ham o‘z vaqtida to‘lov qilishga intiladi, natijada to‘lov intizomi kuchayadi. Bu o‘z vaqtida to‘lov qiladigan fuqarolar manfaatlarini himoya qiladi, adolatlilikni ta’minlaydi.

 

Chet el kompaniyalari uchun akkreditatsiya tartibining aniqlashtirilishi esa mamlakatimizga yangi xizmatlar va texnologiyalarni olib kirishga sharoit yaratadi. Bu orqali ish o‘rinlari yaratilishi, investitsiya muhiti yaxshilanishi va aholi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin.

Qonunning ahamiyati shundaki, u bir tomondan aholi va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni adolatli yo‘lga qo‘yadi, ikkinchi tomondan xizmatlarning barqaror va sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Natijada aholi elektr va issiqlik kabi kundalik hayot uchun zarur xizmatlarni uzluksiz olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, jamiyatda esa tartib va mas’uliyat kuchayadi.

 

 

 

Gulistan ESHNAZAROVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

Skip to content