FUQAROLIK ISHLARI BO‘YICHA NUKUS TUMANLARARO SUDIDA SUDYALAR SONI YANA BITTAGA KO‘PAYDI

 

Ko‘pchilikka ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi soni, shu bilan birga jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida nizoli masalalarning ham yildan-yilga ortib borayotganligi sababli ayrim fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning ish yurituvidagi ishlar soni ham keskin oshishiga asos bo‘lmoqda. Bu o‘z-o‘zidan sudyalar o‘rtasida ish hajmining ortishi bilan birga, ma’lum darajada ishni sifatli ko‘rib, adolatli qaror chiqarishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi bor gap.

 

Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudida bugungi kunda 5 nafar sudya faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, 2023 yilda jami 17 454 ta ish (8.818 ta ish, 8.636 ta sud buyrug‘i) ko‘rilgan bo‘lib, bir sudyaning o‘rtacha oylik ish hajmi 291 ta ishni tashkil etgan, 2024 yilda esa jami 26.203 ta ish (9.758 ta ish, 16.445 ta sud buyrug‘i) ko‘rilgan, shundan bir sudyaning o‘rtacha oylik ish hajmi 436,7 ta ishni tashkil etib, bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 8.749 taga yoki 50,1 foizga ko‘paygan.

 

Ana shular inobatga olinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi tomonidan odil sudlov samaradorligini oshirish va sudlar faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga va O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudidagi bitta sudya va bitta sudya yordamchisi shtat birliklarini fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga o‘tkazish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan edi.

 

Ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, 2025 yilning 1 martidan boshlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudidagi bir nafar sudya va bir nafar sudya yordamchisi shtat birliklari fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga o‘tkazildi.

 

Shu asosda, «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 69-moddasi hamda «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Reglamenti to‘g‘risida»gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining 41-moddasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 2025-yil 26-fevral kungi Prezidiumi qarori bilan Bazarbayeva Zebo Baxadirovna sudyalik vakolati muddati davriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi lavozimiga tayinlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining axborot xizmati

FUQAROLIK ISHLARI BO‘YICHA SUD XARAJATLARI

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga muvofiq, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, sud-huquq sohasidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar o‘zining ijobiy samarasini berib kelmoqda. Buni xalqimizning sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berayotgan murojaatlari, sudlarda ko‘rilayotgan ishlarning mazmuni va unda ishtirok etayotgan shaxslarning huquqiy madaniyati darajasidan ham ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, so‘nggi yillarda sudlar ish yurituvidagi ishlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

 

Odil sudlovni amalga oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjeti hisobidan ta’minlanadi. Bunda, sudlarga murojaat qilishda undiriladigan davlat boji to‘lovlari boshqa majburiy to‘lovlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etadi.

 

Shuning uchun davlat bojini to‘g‘ri belgilash va o‘z vaqtida undirish muhim ahamiyatga ega. Sudlarga ariza, da’vo arizasi berishda hamda sud hujjatlariga apellatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati berishda davlat boji undirish miqdori, shuningdek, davlat boji to‘lashdan ozod etilgan jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxati, shuningdek, davlat bojini kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va kamaytirish tartibi O‘zbekiston Respublikasining «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi normalari bilan belgilangan.

 

Shu kunga qadar amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 15 yil avval qabul qilingan bo‘lib, bu davr ichida qonunchilikda bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Bu esa, mazkur Plenum qarorini ham qayta ko‘rib chiqqan holda uning yangi tahririni qabul qilish zaruratini yuzaga keltirdi.

 

Shu sababli, sudlar tomonidan qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2024 yil 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida»gi 37-sonli qarori qabul qilindi.

 

Plenum qaroriga sudlar tomonidan davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, sudlarda turli amaliyot yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan holatlarga batafsil tushuntirish berish to‘g‘risidagi yangi bandlar kiritildi.

 

Xususan, da’vo qiymati chet el valyutasida belgilangan mulkiy nizo bo‘yicha sudga ariza berilganda, davlat bojining miqdori ariza berilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutada belgilanishi;

 

«Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun bilan belgilangan davlat boji stavkalarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga taalluqli qismida shartnoma oldi nizolari bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji stavkalari belgilanmaganligi hamda Fuqarolik protsessual kodeksining 129-moddasi 2-bandida mol-mulkni talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha da’voning bahosi talab qilib olinayotgan mol-mulkning bahosiga qarab belgilanishi nazarda tutilganligi sababli, shartnomani haqiqiy emas deb topish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi talablar bo‘yicha nizolashayotgan shartnomada ko‘rsatilgan pul qiymati (shartnoma bahosi) da’vo bahosi hisoblanishi va davlat boji mulkiy xususiyatga ega da’vo arizalari uchun qonunda belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanishi kerakligi;

 

«Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun 8-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar sud hujjatlari ustidan apellatsiya, kassatsiya, taftish shikoyati bilan murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etilganligi;

 

apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyatidan voz kechilganligi sababli shikoyat bo‘yicha ish yuritish qisqartirilganda, to‘langan davlat boji qaytarilmasligi, agar shikoyat berishda davlat boji to‘lanmagan bo‘lsa, davlat boji shikoyat bergan shaxsdan undirilishi va boshqa bir qator sud amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.

 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2025 yil 30 yanvarda bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunning 8, 9, 10-moddalari, 2-qismidagi Savdo-sanoat palatasiga oid normalariga sharh berish haqidagi masala ko‘rib chiqilgan.

 

Konstitutsiyaviy sudning qarori bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 8, 9, 10-moddalari ikkinchi qismining Savdo-sanoat palatasiga oid normalariga quyidagi mazmunda sharh berildi: «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari – palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar (arizalar) bo‘yicha…» ko‘rsatilgan shaxslarning talablari qisman yoki to‘liq qanoatlantirilmasdan qoldirilgan taqdirda, davlat boji ushbu shaxslardan talablarning qanoatlantirilmasdan qoldirilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi» degan normani, davlat boji ariza qaysi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab berilgan bo‘lsa, o‘sha shaxslardan da’vo talablarining qanoatlantirilmasdan qoldirilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi, deb tushunish lozim.»

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunni yanada takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqish taklif etilgan.

 

Bundan tashqari, 2025 yil 20 fevral kungi 1032-sonli Qonun bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

 

Ushbu Qonun bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishincha issiqlik va elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilinganda issiqlik va elektr energiyasi yetkazib beruvchilar davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini, shuningdek ularning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman qanoatlantirilmasdan qoldirilgan taqdirda davlat bojini ushbu yetkazib beruvchilardan undirish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek, xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilishda davlat bojini to‘lash har bir yil uchun amalga oshirilishini aniqlashtiruvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun normalariga sharh berish haqidagi qarori, shuningdek, ushbu qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar odil sudlovga erishishga xizmat qilish bilan birga sud amaliyotida qonunlarni aniq va to‘g‘ri qo‘llashga xizmat qiladi.

 

 

Abdimurat KERIMBAYEV,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi o‘rinbosari

 

KONSTITUTSIYADA FUQAROLARNING MAJBURIYATLARI

 

Inson va fuqarolarning huquqiy maqomi nafaqat huquq va erkinliklardan iborat bo‘ladi, balki ularga majburiyatlarda ham beriladi.

 

Yuridik mazmuni jihatidan fuqarolarning majburiyatlari ikki ko‘rinishda bo‘lib, birinchisi shaxsning faol harakatlar qilish majburiyati, ikkinchisi shaxsning passiv harakatlanishi, ya’ni muayyan harakatdan o‘zini tiyish majburiyati.

 

Yuridik majburiyat – bu bir tomondan, ijtimoiy zaruriyatning qonun bilan belgilangan aniq normasi, ikkinchi tomondan, jamiyat, davlat va shaxs manfaatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan oqilona va maqsadga muvofiq qat’iy normadir.

 

 

Konstitutsiyamizning 20-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga bo‘lgan huquqlari va majburiyatlari bilan o‘zaro bog‘liqdir. Konstitutsiyaga asosan demokratiya O‘zbekiston Respublikasida umuminsoniy prinsiplarga, ya’ni inson eng oliy qadriyat degan g‘oya asosida quriladi. Har bir fuqaro qonun oldida teng va boshqa fuqarolarning millati, tili, dini va e’tiqodini hurmat qilishi, shuningdek o‘z huquq va erkinliklaridan foydalanganida, uning harakatlari boshqa shaxs, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazmasligi lozim. Shuning uchun, shaxs o‘z huquq va erkinliklaridan qonun doirasidan chiqmagan holda foydalanishi lozim. Agarda qonunga xilof xatti-harakat sodir etilsa, u holda, qonun tomonidan jazolanadi. Bu esa konstitutsiyaviy majburiyatlarni bajarmaganlikdan kelib chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XI bobi fuqarolarning majburiyatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, bu yerda jami 6 ta moddada fuqarolarning asosiy majburiyatlari belgilangan.

Bu majburiyatlar o‘z huquqiy tabiatiga ko‘ra asosiy majburiyatlar bo‘lib xizmat qiladi. Qolgan boshqa turli majburiyatlar ana shu asoslardan kelib chiqadi va kelgusida fuqarolarning huquqiy hayotida muhim o‘rin egallaydi.

 

Barcha fuqarolarning, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida har bir shaxsning eng muhim majburiyatlaridan biri Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan majburiyatlarni bajarishdir. Ushbu Konstitutsiyaviy normaning mazmuniga ko‘ra mamlakatimizda yagona qonunchilik rejimini ta’minlashni maqsad qiladi.

 

Qonunchilik muhiti – deganda jamiyatda mustahkam tartib va barqarorlik asosi, har bir fuqaro hayotida tinchlik va farovonlik bo‘lishining garovi hisoblanadi.

 

Konstitutsiya fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Darhaqiqat, xalqimiz boy tarixiy, ma’naviy va madaniy meros egasidir.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarning atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini belgilaydi.

 

Albatta, fan-texnika taraqqiyoti aks etgan hozirgi asrimizda insoniyatning yashash makoni bo‘lgan tabiiy atrof-muhit alohida muhofazaga muhtoj. Bunday himoya faol davlat organlari va jamoatchilik tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunda ham belgilangan bo‘lib, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish, yer, suv, o‘rmon va atmosfera havosini muhofaza qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosi va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan muhofaza qilinadi.

 

Fuqarolarning qonunlar bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyati Konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. Mamlakatimiz bozor iqtisodiyotiga o‘ta boshlagani munosabati bilan Konstitutsiyada ilk bor soliq to‘lash majburiyati qonunlashtirildi. Fuqarolarning soliq to‘lash majburiyati O‘zbekistonda fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburligi va bu haqda davlatimiz tomonidan bir qator qonun hujjatlari chiqarilib, soliq to‘lashdan bosh tortgan shaxslar tegishli ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladi.

 

Konstitutsiyamizning 64-moddasida O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. O‘zbekistonning har bir fuqarosi «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi hamda «Qurolli Kuchlar rezervidagi xizmat to‘g‘risida»gi qonunlarga muvofiq harbiy xizmatni o‘taydi. Ushbu qonunlar Vatanni himoya qilish to‘g‘risidagi majburiyatni bajarish tartibi, muddatlari, shart-sharoitlari hamda imtiyozlari masalalarini tartibga soladi.

 

Muxtasar aytganda, har birimiz Konstitutsiyaviy burchimizni bajarish orqali davlat tomonidan belgilangan huquq va erkinliklarimizdan to‘liq foydalanamiz.

 

 

Saodat QAYIPNAZAROVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyasi

PLENUM QARORI TUSHUNTIRILDI

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyasi G.Baynazarova tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasida seminar o‘tkazildi.

 

Unda asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvar kungi PQ-33-sonli «Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida»gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi qonunchilikni takomillashtirish kontseptsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024 yil 16 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi qarorining mazmuni va ahamiyati hususida so‘z yuritildi.

FUQAROLAR VA TADBIRKORLIK SUB’EKTLARINING HUQUQLARINI MA’MURIY SUD ORQALI HIMOYA QILINISHINING ZAMONAVIY MEXANIZMLARI 

O‘tgan yillar davomida ma’muriy sudlarning tashkil etilishi va mazkur sudda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari himoya qilinishi kafolatlanishi hamda ma’muriy sudda sudlar tomonidan faol ishtiroki tamoyili asosida sudlovni amalga oshirishi fuqarolarning sudga shikoyat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishini ta’minlab kelmoqda.
Hozirgi kunda mazkur sud-huquq islohotlari o‘zining samarasini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, sohaga fukarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini ma’muriy  sudlar orqali himoya qilinishining zamonaviy mexanizmlarini ilg’or xorijiy tajribada o‘zini oqlagan institut va tartiblarni keng qo‘llash orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ushbu sudlarning rolini oshirish, shu jumladan, davlat organi hujjatiga ishonib faoliyat yuritgan fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini qo‘shimcha ravishda kuchaytirish zarurati vujudga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi «Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida»gi 33-sonli qarorining qabul qilishi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi.
Qarorda, davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali hamda ishonchli himoya etilishini ta’minlash va ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqib yanada takomillashtirish maqsadida ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Jumladan, javobgar taraf bo‘lgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash, ma’muriy sud ish yurituvida ishlarning tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashga hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan dastlabki eshituv institutini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Davlat organi qarori yoki uning mansabdor shaxsi harakati (harakatsizlik) ustidan berilgan arizani ma’muriy sudlarda ko‘rishda mansabdor shaxs yoki uning vakili zarur tushuntirishlar berish uchun sud muhokamasida ishtirok etishi shart hisoblanadi.
Agar javobgar taraf bo‘lgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili ishtirok etishi zarur deb topilgan hollarda ma’muriy ishni ko‘rib chiqish keyinga qoldiriladi.
Sud javobgarning ishtiroki ishning har tomonlama, to‘liq va to‘g’ri hal qilinishiga to‘sqinlik qilmagan taqdirda, ish davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi, shuningdek, javobgar tarafning sud muhokamasiga kelmagan va uning kelmaganligi sud tomonidan uzrli deb topilmagan taqdirda, mansabdor shaxsga nisbatan sud jarimasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, qarorda ma’muriy sudlarda dastlabki etishuv instituti joriy qilinishi nazarda tutilgan.
Davlabki eshituv ariza sudga kelib tushgach, yigirma kun mobaynida o‘tkaziladi. Dastlabki eshituv bosqichida sudya arizachining talablari va javobgarning e’tirozlari aniqlashtiradi, arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘radi, arizachiga talablarni isbotlash uchun zarur dalillarni hamda javobgarga fikrni yozma ravishda taqdim etish bo‘yicha tushuntirishlarini beradi.
Bundan tashqari, sudya arizadagi talablar va ishdagi dalillarga sudya tomonidan dastlabki huquqiy baho (talablarni aniqlashtirish, ishga daxldor bo‘lmagan taraflarni almashtirish, qo‘shimcha javobgarni jalb qilish va boshqalar) beradi. Biroq, sudya ko‘rilayotgan ishning mazmunan hal etilishi yuzasidan yakuniy fikrini bildirmaydi.
Dastlabki eshituv natijasiga ko‘ra, sudya arizani qaytarish yoki ishni sud muhokamasini tayinlash to‘g’risida ajrim chiqaradi.
Mazkur qaror fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘zlarining buzilgan huquqlarini tiklash maqsaddida ma’muriy sudga murojaat qilishda sansalorliklarning oldini olish, sudga taqdim etilgan arizadagi kamchiliklarni bartaraf qilish, dastlabki eshituv bosqichida taraflar o‘rtasidagi nizoning mohiyatini anglagan holda, kelajakda bo‘lib o‘tadigan sud muhokamalariga tayyorgarlik ko‘rish, aniqlanilishi lozim bo‘lgan holatlarni va ishda ishtirok etishi lozim bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash, sud muhokamalarida javobgar ishtirokining ta’minlashida va sud qarorlarining ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Raxima XUDAYBERGANOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi 

SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi S.Karamatdinova tomonidan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Amudaryo tumani bo‘limida sayyor ochiq sud majlisi o‘tkazildi.

 

Unda tumanda yashovchi to‘rt fuqaroning Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Amudaryo tumani bo‘limi qarorlarini haqiqiy emas deb topish va majburiyat yuklash haqidagi arizalari ko‘rib chiqildi. Natijada ikki ariza beruvchi fuqaroning pensiya tayinlashda hisobga olinmay qolgan ish stajlarining ayrim davrlarida majburiy sug‘urta badallari to‘langanligi aniqlangan. Sud majlisida ish hujjatlari o‘rganib chiqilib, fuqaro R.R. va J.A.larning arizalarini qisman qanoatlantirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi.

 

Sud majlisi yakunlangach, sudya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024 yil 16 dekabr kungi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 39-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil 29 noyabr kungi «Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 44-sonli qaroriga o‘zgartirish kiritilganligi ta’kidlanib, ushbu qarorlarning mazmuni va ahamiyati tushuntirildi.

FUQAROLIK ISHLARI BO’YICHA NUKUS TUMANLARARO SUDIDA «SUD VA YOSHLAR» TADBIRI O’TKAZILDI

 

«Sud va yoshlar» tadbiri – yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va sud tizimiga bo’lgan qiziqishini mustahkamlashda muhim tadbirlardan biridir. Fuqarolik ishlari bo’yicha Nukus tumanlararo sudida o’tkazilgan ana shunday tadbirga Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogoka instituti qoshidagi 2-son akademik litseyninh huquqshunoslik yo’nalishida tahsil olayotgan o’quvchilari taklif qilindi.

 

 

Sudlarda bunday tadbirning o‘tkazilishi yoshlarni huquqiy jarayonlar bilan tanishtirish, sudning ishlash tizimini tushuntirishga katta hissa qo‘shadi. Tadbirda sudyalar M.Adilova, J.Baltabaeva, S.Aytniyazova va R.Xanpolatovalar  sud jarayonlarida yoshlarning huquqlari, fuqarolik ishlarining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar berishdi.

 

Sudyalar yoshlar bilan suhbatlashib, ularga sud jarayonlarini bevosita kuzatish imkoniyatini ham berdilar.

 

QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR TANISHTIRILDI

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi J.Aymag’anbetova va Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudya yordamchisi G.Berdiyeva tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida uchrashuv o‘tkazildi.

 

 

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-33-sonli «Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

 

XOTIN-QIZLAR VA BOLALARNI TAZYIQ VA ZO‘RAVONLIKDAN HIMOYA QILISH

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasiga muvofiq, inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

 

Konstitutsiyaning 26-moddasiga muvofiq, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqlarga solinishi, kuch ishlatishga, boshqa shafqatsiz, insonga yot yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlarga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.

 

Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar o‘rtasida nazoratsizlik va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

 

Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda qator muammolar ham mavjud edi. Xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlariga tajovuz qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun tegishli sanksiyalar belgilanmaganligi, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy kafolatlari mavjud emasligi, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini beruvchi orderning amal qilish muddati xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yetarli darajada himoya qilinishini ta’minlash imkonini bermaganligi ayrim hollarda muammo va qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

 

 

Shu bois ayni vaqtda, ya’ni 2023 yil 11 aprel kuni «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.

 

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘z huquq va manfaatlarini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi, shuningdek, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlab qo‘yuvchi o‘zgartishlar kiritildi.

 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Endilikda, quyidagi jinoyatlarni sodir etganlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi:

 

18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish va uni jinsiy aloqa qilishga majburlash bilan bog‘liq jinoyatlar;

 

16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;

 

voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;

 

voyaga yetmagan shaxs ishtirokida hamkorlik, jinnixona tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar.

 

Ayolni homilasini sun’iy tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha yoki 3 yildan 5 yilgacha, muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, nomusga tegish (118-modda) va jinsiy xohishni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda) jinoyatlari uchun javobgarlik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

 

Shuningdek, ushbu jinoyatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, sobiq turmush o‘rtog‘iga, bir oila asosida birga yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi, jabrlanuvchiga qarash yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilishi jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb topilishi nazarda tutilmoqda.

 

18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, yaqin qarindosh, sobiq xotin, bir oila asosida birga yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandi bor shaxsni jinsiy aloqa qilishga majburlaganlik uchun javobgarlik belgilanib, bu jinoyat uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

 

Qonun bilan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik kiritilib, unga ko‘ra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir oilada yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega shaxsga nisbatan:

 

mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish;

 

mol-mulkiga va shaxsiy buyumlariga qasddan zarar yetkazish;

 

ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, ushbu harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

 

Yuqoridagi shaxslarni urish, tan jarohati yetkazish yetkazilgan jarohatdan kelib chiqqan holda og‘irlashtiruvchi holatlarni keltirib chiqarsa, xususan, sog‘liqning uzoq vaqt (kamida 21 kun, lekin 4 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda) yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining 10 foizidan 33 foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

 

Voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirildi.

 

Shuningdek, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan jihatlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. Ushbu jinoyat og‘irlashtiruvchi holatlarda 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy tarzda jalb etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

 

 

Bundan tashqari, endi shahvoniy zo‘ravonlik qilish, ya’ni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, shaxsning tashqi ko‘rinishi yoki qaddi-qomatini ta’riflashda, imo-ishora qilishda, tegishda, chaqirishda ko‘rsatilgan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol tarzda yoki bir necha marta sodir etish 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

 

Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (474-modda), ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (475-modda) kabi ma’muriy qilmishlar quyidagi javobgarliklar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

 

15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga;

 

120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy tarzda jalb etishga;

 

ma’muriy jazolarning mazkur turlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima solishga.

 

Shuningdek, Qonun bilan yangi to‘ldirilgan normaga muvofiq, ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda yoki ular o‘z ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaydigan davr uchun voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasligi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanib, ushbu huquqbuzarlik bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

 

Shuningdek, ayolni (erini), sobiq xotinni (sobiq erini), bir oilada yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandi bor shaxsni urish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

 

Bolalar hayoti, sog‘lig‘i yoki axloqi uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kiritilgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarda ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.

 

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga beriladigan himoya orderining muddati sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

 

Ushbu Qonun xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga, bolalar va ayollar huquqlariga oid xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

 

 

Spartak NIYAZOV,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

MAHALLADA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi S.Davletmuratov tomonidan tumandagi «Bayterek» mahalla fuqarolar yig‘inida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan ayblangan shaxsga nisbatan to‘plangan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va sud hukmi bilan 20 (yigirma foiz) davlat foydasiga ushlab qolish yo‘li bilan 2 (yil) muddatga axloq tuzatish jazosi tayinlandi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayblanayotgan shaxsga nisbatan to‘plangan jinoyat ishi ham ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sudya ishdagi barcha dalillarni o‘rganib, jabrlanuvchi, guvoh va sudlanuvchining so‘nggi so‘zlarini tinglab, quyidagicha ajrim chiqardi.

 

Sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonlik bildirgani va jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab bergani, jabrlanuvchining qonuniy vakili tomonidan sudlanuvchini kechirganligi, boshqa da’vosi yo‘qligi inobatga olinib, jinoyat ishi taraflarning o‘zaro yarashganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 4-qismiga asosan ish yurituvdan to‘xtatildi.

 

Sayyor sud majlisi tugagandan so‘ng, sud raisi tomonidan «Qizil hudud»ga kiritilgan ushbu hududda yuz bergan huquqbuzarliklar tahlil qilinib, kelgusida bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan ham fuqarolarga keng tushunchalar berildi.

 

Skip to content