KITOBXON SUDYALAR BELLASHUVI

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyalari va xodimlari o‘rtasida “Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi” tanlovi o‘tkazildi.
Ishtirokchilar o‘zbek mumtoz va jahon adabiyoti asarlaridan tanlangan 5 ta kitobni o‘qib, ularning mazmun-mohiyati, g’oyasi va ahamiyatini sharhlab berdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir. Kitob – beminnat ustoz. Bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai. Shu boisdan ham, kitoblar barcha zamonlar uchun eng zarur narsa, qalblar malhami, bilimlar xazinasi, donishmandlik chashmasi bo‘lib kelgan. Kitob barcha sohaga oid ma’lumotlarni to‘plash, saqlash usuli sifatida katta ahamiyatga ega.

Tanlov davomida hakamlar hay’ati a’zolari har bir ishtirokchining badiiy asar haqidagi nutqi, savollarga to‘g’ri va to‘liq javob berishini xolis va adolatli baholab bordi.

Tanlov yakunida Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyalar malaka hay’ati kotibi Timur Turgaliev birinchi o‘rinni, Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyasi Janat Aymag’anbetova ikkinchi o‘rinni, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining bosh konsultanti Gulayim G’anieva hamda sudya katta yordamchisi Ilhom Mustafaev uchinchi o‘rinni egalladi.

G’oliblarga diplom va esdalik sovg’alari topshirildi.