Soxta prokurorlik uzoqga bormadi

“Yo’q bug’doyga yo’q tegirmon”. Bu maqol bejizga aytilmagan. Ammo Shunday kimsalar borki, uni bor qilish payiga tushadi. Feruzbek (ism o’zgartirilgan) ham o’zida yo’q narsani hayol qildi. O’zidan transport prokurorini yasab, odamlarni aldashga urindi. Ilgari ham bir necha marotaba nomusga tegish, o’g’irlik kabi jinoyatlari uchun o’z jaza muddatini o’tagan Feruzbek bu qilmishlaridan o’ziga to’g’ri xulosa chiqarmasdan yana “jinoyat ko’chasi”ga kirdi. Bu gal avvalgi qilmishlaridan farqli o’laroq, o’zini davlat idorasining katta lavozimida ishlovchi shaxs ya’ni Qo’ng’irot tumani Transport prokurori lavozimida ishlagan “Bakir” ismli shaxs niqobi ostida tanishtirib, oson boylik orttirish payiga tushadi.

 

“Qarmoqga ilinadigan yog’liroq baliq” izladi va uni topdi ham! O’zining bolalikdagi tanishi Alish buning uchun eng oson “o’lja” bo’ldi. Alish “O’zbekiston temir yo’llari” aktsiadorlik jamiyatiga qarashli “Miskin” bekati yonilg’i ombor ho’jaligi Qo’ng’irot yonilg’i omborxonasi ombor mudiri bo’lib ishlar edi.

 

Bir kuni Alishning telefoniga notanish raqamdan qo’ng’iroq bo’ldi.

 

-Men Bakirman, Qo’ng’irot tumani Transport prokurori tanimadingmi? Bugun mehmonlarim bor edi, ularni yaxshiroq kuzatishimiz kerak shunga sen 1.200.000 so’m pulni manavi plastik raqamga tashavor. Qo’lingdan keladimi?

-Albatta, xo’p akajon…

 

Voqea ana shunday bir-ketin avj olib ketaveradi. Alish o’z amalidan ayrilib qolmaslik uchun Bakirning kun ora qilgan qo’ng’irotlariga javob berib, “prokuror” so’ragan pullarni qanday bo’lmasin topib berish harakatiga tushdi.

 

Dastlab 1.200.000 so’mni hech qanday qiyinchilik va e’tirozlarsiz olishga muvaffaq bo’lgan Bakirning “ishtahasi xakalak” ota boshlaydi.

 

Bir kuni tutungan otasining yangi sotib olgan avtomashinasiga yangi ballonlar olib berish uchun 2.200.000 so’m pul olgan bo’lsa, oradan 2-3 kun vaqt o’tib Bakir o’zining boshqaruvidagi avtomashinasida yo’l harakat xodisasi sodir qilib olganligini, shunga ta’mir ishlari uchun 7.000.000 so’m pul zarurligini aytib “oltin baliq”dan istaginini olib o’tiradi.

 

Ammo doimo Bakirning cho’ntagiga, uning obro’si va mehmonlari uchun o’z topganini sarflashdan charchagan Alish shubhaga o’tadi. Aniq transport prokuraturasida “Bakir” bormi yo’g’mi, birinchi ishi shuni aniqlash bo’ldi. Haqiqatda bor mavjud sobiq prokuror “Bakir”ni topib unga bo’lgan voqealarni so’zlab beradi. Shu orada soxta “Bakir” qilmishlarini oshkor qilish uchun puxta rejalashtirilgan tezkor tadbir o’tkaziladi. Oqibatda Bakir o’zining keyingi topshirig’i bo’yicha Alishdan so’ragan 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo’lga olindi.

 

Mazkur ish sudta ko’rilib, soxta Bakir aslida Alishning bolalikdagi tanishi Feruzbek ekanligi aniqlanib, uning jinoyati rad etib bo’lmas dalillar bilan isbotini topdi.

 

Sud hukmi bilan unga O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan shu kodeksning 57-moddasi qo’llanilib 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo qattiq tartibli koloniyada o’tash belgilandi.

 

“Qilmish qidirmish” deganlari shu bo’lsa kerak!

 

 

Dawletbay Razov,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi