Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish, chet davlat sudining topshirig’ini ijro etish yuzasidan

O’zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari hamda qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar hamda boshqa ishlar bo’yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari O’zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladi. Chet davlat sudi deganda chet davlatning taraflar o’rtasidagi nizoni hal etuvchi vakolatli organi tushuniladi, chet el arbitraji deganda chet davlatning taraflar o’rtasidagi nizoni hal etish uchun doimiy yoki vaqtincha asosda faoliyat ko’rsatadigan nodavlat tashkiloti tushuniladi.

Chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish masalalari iqtisodiy sud tomonidan nizo bo’yicha hal qiluv qarori o’z foydasiga chiqarilgan tarafning arizasi bo’yicha hal etiladi. Bunda mazkur ariza arizachi tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga qarzdorning joylashgan eri yoki yashash joyi bo’yicha yoxud, agar qarzdorning joylashgan eri yoki yashash joyi noma’lum bo’lsa, qarzdor davlat ro’yxatidan o’tkazilgan joy bo’yicha yozma shaklda, imzolangan holda beriladi hamda unda ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi, chet davlat sudining yoki arbitrajining nomi va joylashgan eri hamda uning tarkibi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan eri (pochta manzili) yoki yashash joyi, arizachi tan olish va ijroga qaratishni so’rayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori to’g’risidagi ma’lumotlar, arizachining chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi iltimosnomasi, ilova qilinayotgan hujjatlarning ro’yxati ko’rsatilgan bo’lishi kerak.

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori, agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, u qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran uch yil muddat ichida, tan olish va ijroga qaratish uchun taqdim etilishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal etishda, u O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (keyingi matnda – IPK) 249-252-moddalarining talablari buzilgan holda taqdim etilganligini aniqlasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni o’z ajrimi bilan qaytaradi, mazkur ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Arizani qaytarish uchun asos bo’lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin manfaatdor shaxs umumiy tartibda ariza bilan O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudiga yangidan murojaat etishga haqli.

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi ariza, agar O’zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, mazkur bobda belgilangan xususiyatlarni e’tiborga olgan holda IPKning qoidalari bo’yicha u iqtisodiy sudga kelib tushgan kundan e’tiboran olti oydan oshmagan muddatda sud majlisida ko’riladi.

O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ishni ko’rishda chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko’rib chiqishga haqli emas.

O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi chet davlat sudining hal qiluv qarorini to’liq yoki qisman tan olishni va ijroga qaratishni quyidagi hollarda rad qiladi, agar:

1) hududida hal qiluv qarori qabul qilingan davlatning qonuni bo’yicha u qonuniy kuchga kirmagan bo’lsa, bundan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmasdan ijro etilishi lozim bo’lgan hollar mustasno;

2) o’ziga qarshi hal qiluv qarori qabul qilingan taraf ishni ko’rish vaqti va joyi haqida o’z vaqtida va tegishli tarzda xabardor qilinmagan yoki boshqa sabablarga ko’ra o’z tushuntirishlarini sudga taqdim eta olmagan bo’lsa;

3) O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga yoki qonunchiligiga muvofiq ishni ko’rish O’zbekiston Respublikasi sudining mutlaq vakolatiga taalluqli bo’lsa;

4) ayni bir shaxslar o’rtasidagi, ayni bir predmet to’g’risidagi va ayni bir asoslar bo’yicha nizo yuzasidan qabul qilingan, O’zbekiston Respublikasi sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo’lsa;

5) ayni bir shaxslar o’rtasidagi, ayni bir predmet to’g’risidagi va ayni bir asoslar bo’yicha nizo yuzasidan chet davlat sudida ish yuritish qo’zg’atilgunga qadar qo’zg’atilgan ish O’zbekiston Respublikasining sudida ko’rilayotgan bo’lsa;

6) chet davlat sudining hal qiluv qarorini majburiy ijroga qaratish muddati o’tgan va ushbu muddat sud tomonidan tiklanmagan bo’lsa;

7) taraf tomonidan nizo vakolatsiz chet davlat sudi tomonidan hal etilganligini tasdiqlovchi dalil taqdim qilingan bo’lsa;

8) hal qiluv qarori chet davlatning vakolatli organi tomonidan bekor qilingan bo’lsa;

9) hal qiluv qarori chet davlat sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bilan bog’liq O’zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining ishtirokchisi bo’lmagan chet davlat sudi tomonidan chiqarilgan bo’lsa;

10) chet davlat sudi hal qiluv qarorining ijro etilishi O’zbekiston Respublikasining suverenitetiga, xavfsizligiga zarar etkazsa yoki qonunchiligining asosiy printsiplariga zid bo’lsa.

Chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijro etish O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko’ra ham rad etilishi mumkin.

 

Zulfiya Xasanova,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi