Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish, chet davlat sudining topshirig’ini ijro etish yuzasidan

O’zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari hamda qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar hamda boshqa ishlar bo’yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari O’zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladi. Chet davlat sudi deganda chet davlatning taraflar o’rtasidagi nizoni hal etuvchi vakolatli organi tushuniladi, chet el arbitraji deganda chet davlatning taraflar o’rtasidagi nizoni hal etish uchun doimiy yoki vaqtincha asosda faoliyat ko’rsatadigan nodavlat tashkiloti tushuniladi.

Chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish masalalari iqtisodiy sud tomonidan nizo bo’yicha hal qiluv qarori o’z foydasiga chiqarilgan tarafning arizasi bo’yicha hal etiladi. Bunda mazkur ariza arizachi tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga qarzdorning joylashgan eri yoki yashash joyi bo’yicha yoxud, agar qarzdorning joylashgan eri yoki yashash joyi noma’lum bo’lsa, qarzdor davlat ro’yxatidan o’tkazilgan joy bo’yicha yozma shaklda, imzolangan holda beriladi hamda unda ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi, chet davlat sudining yoki arbitrajining nomi va joylashgan eri hamda uning tarkibi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan eri (pochta manzili) yoki yashash joyi, arizachi tan olish va ijroga qaratishni so’rayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori to’g’risidagi ma’lumotlar, arizachining chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi iltimosnomasi, ilova qilinayotgan hujjatlarning ro’yxati ko’rsatilgan bo’lishi kerak.

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori, agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, u qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran uch yil muddat ichida, tan olish va ijroga qaratish uchun taqdim etilishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal etishda, u O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (keyingi matnda – IPK) 249-252-moddalarining talablari buzilgan holda taqdim etilganligini aniqlasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni o’z ajrimi bilan qaytaradi, mazkur ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Arizani qaytarish uchun asos bo’lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin manfaatdor shaxs umumiy tartibda ariza bilan O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudiga yangidan murojaat etishga haqli.

Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi ariza, agar O’zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, mazkur bobda belgilangan xususiyatlarni e’tiborga olgan holda IPKning qoidalari bo’yicha u iqtisodiy sudga kelib tushgan kundan e’tiboran olti oydan oshmagan muddatda sud majlisida ko’riladi.

O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ishni ko’rishda chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko’rib chiqishga haqli emas.

O’zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi chet davlat sudining hal qiluv qarorini to’liq yoki qisman tan olishni va ijroga qaratishni quyidagi hollarda rad qiladi, agar:

1) hududida hal qiluv qarori qabul qilingan davlatning qonuni bo’yicha u qonuniy kuchga kirmagan bo’lsa, bundan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmasdan ijro etilishi lozim bo’lgan hollar mustasno;

2) o’ziga qarshi hal qiluv qarori qabul qilingan taraf ishni ko’rish vaqti va joyi haqida o’z vaqtida va tegishli tarzda xabardor qilinmagan yoki boshqa sabablarga ko’ra o’z tushuntirishlarini sudga taqdim eta olmagan bo’lsa;

3) O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga yoki qonunchiligiga muvofiq ishni ko’rish O’zbekiston Respublikasi sudining mutlaq vakolatiga taalluqli bo’lsa;

4) ayni bir shaxslar o’rtasidagi, ayni bir predmet to’g’risidagi va ayni bir asoslar bo’yicha nizo yuzasidan qabul qilingan, O’zbekiston Respublikasi sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo’lsa;

5) ayni bir shaxslar o’rtasidagi, ayni bir predmet to’g’risidagi va ayni bir asoslar bo’yicha nizo yuzasidan chet davlat sudida ish yuritish qo’zg’atilgunga qadar qo’zg’atilgan ish O’zbekiston Respublikasining sudida ko’rilayotgan bo’lsa;

6) chet davlat sudining hal qiluv qarorini majburiy ijroga qaratish muddati o’tgan va ushbu muddat sud tomonidan tiklanmagan bo’lsa;

7) taraf tomonidan nizo vakolatsiz chet davlat sudi tomonidan hal etilganligini tasdiqlovchi dalil taqdim qilingan bo’lsa;

8) hal qiluv qarori chet davlatning vakolatli organi tomonidan bekor qilingan bo’lsa;

9) hal qiluv qarori chet davlat sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bilan bog’liq O’zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining ishtirokchisi bo’lmagan chet davlat sudi tomonidan chiqarilgan bo’lsa;

10) chet davlat sudi hal qiluv qarorining ijro etilishi O’zbekiston Respublikasining suverenitetiga, xavfsizligiga zarar etkazsa yoki qonunchiligining asosiy printsiplariga zid bo’lsa.

Chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijro etish O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko’ra ham rad etilishi mumkin.

 

Zulfiya Xasanova,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

Qoraqalpog’iston Respublikasi jinoyat ishlari bo’yicha sudlari tomonidan 2021 yil davomida korruptsiya bilan bog’liq ko’rilgan jinoyat ishlari yuzasidan ma’lumot

Qoraqalpog’iston Respublikasi jinoyat ishlari bo’yicha sudlari tomonidan 2021 yil davomida korruptsiya bilan bog’liq jami 267 shaxsga nisbatan 183 jinoyat ishi (Jinoyat Kodeksining 167, 168, 1929-19211, 205-206, 209-214, 243-moddalari) ko’rib chiqilgan.

 

Shundan, 253 shaxsga nisbatan 173 ta ish bo’yicha ayblov hukmi chiqarilgan, ayblov hukmi bilan 190 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlangan, ulardan 46 shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo’llanilgan, 96 nafar shaxsga qo’shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 1 nafar shaxs shartli hukm qilingan. Shuningdek, 62 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlanmasdan ayblov hukm chiqarilgan.

 

Oqlov hukmi chiqarilgan ishlar bo’lmagan.

 

14 shaxsga nisbatan 10 ta ish tugatilgan, shundan 1 shaxsga nisbatan
1 ish reabilitatsiya asoslarida tugatilgan.

 

 

Jazo tayinlanib hukm chiqarilgan shaxslardan:

 

40 nafariga yoki 21 foiziga nisbatan jarima;

88 nafariga yoki 46,3 foiziga nisbatan ahloq tuzatish ishlari;

50 nafariga yoki 26,4 foiziga nisbatan ozodlikdan cheklash;

12 nafari yoki 6,3 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Jami jazo tayinlab hukm chiqarilgan shaxslarning 46 nafariga yoki 24,2 foiziga Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo’llanilib, engilroq jazo tayinlangan.

 

Jinoyat Kodeksining 57-moddasini qo’llash asoslari tahlili quyidagicha:

 

3 nafari yoki 6,5 foiziga ayol kishi bo’lganligi;

22 nafari yoki 47,8 foizi qilmishidan chin qo’ngildan mushaymon bo’lganligi;

3 nafari yoki 6,5 foizi serfarzand bo’lganligi;

7 nafari yoki 15,2 foizi voyaga etmagan farzandlari borligi;

1 nafari yoki 2,2 foizi oilada yagona boquvchi ekanligi;

1 nafari yoki 2,2 foizi ish bo’yicha kafillik mavjudligi;

9 nafari yoki 19,6 foizi boshqa holatlar mavjudligi asos bo’lgan.

 

Shuningdek, mazkur toifadagi jinoyatni sodir etib, sudlangan 191 nafar shaxslarning toifasi tahlil qilinganida:

 

27 nafari 14,1 foizi 30 yoshgacha bo’lgan;

159 nafari 83,2 foizi 31-60 yosh oralig’idagi;

5 nafari yoki 2,6 foizi 60 yosh va undan yuqori bo’lgan shaxslarni;

 

152 nafari yoki 79,6 foizi erkaklarni;

39 nafari yoki 20,4 foizi ayollarni;

 

166 nafari yoki 86,9 foizi oilali;

17 nafari yoki 8,9 foizi oilasiz (oilasidan ajrashgan);

8 nafari yoki 4,2 foizi turmush qurmagan shaxslarni;

 

16 nafari yoki 8,4 foizi muqaddam sudlangan, shu jumladan 9 nafari yoki 56,2 foizi muqaddam mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir qilib sudlangan shaxslarni tashkil qilgan.

 

Mazkur toifadagi jinoyatni sodir etgan shaxslarning sohalar kesimida tahlili

 

6 nafari yoki 2,2 foizi tuman (shahar) hokimliklari (hokim o’rinbosarlari);

4 nafari yoki 1,5 foizi tuman (shahar) IIB xodimlari;

1 nafari yoki 0,4 foizi viloyat miqiyosidagi soliq xizmati vakili;

2 nafari yoki 0,7 foizi tuman (shahar) miqiyosidagi adliya idoralari vakillari;

42 nafari yoki 15,7 foizi ta’lim muassasalari, shu jumladan 4 nafari yoki 9,5 foizi oliy va o’rta-maxsus ta’lim (1 nafari tuman (shahar), 3 nafari viloyat miqiyosidagi), 21 nafari yoki 50,0 foizi xalq ta’limi (20 nafari tuman (shahar), 1 nafari viloyat miqiyosidagi), 17 nafari yoki 40,5 foizi maktabgacha ta’lim tizimi (barchasi tuman (shahar) miqiyosidagi);

13 nafari yoki 4,8 foizi tuman (shahar) miqiyosidagi tibbiy muassasalar xodimlari;

30 nafari yoki 11,2 foizi tuman (shahar) miqiyosidagi qurilish sohasi;

10 nafari yoki 3,7 foizi bank tizimi (9 nafari tuman (shahar), 1 nafari viloyat miqiyosidagi);

9 nafari yoki 3,4 foizi komunal xizmat ko’rsatish sohasi (6 nafari tuman (shahar), 3 nafari viloyat miqiyosidagi);

5 nafari yoki 1,9 foizi tuman (shahar) miqiyosidagi o’zini o’zi boshqarish organlari;

33 nafari yoki 12,3 foizi ishsiz shaxslarni;

112 nafari yoki 41,9 foizi boshqa soha vakillarini tashkil qilgan.

 

Jinoyatlarning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar tahlili

 

Quyidagi holatlar jinoyatlarning sodir etilishiga imkon bergan:

Davlat xaridlari bilan bog’liq qonun talablariga rioya qilinmaganligi – 47 ta holatda ya’ni 17,6 foizi;

Ayblanuvchining ijtimoiy ta’minlanmagaligi – 42 ta holatda ya’ni 15,7 foizi;

Ishga qabul qilishda mansabdorning (xodimning) shaxsi lozim darajada o’rganilmaganligi, ayblanuvchining malaka darajasi etishmasligi – 15 ta holatda ya’ni 5,6 foizi;

Davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog’ida manfaatlar to’qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo’lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo’l qo’yganligi – 28 ta holatda ya’ni 10,5 foizi;

Davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko’tarishning shaffof tartibining mavjud emasligi – 1 holatda ya’ni 0,4 foizi;

Tizimda ish faoliyati to’g’ri yo’lga qo’yilmaganligi, sohada byurokratik to’siqlarning mavjudligi – 114 holatda ya’ni 42,7 foizi;

Ish hajmining to’g’ri taqsimlanmaganligi, malakali xizmat ko’rsatilmasligi – 12 holatda ya’ni 4,5 foizi;

Ayblanuvchining sohaga taalluqli bo’lmagan xizmatlarga biriktirilganligi – 8 holatda ya’ni 3,0 foizi.

 

Aynan bir sohada tizimli tarzda sodir etilayotgan jinoyatlar va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar tahlili

 

Aynan bir sohada sodir etilayotgan jinoyatlar va unga yo’l qo’yib bergan omillar tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, ta’lim va boshqa sohalarda Jinoyat Kodeksining 209-moddasi va Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan jinoyatlar majmui bilan ayblash holatlari ko’p. Bunday jinoyatlarning kelib chiqishiga tizimda ish faoliyati to’g’ri yo’lga qo’yilmaganligi, yuqori turuvchi mas’ul shaxslarning nazoratni susaytirib yuborganligi sabab bo’lgan.

Shu bilan birga, ko’rilgan ishlar tahlili fuqarolarning masalalarini (ishga joylashtirish, o’qishga kiritish, er uchastkasini ajratish uchun hokim qarorini chiqarib berish va h.q.) yuqori idoralarda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga ularning pullarini aldash yo’li bilan qo’lga kiritish hollari ko’p uchraganligini, bunday holatlarning yuzaga kelishiga aholining huquqiy madaniyati pastligi sabab bo’lganligini ko’rishimiz mumkin.

 

Sudlar tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlili

2021 yil davomida Qoraqalpog’iston Respulikasi jinoyat ishlari bo’yicha sudlari tomonidan korruptsiya bilan bog’liq jinoyat ishlari yuzasidan 2 marotaba, Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bo’yicha 1 marotaba umumlashtirishlar o’tkazilgan, shundan 167-moddasi bo’yicha o’tkazilgan 1 ta umumlashtirishning yakuni bo’yicha 2 ta, ya’ni Qoraqalpog’iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga nisbatan taqdimnomalar chiqarilgan.

2021 yilda sudlarda mazmunan ko’rib chiqilgan korruptsiya bilan bog’liq ishlar bo’yicha jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan 144 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan. Shundan 126 ta ajrim tegishli idora, muassasa va tashkilotlarda muhokama qilingan, 2 tasi bo’yicha mas’ul shaxslarga nisbatan choralar ko’rilgan, 16 tasi bo’yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olingan.

Jinoyat ishlari bo’yicha sudlar tomonidan 2021 yilda korruptsiyaga qarshi kurashish borasida jami 407 ta, jumladan 68 ta korxona-tashkilotlarda, 56 ta o’quv muassasalarida va 283 ta aholi o’rtasida ma’ruza va davra suhbatlari o’tkazilgan.

Ommaviy axborot vositalarida 339 ta, jumladan 27 ta televidenieda, 22 ta radioda, 13 gazeta-jurnallarda va 277 ta veb-saytlarda chiqishlar qilingan.

 

Korruptsiyaga qarshi kurashish borasida taklif va mulohazalar

Qoraqalpog’iston Respublikasi jinoyat ishlari bo’yicha sudlarida
2021 yil davomida korruptsiya bilan bog’liq ko’rib chiqilgan jinoyat ishlari yuzasidan o’tkazilgan umumlashtirish yakuni bo’yicha qo’yidagi takliflar kiritladi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish borasida sudlarning rolini kuchaytirish, keng jamoatchilikning bu illatga qarshi kurashishda faolligini oshirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish lozim bo’ladi:
sudda ko’rilib ayblov hukmi chiqarilgan har bir korruptsiyaga bog’liq jinoyat ishi natijalarini OAVlarida keng yoritib borish;

korruptsiya bilan bog’liq ishlarni o’quv muassasalari, yoshlar kengashi, mahalla fuqarolar yig’inlarida sayyor sud majlisida muhokama qilish.

O’qishga va ishga qabul qilish jarayonlarida poraxo’rlikni yo’q qilish maqsadida:
oliy va o’rta-kasb ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish jarayonlarini to’liq ya’ni nafaqat imtihon olish jarayonlarini, balki ariza topshirish, ularni o’rganib chiqish, imtihon varaqalarini tekshirish, qaysi savollarga berilgan javoblar to’g’ri-noto’g’riligini kuzatib borish va imtihon natijalarini qayd etish jarayonlarini internet orqali kuzatib borish tizimini yaratish;

ishga qabul qilish jarayonlari shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida barcha muassasa, tashkilot va korxonalar uchun majburiy bo’lgan “nomzodlarni tanlash va ularni ishga qabul qilish namunaviy tartibi”ni ishlab chiqish hamda nomzodlarni tanlovini internet orqali kuzatib borish tizimini yaratish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Barcha davlat muassasalarining davlat haridlarini amalga oshirishda tanlovlari e’lon qilinadigan yagona internet saytini yaratish, tanlovlarni faqat ushbu sayt orqali o’tkazilishini yo’lga qo’yish taklif etiladi.
Davlat organlarining funktsiyalarini to’liq inventarizatsiyadan o’tkazish, ushbu organga taaluqli bo’lmagan funktsiyalarni olib tashlash, idoralarning birin-biri takrorlovchi funktsiyalarni tugatish, qonun yoki normativ-hujjat bilan qamrab olinmagan funktsiyalarni tartibini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi

Sud hujjatlarining ijrosi

O’zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining (keyin-IPK) 334-moddasiga ko’ra, sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgach ijroga qaratiladi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda darhol ijroga qaratish hollari mustasno.

 

Da’voni ta’minlash bo’yicha choralar ko’rish, kelishuv bitimini tasdiqlash, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy tartibda ijroga qaratish uchun ijro varaqasini berish, chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi ajrim, shuningdek soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rib chiqilgan ishlar bo’yicha hal qiluv qarorlari darhol ijro etilishi lozim.

 

Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, sud hujjatining ijrosi sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.

 

IPKning 335-moddasida, sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy tartibda ijro ettirish huquqini tasdiqlovchi hujjat ijro varaqasidir – deb belgilangan.

 

Shuningdek, IPKning 337-moddasi birinchi qismi 5-bandiga ko’ra, sud hujjatining xulosa qismi ijro varaqasida ko’rsatilgan bo’lishi kerak.

 

Lekin amaliyotida sud tomonidan beriladigan ijro varaqasida javobgarning manzili xato ko’rsatilgan holatlari mavjud. Ya’ni bir misol: ushbu sudning 4-2301-2203/99-sonli iqtisodiy ish bo’yicha qo’shimcha javobgar manzili Toshkent shahri, Muqumiy ko’chasi XX uy deb ko’rsatilishi lozim bo’lsada, qo’shimcha javobgarning Qoraqalpog’iston Respublikasidagi filial manzili ko’rsatilgan. Natijada sudning ijro varaqasi integratsiyalangan elektron ma’lumotlar bazasi orqali Nukus shahar Majburiy ijro bo’limiga elektron shaklda jo’natilgan. Bu esa o’z navbatida Majburiy ijro bo’limi tomonidan qo’shimcha javobgarning Qoraqalpog’iston Respublikasidagi filialining hisob-raqamlarini xatlashga asos bo’lgan.

 

O’zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risida»gi Qonuning 31-moddasiga ko’ra, ijroga topshirilgan ijro hujjatidagi talablar noaniq bo’lgan taqdirda davlat ijrochisi ijro hujjatini berish uchun asos bo’lgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatini, shuningdek qonunga ko’ra ijro hujjati hisoblanadigan hujjatni tushuntirib berishni so’rab ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga ariza bilan murojaat qilishga haqli.

 

Ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organ davlat ijrochisining murojaati kelib tushgan kundan e’tiboran o’n kunlik muddat ichida uni ko’rib chiqadi va ijro hujjatini berish uchun asos bo’lgan o’zi qabul qilgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatining, shuningdek qonunga ko’ra ijro hujjati hisoblanadigan hujjatning mazmunini o’zgartirmagan holda unga tushuntirish beradi. Sud ijro hujjatiga tushuntirish berish to’g’risida ajrim chiqaradi, ijro hujjatini bergan boshqa organ esa qaror chiqaradi.

 

Nukus shahar Majburiy ijro bo’limining ijro hujjatiga tushuntirish berish haqidagi arizasi bo’yicha chiqarilgan sud ajrimida xato kamchilik to’g’rilang’an va sudning ijro varaqasi tegishli majburiy ijro byurosiga jo’natilgan.

 

 

Berdimurat Baymuratov,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi

Nukus garnizoni harbiy xizmatchilari ishtirokida korruptsiyaga qarshi kurashish yuzasidan profilaktik tadbir hamda ommaviy sayyor qabul o’tkazildi

O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Nukus harbiy sudi hamda Nukus harbiy prokuraturasi raxbariyati tomonidan Nukus garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi binosida Nukus garnizoni harbiy xizmatchilari ishtirokida korruptsiyaga qarshi kurashish yuzasidan profilaktik tadbir hamda ommaviy sayyor qabul o’tkazildi.

Tadbirda Nukus harbiy sudining raisi S.T.Kushatov kun tartibidagi masalalar bo’yicha, ya’ni Nukus garnizoni harbiy xizmatchilari ishtirokida korruptsiyaga qarshi kurashish yuzasidan “Korruptsiya – jamiyatni emiruvchi illatdir” mavzusida o’tkazilayotgan profilaktik tadbirning ahamiyati, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudi rayosatining 2022 yil 7 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudinig odil sudlovni amalga oshirish borasidagi vazifalari to’g’risida”gi RS-03-22-sonli qaroriga ilova qilingan harakatlar dasturining 15-bandi ijrosi yuzasidan hududlarda fuqarolarning murojaatlari yuzasidan sayyor qabullar o’tkazilishi belgilanganligini ta’kidlab, tadbirning mazmun-mohiyatini tushuntirdi va yig’ilishda ishtirok etayotgan mas’ullar bilan harbiylarni yaqindan tanishtirdi.

 

 

O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudi sudyasi A.Sattarov yig’ilish ishtirokchilari e’tiboriga “Korruptsiya – jamiyatni emiruvchi illatdir” mavzusida ma’ruza qildi. Tinglangan ma’ruza bo’yicha tadbir ishtirokchilari o’zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

 

Shundan so’ng Nukus harbiy sudi raisi S.Kushatov so’zga chiqib, harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar, ularning oqibati, kelib chiqish sabab va sharoitlari, shuningdek, O’zbekiston Respublikasida nafaqat Qurolli Kuchlarda, balki barcha sohalarda korruptsiyaga qarshi kurash keng ko’lamda olib borilayotganligini va biror bir holat aniqlangan taqdirda qonuniy asoslangan holda qat’iy choralar kurilayotganligini ta’kidlab, qonunchiligimizda korruptsiyaga qanday jazolar qo’llanilishi haqida harbiy xizmatchilar tushuntirishlar berdi.

 

Tadbir davomida ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilar o’zlarini qiynab kelgan muammolari bo’yicha tegishli soha vakillariga murojaat qilishdi. Xususan, shartnoma asosidagi harbiy xizmatchisi Fartiev Karimjon, murojatida Nukus shahrida xizmatini davom ettirish uchun yaqinda kelganligini, xozirda Nukus shahri 23 kichik tumandagi ko’p qavatli xonadonlarning birida vaqtincha yashayotganligini, oila qaramog’ida bo’lgan 3 yoshar farzandini maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish masalasida yordam berishni so’ragan. Bu murojaat bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi ma’sul xodimi davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarga nisbatan farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga qo’yishga berilgan imtiyozlar bo’yicha tushuntirishlar berildi.

 

Shartnoma asosidagi harbiy xizmatchisi Mamadiyorov Ma’murjon o’z murojatida turmush o’rtog’ini ishga joylashtirish masalasida yordam berishni so’ragan. Bu murojaat bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi ma’sul xodimi tomonidan Qoraqalopg’iston Respublikasida maktabgacha ta’lim muassasalarida 135 ta bo’sh ish joylari borligini, turmush o’rtog’i tegishli hujjatlarini o’zi bilan bilan birga olib kelgan holda, o’z mutaxassisligi bo’yicha maktabgacha ta’lim muassasalaridan biriga ishga joylashishi mumkinligi tushuntirildi.

Sanjar Kushatov,
Nukus harbiy sudi raisi

Korruptsiya — jamiyat kushandasi

Korruptsiyani bartaraf etish bo’yicha jahon ham jamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan bo’lsa-da, lekin hanuzgacha uni bartaraf etishni imkoniyati yo’q.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 06 iyul kungi korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risidagi PQ-5177-sonli Qarori qabul qilingan.

Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish va unga sharoit yaratib beruvchi holatlarni bartaraf etishga ulkan e’tibor berilganligi mamlakatimizda korruptsiya hali ham jamiyat hayotining qismi sifatida mavjudligini ko’rsatadi.

So’ngi yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish va uni minimal darajaga tushirish uchun bir qator islohotlar amalga oshirildi, xususan, oshkoralik printsipi keng targ’ib qilinib, unga to’liq amal qilish hamda davlat boshqaruv va huquqni muxofaza qiluvchi organlar faoliyatini halq nazoratiga olish yo’lga qo’yildi. Bunda ommaviy axborat vositalarining o’rni beqiyosligini inobatga olish lozim.

Korruptsiyaga unga beriladigan jazoni og’irlashtirish orqali kurashish samarali yo’l emasligini, jazolash funktsiyasi orqali korruptsiyani yo’qotib bo’lmasligini chet el davlatlar qonunchiligi misolida ham ko’rishimiz mumkin. Xususan, Xitoy Xalq demokratik Respublikasida korrupsion holatga yo’l qo’ygan mansabdor shaxslar muqarrar jazo o’lim jazosiga hukm qilinsa-da, korruptsiya holatlari haligacha uchrab turibdi.

Halqimizda bir naql bor — “kasalni davolagandan uning oldini olgan afzal”. Biz korruptsiyaga emas, korruptsiyaga shart-sharoit yaratib berayotgan holatlarga qarshi kurashishimiz va aholi savodxonligini oshirish orqali korruptsiyaga qarshi kurashishni uzoq muddati va samarali mexanizmi yaratishimiz mumkin. Bu mexanizmni ishlashi davlat organlarini ichki va tashqi nazorat tartibidagi nazorat tizimi kengaytirish bilangina cheklanmasdan xalq nazoratini ham kuchaytirish muhim rol o’ynaydi. Xalq nazoratini ommaviy axborot vositalariga erkinlik berish yo’li bilan amalga oshirishimiz mumkin.

Bugungi kunda mamlakatimizda uchrayotgan korruptsiya holatlari mansabdor shaxslar yoki pora taklif qilayotgan shaxslarning huquqiy ongi pastligidan kelib chiqayotganligi yo’q, ular korruptsiya va pora berish oqibatlari haqida bila turib mazkur jinoyatga qo’l urishmoqda.

Biz aholini korruptsiyaga nisbatan dunyoqarashini o’zgartirish orqali aholi savodxonligini oshirishimiz va korruptsiyaga shart-sharoit yaratib berayotgan holatlarni bartaraf qilishimiz mumkin bo’ladi.

 

Rustam Qurbanbaev,

Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi 

Skip to content