Sud hujjatlarining ijrosi

O’zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining (keyin-IPK) 334-moddasiga ko’ra, sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgach ijroga qaratiladi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda darhol ijroga qaratish hollari mustasno.

 

Da’voni ta’minlash bo’yicha choralar ko’rish, kelishuv bitimini tasdiqlash, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy tartibda ijroga qaratish uchun ijro varaqasini berish, chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to’g’risidagi ajrim, shuningdek soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko’rib chiqilgan ishlar bo’yicha hal qiluv qarorlari darhol ijro etilishi lozim.

 

Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, sud hujjatining ijrosi sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.

 

IPKning 335-moddasida, sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy tartibda ijro ettirish huquqini tasdiqlovchi hujjat ijro varaqasidir – deb belgilangan.

 

Shuningdek, IPKning 337-moddasi birinchi qismi 5-bandiga ko’ra, sud hujjatining xulosa qismi ijro varaqasida ko’rsatilgan bo’lishi kerak.

 

Lekin amaliyotida sud tomonidan beriladigan ijro varaqasida javobgarning manzili xato ko’rsatilgan holatlari mavjud. Ya’ni bir misol: ushbu sudning 4-2301-2203/99-sonli iqtisodiy ish bo’yicha qo’shimcha javobgar manzili Toshkent shahri, Muqumiy ko’chasi XX uy deb ko’rsatilishi lozim bo’lsada, qo’shimcha javobgarning Qoraqalpog’iston Respublikasidagi filial manzili ko’rsatilgan. Natijada sudning ijro varaqasi integratsiyalangan elektron ma’lumotlar bazasi orqali Nukus shahar Majburiy ijro bo’limiga elektron shaklda jo’natilgan. Bu esa o’z navbatida Majburiy ijro bo’limi tomonidan qo’shimcha javobgarning Qoraqalpog’iston Respublikasidagi filialining hisob-raqamlarini xatlashga asos bo’lgan.

 

O’zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risida»gi Qonuning 31-moddasiga ko’ra, ijroga topshirilgan ijro hujjatidagi talablar noaniq bo’lgan taqdirda davlat ijrochisi ijro hujjatini berish uchun asos bo’lgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatini, shuningdek qonunga ko’ra ijro hujjati hisoblanadigan hujjatni tushuntirib berishni so’rab ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga ariza bilan murojaat qilishga haqli.

 

Ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organ davlat ijrochisining murojaati kelib tushgan kundan e’tiboran o’n kunlik muddat ichida uni ko’rib chiqadi va ijro hujjatini berish uchun asos bo’lgan o’zi qabul qilgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatining, shuningdek qonunga ko’ra ijro hujjati hisoblanadigan hujjatning mazmunini o’zgartirmagan holda unga tushuntirish beradi. Sud ijro hujjatiga tushuntirish berish to’g’risida ajrim chiqaradi, ijro hujjatini bergan boshqa organ esa qaror chiqaradi.

 

Nukus shahar Majburiy ijro bo’limining ijro hujjatiga tushuntirish berish haqidagi arizasi bo’yicha chiqarilgan sud ajrimida xato kamchilik to’g’rilang’an va sudning ijro varaqasi tegishli majburiy ijro byurosiga jo’natilgan.

 

 

Berdimurat Baymuratov,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi