Korruptsiya — jamiyat kushandasi
Korruptsiyani bartaraf etish bo’yicha jahon ham jamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan bo’lsa-da, lekin hanuzgacha uni bartaraf etishni imkoniyati yo’q.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 06 iyul kungi korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risidagi PQ-5177-sonli Qarori qabul qilingan.
Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish va unga sharoit yaratib beruvchi holatlarni bartaraf etishga ulkan e’tibor berilganligi mamlakatimizda korruptsiya hali ham jamiyat hayotining qismi sifatida mavjudligini ko’rsatadi.
So’ngi yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish va uni minimal darajaga tushirish uchun bir qator islohotlar amalga oshirildi, xususan, oshkoralik printsipi keng targ’ib qilinib, unga to’liq amal qilish hamda davlat boshqaruv va huquqni muxofaza qiluvchi organlar faoliyatini halq nazoratiga olish yo’lga qo’yildi. Bunda ommaviy axborat vositalarining o’rni beqiyosligini inobatga olish lozim.
Korruptsiyaga unga beriladigan jazoni og’irlashtirish orqali kurashish samarali yo’l emasligini, jazolash funktsiyasi orqali korruptsiyani yo’qotib bo’lmasligini chet el davlatlar qonunchiligi misolida ham ko’rishimiz mumkin. Xususan, Xitoy Xalq demokratik Respublikasida korrupsion holatga yo’l qo’ygan mansabdor shaxslar muqarrar jazo o’lim jazosiga hukm qilinsa-da, korruptsiya holatlari haligacha uchrab turibdi.
Halqimizda bir naql bor — “kasalni davolagandan uning oldini olgan afzal”. Biz korruptsiyaga emas, korruptsiyaga shart-sharoit yaratib berayotgan holatlarga qarshi kurashishimiz va aholi savodxonligini oshirish orqali korruptsiyaga qarshi kurashishni uzoq muddati va samarali mexanizmi yaratishimiz mumkin. Bu mexanizmni ishlashi davlat organlarini ichki va tashqi nazorat tartibidagi nazorat tizimi kengaytirish bilangina cheklanmasdan xalq nazoratini ham kuchaytirish muhim rol o’ynaydi. Xalq nazoratini ommaviy axborot vositalariga erkinlik berish yo’li bilan amalga oshirishimiz mumkin.
Bugungi kunda mamlakatimizda uchrayotgan korruptsiya holatlari mansabdor shaxslar yoki pora taklif qilayotgan shaxslarning huquqiy ongi pastligidan kelib chiqayotganligi yo’q, ular korruptsiya va pora berish oqibatlari haqida bila turib mazkur jinoyatga qo’l urishmoqda.
Biz aholini korruptsiyaga nisbatan dunyoqarashini o’zgartirish orqali aholi savodxonligini oshirishimiz va korruptsiyaga shart-sharoit yaratib berayotgan holatlarni bartaraf qilishimiz mumkin bo’ladi.
Rustam Qurbanbaev,
Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi