OLIY SUD RAISI BMT BOLALAR JAMG’ARMASINING (UNICEF) O‘ZBEKISTONDAGI VAKOLATXONASI RAHBARI BILAN UCHRASHDI

Bugun Oliy sud raisi Baxtiyor Islamov BMT Bolalar jamg’armasining (UNICEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastilio bilan uchrashdi.

 

 

Muloqot avvalida mehmonga so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezident Sh. Mirziyoev rahbarligida inson qadrini ulug’lagan holda uning huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda ular tufayli odil sudlov sohasida yuz bergan katta o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi.

 

 

 

O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berilganligi, oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilganligi hamda ayollar va bolalar himoyasi kuchaytirilganligi bu borada olib borilayotgan islohotlarning yaqqol namunasi ekanligi ta’kidlandi.

 

Shuningdek, so‘nggi yillar davomida Oliy sud tomonidan UNICEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar, xususan bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilinishiga doir bir qator dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlar va ularning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

 

 

UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2020 yil 18 fevralda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ishlar ko‘rilayotgan vaqtda jabrlanuvchi yoki jinoyat guvohi bo‘lgan bolalarga do‘stona muhitli xona tashkil etilganligi alohida qayd qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida”gi Qaroriga asosan 2024 yil 1 fevraldan boshlab tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan va Mirzo Ulug’bek tumanlararo sudlarining ikki nafardan sudyasini oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etilgan.

 

Shuning barobarida mehmonga “Oila sudyalari” faoliyati va ular tomonidan ko‘rib chiqiladigan oilaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi ishlar ro‘yxati hamda tayinlangan sudyalarning bilim va malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

 

 

Shu o‘rinda sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar uchun treninglar o‘tkazish va sudyalarni mazkur yo‘nalish bo‘yicha malakasini oshirish yuzasidan UNICEFning hamkorlikka tayyor ekanligi bildirildi.

 

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikda bolalar huquqlarini himoya qilish borasida 2024-2025 yillarda amalga oshirish mumkin bo‘lgan masalalar haqida fikr almashdi.

 

Bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda ishonchli himoya qilish masalasi doimo Oliy sudning diqqat-e’tiborida ekanligi bildirilib, ushbu yo‘nalishda UNICEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan har tomonlama va amaliy hamkorlikka tayyor ekanligi ta’kidlandi.

 

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.