JINOYATCHILIK VA HUQUQBUZARLIKLARNING OLDINI OLISHDA FUQAROLAR BILAN UCHRASHISH, ULARNING MUAMMOLARINI O‘RGANISH MUHIM
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda aholi bilan uchrashish orqali ularning muammolarini o‘rganish juda muhim rol o‘ynaydi. Chunki mahalla faollari bilan tashkil etilgan bunday uchrashuvlar jinoyatchilikning kamayishiga ko‘mak berish bilan birga, fuqarolarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, o‘z huquq va majburiyatlarini tushunibb, mas’uliyatini oshirishga yordam beradi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tumani sudining tergov sudyasi G.Utepbergenova tomonidan tumandagi «Samanbay» va «Baqanshaqli» ovul fuqarolar yig‘inlarida hudud aholisi bilan ana shunday ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda mahalla hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatdan xoli xavfsiz hududni yaratish bo‘yicha profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. «2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori asosida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida ham ma’lumot berildi.
Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar ko‘rsatkichi oshib «Qizil hudud»ga kiritilgan mahallalarda yig‘in faollari bilan hamkorlikning ahamiyati, huquqiy maslahatlar va fuqarolarning huquqlari haqida so‘z yuritildi.
Aholi bilan muntazam muloqot orqali ularning eng asosiy muammolari, ishsizlik, ong va mafkura bilan bog‘liq muammolar, jinoyat uchun yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash mumkin. Shu bilan birga, odamlarning bevosita muammolarini tinglab, ularga berilishi mumkin bo‘lgan huquqiy yordam va resurslarni ham taqdim etish juda muhim.
Shunday ekan, sudya tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan bunday uchrashuvlar jinoyatchilikni kamaytirish orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirishda eng muhim qadamdir.