KELISHUV BITIMI VA MEDIATIV BITIMNING XUSUSIYATLARI  

 

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida, nizolarni o‘zaro muzokaralar yo‘li bilan hal etish orqali sudlarda ish hajmini optimallashtirishda kelishuv bitimi va mediativ kelishuv institutlari muhim ahamiyatga ega.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2009 yil 18 dekabrdagi «Iqtisodiy sudlar tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda protsessual qonun normalarining qo‘llanilishiga oid ayrim masalalar to‘g‘risida»gi 204-sonli qarorining 2-bandida berilgan tushuntirishga ko‘ra, kelishuv bitimi deganda o‘zaro murosaga asoslangan, da’vo talabi (talablari) ga oid aniqlikka erishishga qaratilgan, nizoni hal etish to‘g‘risidagi taraflarning yozma kelishuvlari tushuniladi.

 

«Mediatsiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga muvofiq, mediatsiya – yuzaga kelgan nizoni taraflar o‘zaro maqbul yechimga erishishi uchun ularning ixtiyoriy kelishuviga asosan mediator yordamida hal etish usulidir. Mediativ kelishuv esa mediatsiyani qo‘llash natijasida mediatsiya taraflari tomonidan erishilgan kelishuv hisoblanadi.

 

Ularning umumiy jihati shundaki, ikkalasida ham nizolarni muzokaralar va kelishuv yo‘li bilan hal etishga qaratilgan nizolarni hal etishning muqobil usuli hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 131-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv da’vo tartibidagi har qanday ish bo‘yicha tuzilishi mumkin.

 

Ularning farqli jihatlari shundaki, kelishuv bitimi iqtisodiy sud ishlarini yuritishning istalgan bosqichida (hatto, ishlarni apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasida ko‘rish bosqichlarida ham) va sud hujjatini ijro etish jarayonida ham tuzilishi mumkin, mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud maslahatxonaga sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar taraflar tomonidan tuzilishi mumkin.

 

Kelishuv bitimi u sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan hisoblanadi, ya’ni sudning kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi ajrimi chiqarilishi bilan tuzilgan hisoblanadi.

 

Mediativ kelishuvni esa sud tomonidan tasdiqlash talab etilmaydi.

 

Sud tomonidan kelishuv bitimining tasdiqlanishi ish yuritishni tugatishga asos bo‘ladi, shu sababli ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet va asoslar bo‘yicha sudga takroran da’vo arizasi bilan murojaat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldiriladi, bunday holda aynan bir shaxslar o‘rtasidagi, aynan bir predmet va asoslar bo‘yicha da’vogar sudga da’vo arizasi bilan umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga to‘sqinlik qilmaydi.

 

Tomonlar o‘rtasida tuzilgan bitim bo‘yicha kelishilgan majburiyatlarni bajarmaslik huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shu sababli, kelishuv bitimida majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari ko‘rsatilishi kerak, shuningdek, kelishuv bitimida javobgar tomonidan majburiyatlarni kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risidagi, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish to‘g‘risidagi, qarzdan (neustoykadan) to‘liq yoki qisman voz kechish yoki qarzni tan olish to‘g‘risidagi, sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi va qonunga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ko‘rsatilishi mumkin. Kelishuv bitimining unda belgilangan tartib va muddatlarda bajarilmasligi sud tomonidan manfaatdor tarafning arizasi bo‘yicha ijro varaqasi berish uchun asos bo‘ladi.

 

Mediativ kelishuvda esa, taraflar muayyan majburiyatlarni bajarish to‘g‘risida kelishgan bo‘lsalar da, kelishilgan shartni bajarmaslik huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Shunga ko‘ra, mediativ kelishuv shartlari bajarilmagan taqdirda, taraflar takroran sudga murojaat qilishga haqli bo‘ladi.

 

Taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilib, da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan taqdirda, da’vo arizasi taqdim etilganda oldindan to‘langan davlat boji da’vogarga qaytariladi, agar da’vo arizasi berishda davlat bojidan ozod qilingan, davlat bojini to‘lash kechiktirilgan bo‘lsa taraflardan davlat boji undirilmaydi. («Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 18-modda).

 

Yuqorida qayd etilgan Plenum qarorining 17, 18 va 19-bandlariga ko‘ra, kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi sud ajrimining xulosa qismida uning barcha shartlari bayon etilishi lozim. Bunda taraflarning sud xarajatlarini taqsimlash bo‘yicha kelishuvning mavjud emasligi kelishuv bitimini tasdiqlashni rad qilishga asos bo‘lmasligini inobatga olishi lozim. Bunday holatda, sud xarajatlarini taqsimlash masalasi sud tomonidan IPKning 118-moddasi qoidalari asosida hal qilinadi.

 

Kelishuv bitimini tasdiqlash va ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi sud hujjati ustidan Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan umumiy tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

 

Agar kelishuv bitimi tarafi kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin kelishuv bitimi shartlarini qayta ko‘rib chiqishga va (yoki) kelishuv bitimini bajarishni rad etishga qaratilgan da’vo bilan murojaat qilsa, sud bunday talablarni qanoatlantirshni rad qiladi.

Agar sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimini taraflar o‘zaro bekor qilib yoki uning shartlarini o‘zgartirib, sudga tasdiqlash uchun yangi tahrirdagi kelishuv bitimini taqdim etsa, sud bunday arizani qanoatlantirishni rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqaradi va bunday ajrim ustidan shikoyat qilinmaydi (protest keltirilmaydi).

 

Har qanday kelishuv bitimining sudga taqdim etilishi u sud tomonidan tasdiqlanadi degani emas. Chunki, Iqtisodiy protsessual kodeksning 134-moddasiga muvofiq, sud kelishuv bitimi uning shartlari qonunchilikka zid bo‘lsa, uning shartlari uchinchi shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lsa, u shart asosida tuzilgan bo‘lsa tasdiqlashni rad etadi va bu haqda ajrim chiqaradi. Bu ajrim ustidan shikoyat qilinmaydi (protest keltirilmaydi).

 

Masalan, Iqtisodiy protsessual kodeksining 221-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq, huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksining 203-9 (prim)-moddasi oltinchi qismiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha kelishuv bitim yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Kelishuv bitimini tasdiqlash masalasida kelishuv bitimi tarafi aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lsa, ushbu bitim yirik bitim talablariga javob berish bermasligi «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibga muvofiq tuzilganligi, shuningdek kelishuv bitimlarini tasdiqlashda kelishuv bitimi ko‘char yoki ko‘chmas mulkni berish to‘g‘risidagi shartni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, ushbu mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari mavjudligi, ya’ni xatlanganligi, garovga qo‘yilganligi kabi holatlar tekshirilishi lozim.

 

Kelishuv bitimini tuzish, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv yoki mediativ kelishuvni tuzishda yana bir e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihat u mazkur kelishuv va bitimlarni imzolayotgan shaxslarning Iqtisodiy protsessual kodeksining 63-moddasida belgilanganidek vakolatlari mavjudligiga e’tibor qaratilishi lozim.

 

Shuningdek, mediativ kelishuv orqali da’vodan voz kechilmasligiga, mediativ kelishuv tuzish uchun mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvning mavjud bo‘lishi lozimligiga, mediativ kelishuv faksimil imzo bilan imzolanishi mumkin emasligiga e’tibor qaratilishi lozim.

 

Endi, iqtisodiy sudlarda ishlarning mediativ kelishuvlar tuzilishi bilan da’vo arizalarining ko‘rmasdan qoldirilishi bo‘yicha sud statistikasiga to‘xtalib o‘tsak.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan 2023 yil davomida – 132 ta, 2024 yilda – 70 ta, 2025 yilning 1 oyi davomida 3 ta ish bo‘yicha taraflar mediativ kelishuvga kelganligi sababli da’vo arizalar ko‘rmasdan qoldirildi.

 

Jumladan, Nukus tumanlararo iqtisodiy sudida – 98 ta ish bo‘yicha 42,8 milliard so‘mlik, Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudida – 58 ta ish bo‘yicha 179,7 milliard so‘mlik, Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudida – 13 ta ish bo‘yicha 122,9 milliard so‘mlik, Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudida – 36 ta ish bo‘yicha 31,7 million so‘mlik da’vo talablari yuzasidan mediativ kelishuvlar tuzilgan.

 

Ushbu ishlarning toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda 71 ta ish (34,6 foizi) kredit shartnomasi, 30 ta ish (14,6 foizi) pudrat shartnomasi, 29 ta ish (14,1 foizi) mahsulot yetkazib berish shartnomasi, 15 ta ish (7,3 foizi) kontraktatsiya shartnomasi, shuningdek oldi-sotdi, lizing, fyuchers, haq evaziga xizmat ko‘rsatish, ijara, kommunal, qarz, sug‘urta, yuk tashish va boshqa shartnomalar bo‘yicha kelib chiqqan da’volarga to‘g‘ri keladi.

 

Xulosa qilib aytganda, kelishuv bitimi va mediativ kelishuv institutlari taraflarga o‘zaro kelishuv, muzokaralar yo‘li bilan yuzaga kelgan nizoli masalalarni hal etishga xizmat qiladi.

 

 

Spartak NIYAZOV,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi