PLENUM QARORLARI – KONSTITUTSIYAVIY HUQUQLARNING AMALGA OSHIRILISHIGA XIZMAT QILADI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024 yil 16 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risidagi qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020 yil 19 dekabrdagi «Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra ishni ko‘rish uchun bir iqtisodiy suddan boshqa iqtisodiy sudga o‘tkazishda Iqtisodiy protsessual kodeksning 39-moddasiga asosan, avval to‘langan davlat boji va pochta xarajatlari ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha hisobga olinishi lozimligi belgilandi.
Iqtisodiy protsessual kodeksning 152-moddasi uchinchi qismi mazmuniga ko‘ra, sudga taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha suddan yoki ma’muriy suddan da’vo arizasi (ariza) yoki ish materiallari kelib tushganda davlat bojining kam to‘langanligi aniqlansa, sudya da’vo arizasi (ariza) yoki ish materiallari sudga kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay da’vogarni (ariza beruvchini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida ajrim bilan xabardor qiladi va unga buning uchun o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddat beradi. Ushbu ko‘rsatma belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, sudya da’vo arizasi (ariza) va unga ilova qilingan hujjatlarni Iqtisodiy protsessual kodeksining 155-moddasi birinchi qismi 11-bandiga asoslanib qaytaradi.
Bundan tashqari, «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunning 17-moddasi sakkizinchi qismi mazmuniga ko‘ra, agar mulkiy nizo bo‘yicha sudga da’vo arizasi berilganda, da’vo bahosi chet el valyutasida belgilangan bo‘lsa, davlat bojining miqdori da’vo arizasi berilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutada belgilanishi va undirilishiga qaratilishi belgilandi.
Shuningdek, da’vogar tomonidan da’vo talablari kamaytirilgan taqdirda, davlat boji qayta hisoblab chiqilmasligi va to‘langan davlat boji qaytarilmasligi belgilandi.
Neustoyka miqdori iqtisodiy sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, da’vogarning davlat boji bo‘yicha xarajatlari, neustoykani kamaytirmasdan undirilishi lozim bo‘lgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanishi, agar da’vogar davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa) yuqorida belgilangan miqdorda davlat daromadiga undirilishi ko‘rsatildi.
Shuningdek, iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘langan bo‘lib, da’vo talablari qanoatlantirilganda, agar javobgar davlat bojini to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha undan undiriladigan davlat bojining miqdori da’vogar tomonidan to‘langan summa bilan cheklanishi, davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan davlat tashkilotlari va boshqa shaxslar tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan da’vo talablari qanoatlantirilgan yoki qanoatlantirilmay qoldirilgan taqdirda davlat bojining taraflardan umumiy asoslarda undirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, agar iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik tadbirkorlik subyektiga davlat bojini to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilgan bo‘lsa, davlat boji ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha tegishli tarafdan qonunda belgilangan stavkada undirilishi belgilandi.
Mulk huquqi, mol-mulkni talab qilib olish bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mol-mulkning qiymati aniq bo‘lmagan taqdirda sud ishni ko‘rish davomida davlat bojining to‘g‘ri undirilishini ta’minlash maqsadida mavjud hujjatlar asosida mol-mulkning qiymatini aniqlash choralarini ko‘rishi, agar mavjud hujjatlar asosida mol-mulkning qiymatini aniqlash imkoniyati bo‘lmasa, uni aniqlash sudning ajrimiga asosan baholovchi tashkilot tomonidan amalga oshirilishi va baholash xarajatlari da’vogarga yuklatilishi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 oktyabrdagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori 3-bandining to‘rtinchi xatboshisida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko‘zlab sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar berish huquqi berilgan bo‘lib, unda da’vo arizasini qanoatlantirmasdan qoldirilganda manfaatini ko‘zlab da’vo arizasi kiritilgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalaridan davlat boji undirilmasligi ko‘rsatilgan.
Yuqoridagi Plenum qarori bilan ushbu qoida da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan yoki ish yurituvidan qisqartirilgan holatda ham qo‘llanilishi lozimligi belgilandi. Shulardan kelib chiqib, Plenum qaroriga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar jismoniy va yuridik shaxslarning sudga murojaat qilish tarzidagi konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Zulfiya HASANOVA,
Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi