HUKM USTIDAN APELLYATSIYA SHIKOYATINI BERISH MUDDATI QISQARTIRILDI

 

Prezident tomonidan 2023 yil 27 sentyabr kuni imzolangan “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida” Qonuni bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Unga ko‘ra, Kodeks quyidagi boblar bilan to‘ldirildi:

-Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (55-bob);

-Sudning hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish (56-2-bob).

Shunga muvofiq: sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida tekshirilishi mumkin.

Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda prokuror ishtirok etadi.

Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi.

Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instantsiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instantsiyasi sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.

Agar shikoyatda yoki protestda og’irroq jinoyat to‘g’risidagi qonunni qo‘llash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish to‘g’risidagi yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o‘zgarishlar haqidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g’risidagi ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 yil ichida yo‘l qo‘yiladi.

Hukm chiqargan sud jinoyat ishi taftish instantsiyasi sudiga yuborilganligi to‘g’risida tegishli shaxslarni 3 sutka ichida xabardor qiladi.

Qonun bilan shuningdek, hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartirildi.

Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etish chog’ida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g’risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish tartibi belgilandi.

 

Gulnaz UTEPBERGENOVA,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining sudyasi

IJTIMOIY TARMOQLARNING BIRIDA E’LON QILINGAN “HOKIM BIZGA BOSIM QILYAPTI… QORAQALPOG’ISTONDAN PREZIDENTGA MUROJAAT” NOMLI VIDEOMUROJAAT YUZASIDAN

Da’vogar Taxtako‘pir tuman hokimligi Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizalari bilan murojaat qilib, javobgarlar “BIBSARO-SHODYA-TAXTA”, “DAUIT-TAXTA” va “AGRO MAKS FOOD” fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan er maydonlarini ijaraga berish to‘g’risidagi shartnomalarni bekor qilishni so‘ragan.

“BIBSARO-SHODYA-TAXTA” va “AGRO MAKS FOOD” fermer xo‘jaliklarining iltimosnomalariga binoan, shuningdek, “DAUIT-TAXTA” fermer xo‘jaligidan vakil kelmaganligi sababli sud muhokamalari 2024 yil 12 avgustdan 22 avgustga qoldirilgan.

Ishlarni ko‘rayotgan Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi mehnat ta’tiliga chiqqanligi sababli ushbu ishlar Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudiga o‘tkazilgan.
Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi tomonidan 2024 yil 22 avgust kuni o‘tkazilgan sud majlisida ishdagi mavjud dalillar etarli emasligi sababli da’vogarga qo‘shimcha dalillarni taqdim etish taklif qilingan va sud muhokamasi 2024 yil 30 avgust kuniga qoldirilgan.

2024 yil 30 avgustdagi sud majlisida ham ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlash uchun dalillar etarli emasligi sababli sud tomonidan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslarni jalb qilish va ularga qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilish lozim topilib, sud muhokamasi 2024 yil
9 sentyabrga qoldirilgan.

Murojaatchilar sudyaning aynan ushbu xatti-harakatlaridan norozilik bildirishib, “sud muhokamasi 9 sentyabrga uchinchi marotaba qoldirilganligini, hokimlik vakiliga hujjatlarni to‘liq taqdim etishni aytganligini hamda soliq organi va Fermerlar kengashini ishga jalb qilgani”ni bildirishgan.

Iqtisodiy protsessual kodeksi 69-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga ko‘ra, dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladi.

Agar sud mavjud dalillar etarli emas deb hisoblasa, ishning ob’ektiv holatlarini aniqlash va nizoni to‘g’ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishi mumkin.

Oliy sud Plenumining 2023 yil20 noyabrdagi “Sudlarda erga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi 28-sonli qarorining 26-bandida sudlar fermer xo‘jaliklari bilan er uchastkasi ijara shartnomasini bekor qilish to‘g’risidagi ishlarni ko‘rishda Fuqarolik kodeksining 384-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining er maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g’risida”gi Nizom talablariga rioya qilinganligini tekshirishlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.

Ishdagi hujjatlarda yuqoridagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar etarli emasligi sababli sud o‘z tashabbusi bilan da’vogar va uchinchi shaxslar vakillariga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif etishni lozim topgan.

Mazkur Kodeks 171-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisiga ko‘ra, sud tarafning qo‘shimcha dalillar taqdim etish yoki uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarurati bilan bog’liq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g’risidagi iltimosnomasi bo‘yicha sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.

Oliy sud Plenumining 2019 yil 24 maydagi “Birinchi instantsiya sudi tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi 13-sonli qarori 37-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilarida sudlarning e’tibori sud muhokamasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 171-moddasining birinchi qismida sanab o‘tilgan kutilmagan va favqulodda holatlarda keyinga qoldirilishi mumkinligiga qaratilishi lozimligi, ko‘rsatib o‘tilgan holatlar mavjud bo‘lganda, sud muhokamasi sudning tashabbusi bilan ham, ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra ham keyinga qoldirilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.

Shuningdek, ushbu Kodeks 48-moddasining birinchi qismiga binoan nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instantsiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, da’vogar yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasiga yoki sudning tashabbusiga ko‘ra ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin.

Mazkur vaziyatda ishning holatlari Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi, Kadastrlar palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zagroinspektsiyaning Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, Taxtako‘pir tumani “Suv etkizib berish xizmati” davlat muassasasi, Taxtako‘pir tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi va Taxtako‘pir tumani soliq inspektsiyasining huquq yoki majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi sababli sud ushbu shaxslarni o‘z tashabbusi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilishni lozim topgan.

Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudi da’vogar tomonidan aynan Fuqarolik kodeksining 384-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining er maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g’risida”gi Nizom talablariga rioya qilinmaganligini inobatga olib, 2024 yil 9 sentyabrdagi ajrimlar bilan da’vo arizalarini ko‘rmasdan qoldirgan.

Mazkur vaziyatda Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi tomonidan sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalariga amal qilingan holda keyinga qoldirilganligi ma’lum qilinadi.

SAYLOV QONUNCHILIGIDAGI YANGILIKLAR

 

Ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir – 2024 yil 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovga qizg’in hozirlik ko‘rilmoqda.

 

Yangi tahriridagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslariga alohida e’tibor qaratildi.

2024 yilda Qonunchilik palatasiga saylovlar ilk marta majoritar-proportsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi.
2023 yil 18 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proportsional) asosida o‘tkazish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Yangi saylov tizimiga muvofiq, endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik o‘rnining 50 foizi majoritar, ya’ni hozirgidek muayyan okruglar bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi esa proportsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berish orqali, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi nazarda tutildi.

Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proportsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanadi.

Proportsional saylov tizimida davlat yagona saylov okrugiga aylantiriladi hamda saylov byulletenlarida nomzodlar o‘rniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar ro‘yxati ko‘rsatiladi va saylovchilar o‘zlariga ma’qul kelgan partiyalarga ovoz beradi.

Proportsional saylov tizimi vakillik organiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan partiyalar o‘rtasida mandatlarni taqsimlash ular olgan ovozlar soniga muvofiq amalga oshirilishini bildiradi.

Proportsional saylov tizimining ijobiy tomonlari u fikrlar xilma-xilligi va ko‘ppartiyaviylikning rivojlanishini, shuningdek, davlat bilan fuqarolar o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni ta’minlab beradi; kamchilikni tashkil etuvchi saylovchilarning ovozlari ham inobatga olinadi va unda kam ovoz olgan siyosiy partiyalar ham, parlamentdan joy egallaydi; uning yordamida jamiyat siyosiy hayotidagi siyosiy kuchlarni joylashishining haqiqiy va aniq manzaralarini ko‘rish mumkin; proportsional vakillik tizimi har bir siyosiy partiyaga ovozlar soniga mutanosib ravishda bir qancha o‘rinlarni olish imkonini beradi.

Aralash saylov tizimi mohiyatan ikkita tizimning birikmasi bo‘lib, ular proportsional va majoritardir. Bunda mandatlarning bir qismi proportsional tizim bo‘yicha (partiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha), ikkinchi qismi esa majoritar tizim (nomzodga ovoz berish) bo‘yicha taqsimlanadi.

 

Janat AYMAG’ANBETOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

SUD HUJJATLARINING IJROSINI TA’MINLASH MASALALARIGA BAG’ISHLANDI

Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining raisi R.Qurbanbaev hamda sudya B.Ubaydullaevlar tomonidan Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limida yig’ilish o‘tkazildi.

 

Tadbirda asosiy mavzu sifatida sud tomonidan yuborilgan, davlat foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan mablag’larni to‘liq undirilishi taminlash hamda “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g’risida”gi Qonunning 8,24-moddasiga asosan qaytarilgan ijro hujjatlari yuzasidan tushuntirish berildi.

 

Iqtisodiy sudlar tomonidan Majburiy ijro byurolariga yuborilayotgan davlat bojini undirish bilan bog’liq ijro hujjatlarini ijrosi bo‘yicha Beruniy tumanida foiz ko‘rsatkichi yaxshi emasligi, bu bo‘yicha haftalik nazorat o‘rnatilganligini aytib o‘tdi.

 

Shuningdek, Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limiga yuborilayotgan ijro hujjatlarini “Sud hujjatlari va boshqa boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g’risida”gi Qonunning 8, 24-moddalariga asosan qaytarilayotganligiga alohida to‘xtalib, sud hujjatlari asossiz qaytarilishini bartaraf etilishini ta’minlash, yuborilgan ijro hujjatlarida kamchilik aniqlangan taqdirda, buni batafsil asoslab, elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilishi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

 

 

RASUL KUSHERBAYEV TELEGRAM-KANALIDA E’LON QILINGAN BILDIRISH YUZASIDAN

Haqiqatdan ham 2024 yil 5 sentyabr kuni Oliy sud raisi o‘rinbosari I. Muslimov tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasida ommaviy sayyor qabul o‘tkazilishi rejalashtirilib, mazkur qabul yuzasidan Qoraqalpog’iston Respublikasi sudlari rasmiy telegram kanali orqali e’lon (https://t.me/QRSUDLARI/12199) joylashtirilgan.

Bundan tashqari, sayyor qabul mahalliy va markaziy telekanallar muxbirlari tomonidan tasvirga olinib, ommaviy axborot vositalarida keng turda yoritilishi ta’minlangan.

Shuningdek, bildirishda go‘yoki “…topshiriqda sayyor qabulda odamlar ko‘payib ketishining oldini olish maqsadida fuqarolarga xabar bermay turish so‘ralgan”ligi iddao qilgan. Ammo, bu haqiqatdan mutlaqo yiroq. Holbuki, sayyor qabulga fuqarolarning aksariyat qismi tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv va boshqa ijtimoiy masalalarda murojaat qiladilar. Shu boisdan, odamlarni ortiqcha ovora qilmaslik maqsadida faqatgina sud-huquq masalalariga oid murojaati bo‘lgan fuqarolarni xabardor qilish so‘ralganligi ma’lum qilinadi.

ISHGA JOYLASHISH HUQUQI

Unumli va ijodiy mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shug’ullanish har kimning mutlaq huquqidir.

 

Har kim ish beruvchiga bevosita murojaat qilish yoki mehnat organlarining bepul vositachiligi orqali, shuningdek, xususiy bandlik agentliklarining xizmatlari vositasida ish joyini erkin tanlash huquqiga egadir.Ishga joylashtirish mehnatga layoqatli aholining bandligini ta’minlash uchun iqtisodiy, tashkiliy, moliyaviy va huquqiy tadbirlar majmuidan iboratdir. Ishga joylashtirish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

ish beruvchiga bevosita murojaat qilish yo‘li bilan;

mehnat organlarining bepul vositachiligi orqali;

xususiy bandlik agentliklari xizmatlari orqali.

 

Davlat ish bilan ta’minlash turini, shu jumladan, turli mehnat rejimidagi ishni tanlash erkinligini; ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdan va mehnat shartnomasini g’ayriqonuniy ravishda bekor qilishdan himoyalanishni; maqbul keladigan ish tanlash va ishga joylashishga bepul yordam berishni; har kimga kasbga va ishga ega bo‘lishda, mehnat qilish va ish bilan ta’minlanish shart-sharoitlarida, mehnatga haq olishda, xizmat pog’onasidan yuqorilab borishda teng imkoniyatlar yaratishni; yangi kasbga (mutaxassislikka) bepul o‘qitishni, mahalliy mehnat organlarida yoki ularning yo‘llanmasi bilan boshqa ta’lim muassasalarida stipendiya to‘lab malakasini oshirishni; boshqa joydagi ishga qabul qilinganda moddiy xarajatlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya to‘lashni; haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun muddatli mehnat shartnomalari tuzish imkoniyatini kafolatlaydi.
Ishga joylashtirish kafolatlarini taqdim etish tartibi Qonun va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.

Ish beruvchi ish beruvchining arizasida ko‘rsatilgan malaka talablarini inobatga olgan holda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarni ishga joylashtirishni tashkil etish uchun ish joylarining belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga joylashtirish uchun yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilishi shart.

Quyidagi sabablarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin xodimlar uchun ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi: – xodimning ish beruvchi bilan birgalikda boshqa hududda ishlashga o‘tishdan bosh tortishi sababli; xodimning sog’lig’i tufayli tibbiy xulosaga muvofiq sog’ligiga xavf tug’dirmaydigan boshqa ishga o‘tkazishdan bosh tortishi; texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar (xizmatlar) hajmining qisqarganligi munosabati bilan;

tashkilot muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida vakolat berilgan yuridik shaxs organlarining qarori bilan tashkilotning tugatilishi; xodimning malakasi etarli bo‘lmaganligi yoki sog’lig’i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiqligi sababli; shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga qayta tiklanishi sababli; tashkilotni tugatish to‘g’risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirishi munosabati bilan.

Ushbu kafolatlar tashkilot mulkdorning almashishi munosabati bilan, tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, tashkilotda bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham tatbiq etiladi.

Agar ushbu xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab o‘n kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsalar, mahalliy mehnat organi bergan ma’lumotnomaga binoan uchinchi oy uchun ham oldingi ish joylaridan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga uch oy mobaynida maqbul keladigan ish topib berilmagan taqdirda, ular ishsiz deb e’tirof etiladilar.

Basharti ish beruvchi nochor (bankrot) deb topilsa, u bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan xodimlar ish haqi va o‘zlariga tegishli boshqa to‘lovlar xususida boshqa barcha kreditorlarning talablariga nisbatan imtiyozli huquqdan foydalanadilar. Tugatilayotgan tashkilotlarning mablag’i bo‘lmagan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga kompensatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg’armasi mablag’lari hisobidan to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasining «Aholi bandligi to‘g’risida»gi 2020 yil 20 oktyabrdagi qonuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishga joylashtiriladigan davlatda himoya qilish: – O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari; Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi; yuboruvchi tashkilotlar; nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

 

 

Saodat QAIPNAZAROVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

SUDYANING FAOLIYATI – QONUN USTUVORLIGIDA

Sudya faoliyatining qonuniy asosini 2000 yil 14 dekabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Sudlar to‘g’risida”gi Qonun bilan birga Sudyalar oliy kengashining 2024 yil 15 maydagi qarori bilan qabul qilingan “Sudyalar odobi kodeksi” tashkil etadi. Mazkur Kodeks har bir sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish bilan bog’liq kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtda majburiy bo‘lgan yuksak odob-ahloq talablariga, O‘zbekiston Respublikasi qonun xujjatlari qoidalariga, odil sudlov va sudyalar odob ahloqi sohasidagi xalqaro standartlarga asoslangan xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.

 

“Sudyalar odobi kodeksi”ning 5-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq, sudya o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlarga so‘zsiz rioya etishi, har qanday tashqi ta’sirlarning oldini olishi, tahdidlar, bosim va g’ayriqonuniy ta’sir o‘tkazishga, sud jarayoniga bevosita yoki bilvosita aralashishga qarshilik ko‘rsatishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati va mulkiy manfaatlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashi shart.

 

Sudya odil sudlovni amalga oshirayotganda sud protsessi barcha ishtirokchilarining protsessual huquqlarini hurmat qilgan holda, har qanday bevosita yoki bilvosita tashqi ta’sirlar, niyatlar, bosim yoki aralashishlardan qat’i nazar mustaqil harakat qilishi, faqat faktlarni baholashdan kelib chiqishi va ichki ishonchiga asoslanib, qonunga va huquqiy ongiga amal qilishi shart.

 

Ushbu holatlarga bilib yoki bilmagan holda tushib qolishdan saqlanish va odini olish uchun sudyaning mustaqilligi tushunchasiga alohida to‘xtalib o‘tishimiz joiz.

 

Chunki sudyaning mustiqilligi odil sudlovni amalga oshirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

 

Sudya fikr erkinligi huquqini amalga oshirishda odil sudlovning obro‘siga putur etkazmasligi kerak.

 

Sudya jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishida adolatlilik va xolislikni ko‘rsatib, sansolarlikka yo‘l qo‘ymasligi lozim.

 

Sudya O‘zbekiston Respublikasida sud O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida, inson huquqlari to‘g’risidagi xalqaro hujjatlarda e’lon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishi lozimligini, shuningdek sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilganligini doimo yodda tutishi kerak.

 

Agarda sudya o‘ziga yuklatilgan yuqorida qayd etilgan majburiyatlarga rioya qilmasa, shuningdek sudyaning xatti-harakatida uning obro‘-e’tiboriga putur etkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg’arazligiga shubha tug’diradigan holatlar kuzatilsa, o‘z-o‘zidan ayonki jamoatchilikda sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi.

 

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida sud O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida, inson huquqlari tug’risidagi xalqaro hujjatlarda e’lon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan quriqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishga da’vat qilingan.

 

Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgan.

 

Bundan kelib chiqib, sudya o‘z faoliyati davomida sudning faoliyati nimaga qaratilganlingini doimo yodda tutishi hamda qonunga ko‘ra shug’ullanishga ruxsat berilgan boshqa turdagi faoliyatlarni amalga oshirishi sudyalik faoliyatiga xalaqit bermasligi lozimligini unutmasligi kerak.

 

Shuningdek, “Sudyalar odob-axloqiga oid Bangalor printsiplari” oltita asosiy printsipidan biri bu mustaqillik printsipidir. Bunda “Sud organlarining mustaqilligi huquq-tartibotni ta’minlashning muhim omili hamda sudda ishning odil hal etilishining asosiy kafolatidir. Demak sudya sud organlarining mustaqilligi printsipini uning yakka tartibdagi va institutsional jihatlarida himoya qilishi va ruyobga chiqarishi lozim”ligi qayd etilgan.

 

Sud hokimiyati mustaqilligi bu – sudya uchun imtiyoz yoki ustuvorlik emas. Bu sudyalar ishni mavjud qonun va dalillar, tashqi bosimda yoki ta’sirdan xoli kimningdir aralashuvidan qo‘rqmasdan ishni halol va xolis ko‘rish uchun har bir sudyaga yuklatiladigan mas’uliyat hisoblanadi. Sud hokimiyati mustaqilligi printsipining asosini sudya ko‘rib chiqishi uchun taqdim qilingan ishlarni to‘liq mustaqil ko‘rish va ishlar bo‘yicha qarorlar qarorlar qabul qilish tashkil etadi. Sudya tomonidan ishni ko‘rib chiqish va ubo‘yicha qaror qabul qilish davomida tashqaridan hech kim, na hukumat na bosim o‘tkazuvchi guruhlar, na xususiy shaxslar yoki boshqa sudyalar ishga aralashishi yoki aralashish uchun harakat qilishi man etiladi.

 

Sudya qabul qilgan qaror sud muhokamasi tomonlariga, jamoatchilikka, ommaviy axborot vositalariga, hokimiyatdagi mansabdor shaxslarga, qarindoshlarga va hatto sudyaning do‘stlariga yoqadimi yoki yo‘qmi bunga e’tibor bermasligi kerak. Sudya u yoki bu siyosiy kuch, jamoatchilik e’tirozi yoki tanqid ostida qolmasligi kerak. Demak sudyalar mustaqilligi deganda, tashqi ta’sirning barcha shakllaridan mustaqil bo‘lish tushuniladi.

 

Shu bois, sudyalar o‘z vakolatlari doirasida ishlarni ko‘rish chog’ida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga so‘zsiz rioya etishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulki, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘rqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashi, beg’araz va adolatli bo‘lishi shart.

 

Shu bilan birga, sudyalar sudyalik sha’nini, sudyalar odob-axloqi qoidalarini qat’iy saqlashlari, odil sudlovning obro‘sini, sudyalik qadr-qimmatini tushurishi va sudyaning xolisligiga shubxa to‘g’dirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyishlari lozim.

 

 

 

Bayrambek BEKMURATOV,

Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining raisi

INSON QADRI VA MANFAATLARI UCHUN

 

BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tarixiy nutq so‘zladi. Unda BMT ning hozirgi sessiyasi jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgan, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchayayotgan va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘layotganligi ta’kidlandi.

 

Buning natijasida dunyo davlatlari o‘rtasida savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelayotganligi, hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilayotganligi e’tirof etildi. Ana shunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g’oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotganligini O‘zbekiston rahbari ushbu yuksak minbardan turib dunyo ahliga yuzlandi.

 

O‘zbekiston huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirishini, mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g’oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab borayotganligiga dunyo ahli guvoh bo‘lmoqda.

 

Joriy yil aprel oyida yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Unda xalqimiz yangilangan Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatladi va islohotlarimizning ortga qaytmaydigan muqarrar tus olishi ta’minlandi. Mana shunday huquqiy asosda “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi qabul qilinib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg’un maqsadlar qo‘yib, O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqda.

Izchil davom etayotgan islohotlar natijasida va xalqning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag’allik ikki barobarga kamayib, bu ko‘rsatkich 2030 yilgacha yana 7 foizga tushirilishi rejalashtirilgan. Aholini ichimlik suvi, sog’liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini bir necha bor oshirishni belgilagan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha e’tiborga loyiq natijalarga erishilganligi, mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganligi Prezidentimiz nutqida faxr bilan tilga olindi.

 

Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelinganligi, har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinganligi, buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilinganligi, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilganligi ham ayni haqiqat. Mamlakat rahbarining qat’iy irodasi tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi.

 

Yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat ta’qiqlanishi kafolatlab qo‘yildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarurligini ta’kidlab, bunga chek qo‘yish imkoni borligini O‘zbekiston tajribasi ko‘rsatganligi shunday illatga davlatlar uchun namuna maktabi bo‘lib hisoblanadi.

 

Har bir davlatning eng katta boyligi – Inson kapitalidir. “Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir”, –deya ta’kidladi Prezidentimiz. “Biz hamma uchun ochiq va sifatli ta’limni kambag’allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz. Mamlakatimiz oxirgi yillarda bu borada katta tajriba to‘pladi – ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda. O‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga etdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog’chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi”.

 

O‘zbekistonda keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishini ta’minlash borasida ulkan islohotlar amalga oshirilganligi, milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat ekanligi ham Prezident nutqidan alohida o‘rin olgan. Ayollar va voyaga etmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilinganligi, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan O‘zbekiston manfaatdor ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘z nutqida bugun dunyo ahlini qattiq tashvishga solgan, dunyoda vujudga kelgan keskin ekologik vaziyat haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayayotgan murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganligiga yana bir karra dunyo davlatlarining e’tibori qaratildi.

 

Prezidentimizning tarixiy nutqlarida yana bir global muammo – radikalizm va diniy ekstremizm muammosiga alohida e’tibor qaratilgan. “… ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur”, deya ta’kidladi Prezident.

 

O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida ilgari ekstremizm g’oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog’lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasi kun tartibida doimo dolzarb turibdi. Bu bu borada O‘zbekiston o‘ziga xos tajriba orttirgani, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi o‘tkazilgani, uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afg’onistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarilganligi ham ushbu sohadagi insonparvarlik siyosatining yorqin ifodasi ekanligini dunyo davlatlariga namoyish etdi.

 

Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari zarurligini ushbu yuksak minbardan turib alohida e’tirof etdi.

 

 

 

Gulistan ESHNAZAROVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

FARMONNING MAZMUN-MOHIYATI TUSHUNTIRILDI

O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Qoraqalpog’iston Respublikasi mintaqaviy o‘quv markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi Sultanmurat Davletmuratov mazkur Farmon bilan sud tizimiga joriy etilayotgan yangi o‘zgarishlar xususida so‘z yuritdi.

 

 

Tadbirda ta’kidlandiki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi printsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida Prezident Farmoni bilan 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanktsiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etilishi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilishi belgilandi.

 

 

Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g’risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berilib, ular tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishlarni yuqori instantsiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinmoqda. Shuningdek, tergov sudyasiga 11 turdagi sanktsiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.

 

 

Bu bilan jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instantsiya sudlar sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligini to‘liq ta’minlashga erishiladi.

 

 

 

Sudyalar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rish davomida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi, sudlanuvchilarning barcha vajlari tekshirilishi va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni to‘liq ko‘rib chiqilishi uchun zamin yaratadi.

 

 

 

Farmonga muvofiq, tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog’liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

 

 

Uchrashuvda tinglovchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sudyadan batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

 

Sultanmurat DAVLETMURATOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

FUQAROLIK QONUNChILIGIDAGI BITIMLARNING HAQIQIY EMASLIGIGA DOIR NORMALARI

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 101-128-moddalarida bitimlar buyicha mahsus normalar belgilangan. Ya’ni mazkur Kodeksning 101-moddasida, bitimlar tushunchasi berilgan bo‘lib, o‘nga ko‘ra bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi degan norma mavjud. Shuningdek, bitimlar bir taraflama, ikki taraflama yoki ko‘p taraflama (shartnomalar) bo‘lishi mumkin. Bitim tuzish uchun qonun hujjatlariga yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va etarli bo‘lsa, bunday bitim bir taraflama bitim hisoblanadi. Shartnoma tuzish uchun ikki taraf (ikki taraflama bitim) yoki uch yoxud undan ko‘p taraf (ko‘p taraflama bitim) kelishib xohish bildirgan bo‘lishi kerak.

Fuqarolik kodeksining 382-385-moddalarida shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish buyicha normalar belgilangan. Ya’ni Kodeksning 382-moddasida, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘ladigan qilib zarar etkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yo‘l qo‘yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan hisoblanadi degan normalar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014- yil 28 noyabrdagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g’risidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida»gi 269-sonli qarorining 3-bandida ko‘yidagicha berilgan tushintirishga ko‘ra, sudlar bitimni haqiqiy emas deb topish tushunchasini shartnomani bekor qilishdan farqlashlari lozim. Bitimning haqiqiy emasligining shartnomani bekor qilishdan farqi quyidagilardan iborat:

-bitimlarni haqiqiy emas deb topishga Fuqarolik kodeksining 115-126-moddalarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi, shartnomani bekor qilish asoslari esa, mazkur kodeksning 382, 383-moddalarida nazarda tutilgan;

-bitimning haqiqiy emasligiga uning g’ayriqonuniyligi, bekor qilinishiga esa, shartnomani bekor qilishga olib keladigan holatlarning yuzaga kelishi asos bo‘ladi, bunda uning qonuniyligi nizolashilmaydi;

-haqiqiy bo‘lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog’liq bo‘lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir, shartnomani bekor qilish esa, u amalda bo‘lgan vaqtdagi o‘zaro huquq va majburiyatlarga ta’sir etmasdan, faqatgina kelgusidagi huquq va majburiyatlarga daxl qiladi;

-shartnomani bekor qilish haqidagi talabni bildirishga shartnoma amal qilishining muddati mobaynida yo‘l qo‘yiladi, bitim esa uning amal qilish muddati tugaganidan keyin ham haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Misol: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshkarmasi Xalq bank manfaatida sudga murojaat qilib, javobgar X bilan o‘rtalarida 2022 yil 08 iyul kүni tuzilgan kredit shartnomasini bekor qilishni so‘ragan.

Sud, da’vo talabi asosli bo‘lishi sababli uni qanoatlantirishni lozim topgan. Chunki ajratilgan kredit shartnomasining 2.4, 4.2.2-bantlarida javobgar kredit va foizni grafik bo‘yicha to‘lash majburiyatini olgan bo‘lsada, shartnoma shartlari lozim darajada bajarilmagan. Ya’ni javobgarning qarzdorligi jami 4 429 394 031,86 so‘mni tashkil qilgan. Bu esa bank uchun javobgar tomonidan shartnomani jiddiy ravishda buzgan hisoblangan.

Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga ko‘ra, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘ladigan qilib zarar etkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yo‘l qo‘yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga ko‘ra, shartnoma qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g’risidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonun hujjatlaridan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa.

Bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa — o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.
Javobgarga shartnomani bekor qilish bo‘yicha taklif berilgani va unga rad javobi yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddat ichida javob berilmagani tasdiqlanadi. Shu bois kredit shartnomasini bekor qilishga asos paydo bo‘lgan.

Misol: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshkarmasi Milliy bank manfaatida sudga murojaat qilib, javobgar X va O‘zbekiston Respublikasi Sanoat qurilish bank o‘rtalarida 2022 yil 20-sentyabr kүni tuzilgan ipoteka shartnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Sud, da’vo ariza talablari bilan kelishmagan holda uni rad etishni lozim topgan. Chunki Fuqarolik kodeksining 8-moddasi ikkinchi qismi 1-bandiga ko‘ra, fuqarolik huquq va burchlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek fuqarolar hamda yuridik shaxslarning, garchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa-da, lekin fuqarolik qonun hujjatlarining umumiy negizlari va mazmuniga ko‘ra fuqarolik huquq hamda burchlarni keltirib chiqaradigan harakatlaridan vujudga keladi.

Fuqarolik kodeksining 113-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g’risidagi talabni ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan shaxslar qo‘yishlari mumkin.

Iqtisodiy ishidagi da’vogar milliy bank da’vo predmeti bo‘lgan ipoteka shartnomasining qatnashuvchisi emas. Demak javobgar X va O‘zbekiston Respublikasi Sanoat qurilish bank o‘rtalarida tuzilgan ipoteka shartnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vo arizasi asosli emas deb topilgan. Bu haqida Plenum qarorining 7-bandida, sud muhokamasi davomida da’vogarda nizoli bo‘lgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g’risida da’vo taqdim etish huquqi mavjud emasligi aniqlansa, da’voni qanoatlantirish rad etiladi degan tushintirish mavjud.

 

Berdimurat BAYMURATOV,
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi

Skip to content