OCHIQ SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

Oltinchi mintaqaviy hudud 2-son Tergov hibsxonasida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksining 53-moddasi bilan xo‘jalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun qoldirilgan mahkumlarning o‘talmay qolgan jazo muddatini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 113-moddasiga asosan manzil koloniyaga o‘tkazish bo‘yicha Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudida ochiq sud majlisi o‘tkazildi.

 

Unda sudya M.Bayniyazov tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish bo‘limi 2-son tergov hibsxonasi boshlig’ining iltimosnomasi ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi va 2 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan qismini manzil koloniyada o‘tashi bo‘yicha sud ajrimi chiqarildi.

HUKM USTIDAN APELLYATSIYA SHIKOYATINI BERISH MUDDATI QISQARTIRILDI

 

Prezident tomonidan 2023 yil 27 sentyabr kuni imzolangan “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida” Qonuni bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Unga ko‘ra, Kodeks quyidagi boblar bilan to‘ldirildi:

-Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (55-bob);

-Sudning hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish (56-2-bob).

Shunga muvofiq: sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida tekshirilishi mumkin.

Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda prokuror ishtirok etadi.

Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi.

Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instantsiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instantsiyasi sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.

Agar shikoyatda yoki protestda og’irroq jinoyat to‘g’risidagi qonunni qo‘llash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish to‘g’risidagi yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o‘zgarishlar haqidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g’risidagi ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 yil ichida yo‘l qo‘yiladi.

Hukm chiqargan sud jinoyat ishi taftish instantsiyasi sudiga yuborilganligi to‘g’risida tegishli shaxslarni 3 sutka ichida xabardor qiladi.

Qonun bilan shuningdek, hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartirildi.

Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etish chog’ida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g’risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish tartibi belgilandi.

 

Gulnaz UTEPBERGENOVA,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining sudyasi

VOYAGA ETMAGANLARNING MEHNAT HUQUQLARI

Bizning xalqimiz bolajon xalq, yurtimizda mustaqillik yillarida ko‘plab sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bevosita, qonunchilikni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

 

Xususan, voyaga etmaganlarning huquqlariga doir munosabatlar buning yaqqol namunasidir.

 

Sobiq ittifoq davlatining yuritgan siyosatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘sha davrda voyaga etmaganlarning huquqlariga xech kim e’tibor qaratmagan. Ularning huquqlari inobatga olinmagan.

 

Bugungi kunda esa uning aksini ko‘ramiz. Voyaga etmaganlar uchun ularning ota-onalari, vasiy yoki homiylari g’amxo‘rlik qiladilar.

 

Bevosita, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 44-moddasida. sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.

 

Bolalar mehnatining bolaning sog’lig’iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi.

 

Konstttutsiyamizning 50-moddasida, har kim ta’lim olish huquqiga ega.

 

Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi.

 

Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

 

Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang’ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.

 

Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir.

 

Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi deb belgilangan.

 

Voyaga etmaganlar – amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan fuqarolardir.

 

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, voyaga etmaganlarni tarbiyalash vazifasi – davlat burchi, fuqarolarning esa konstitutsiyaviy majburiyati hisoblanadi.

 

Konstitutsiyamizda voyaga etmaganlarning bilim olish, mehnat qilish, dam olish, mulkdor bo‘lish kabi huquqlari ta’minlangan.

 

Bevosita, Fuqarolik kodeksimizda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga etmaganlarning muomala layoqati belgilangan.

 

Xususan, ular ota-onalari, farzandlikka oluvchilari va homiyligi roziligisiz mustaqil ravishda, o‘z ish haqi va boshka daromadlarni tasarruf etish, qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo‘yish va ularni tasarruf etish, mayda maishiy bitimlarni tuzishlari mumkin.

 

Voyaga etmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olishga doir katta tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Voyaga etmaganlarning jinoiy ishlarini yuritishda maxsus qonun me’yorlari orqali ko‘shimcha huquqlar kafolatlangan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari huzurida voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar tuzilgan.

 

Davlatimiz tomonidan voyaga etmaganlarning huquqlarini himoya qilishga oid bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan. Xususan:

 

– “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g’risida”gi Qonun;

 

– “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g’risida” gi Qonun;

 

– “Ta’lim to‘g’risida”gi Qonun;

 

– “Voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g’risida”gi Qonun shular jumlasidan.

 

Ma’lumki inson dunyoga kelishi bilanoq u bilan birga tabiiy ehtiyojlari ham yuzaga keladi. O‘sish davrida esa ehtiyojlar yanada kengayib, shakllanib boradi va qaysidir bosqichda shaxs mustaqil ravishda o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondira boshlaydi. Mazkur jarayon shaxsning huquqlari va asosiy erkinliklari bilan bevosita bog’liq bo‘lib, shaxslar ushbu huquqlardan ulg’ayishning har bir bosqichida muntazam foydalanadi. Insonlar qanday huquqlarga va erkinliklarga ega ekanligi xalqaro darajada aniq qilib belgilangan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da o‘z ifodasini topgan.

 

Deklaratsiyaning 23-moddasiga ko‘ra, insonlar mehnatga oid quyidagi huquqlarga ega ekanligi keltirib o‘tilgan:

 

1.Har bir inson mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli va qulay ish sharoitiga ega bo‘lish va ishsizlikdan himoya qilinish huquqiga ega;

 

2.Harbir inson hech bir kamsitishsiz teng mehnat uchun teng haq olish huquqiga ega;

 

3.Har bir ishlovchi kishi o‘zi va oilasi uchun insonga munosib yashashni ta’minlaydigan adolatli va qoniqarli daromad olishga, zarur bo‘lganda ijtimoiy ta’minotning boshqa vositalari bilan to‘ldiriluvchi daromad olish huquqiga ega.

 

4.Har bir inson kasaba uyushmalari tuzish va o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga kirish huquqiga ega, ushbu huquqqa boshqalar kabi voyaga etmaganlar ham ega bo‘lib, ular ham o‘z navbatida ma’lum sharoitda va ma’lum vaqtlarda mehnat qilishi mumkin.

 

Shaxs mehnati orqali ijtimoiylashadi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, jamiyat a’zolari bilan munosabatga kirishadi va mehnat bozori ishtirokchisiga aylanadi. Bu esa davlatdan mehnatga layoqatli shaxslarni ish bilan ta’minlash, mehnat qilgan har bir shaxsni farovon hayot kechirishi, erkin kasbtanlashi, munosib sharoitlarda ishlashi va kamsitilishlarga yo‘l qo‘yilmasligini oldini olish borasida aniq chora-tadbirlar belgilashni taqozo etadi. Chunki, mehnat orqali shaxs farovon hayotga erishsa davlatda iqtisodiy yuksalish bo‘ladi, taraqqiyotning rivojlanishi yanada tezlashadi.

 

Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, “Mehnatga layoqatli aholi sonining o‘zgarishi mehnat bozori va iqtisodiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

 

Mehnatga layoqatli aholining o‘sib borayotgani iqtisodiy o‘sish imkoniyatlarini beradi, shu bilan birga ish o‘rinlarini yaratish va mehnat bozoriga yangi ishtirokchilarni integratsiyalashuvi uchun qiyinchiliklar tug’diradi. Aksincha, mehnatga layoqatli aholining qisqarishi iqtisodiy o‘sish, raqobatbardoshlik, aholining qaramligi va boshqalar uchun muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

 

Mehnatga layoqatli aholi deganda ma’lum yoshdagi mehnat qilishi mumkin bo‘lgan shaxslar tushuniladi.

 

Mehnat qilish mumkin bo‘lgan shaxslarning yoshi bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 1973 yilda “Eng kichik yosh to‘g’risida”gi Konventsiya qabul qilingan bo‘lib, mazkur konventsiyani ratifikatsiya qilgan 176 ta davlatlarning 32 foizida 14 yoshdan, 43 foizida 15 yoshdan va 25 foizida 16 yoshdan boshlab voyaga etmaganlar engil ishlarda, sog’lig’i va axloqiy rivojlanishiga hamda ta’lim olish jarayonini buzmaydigan o‘qishdan bo‘sh vaqtlarda ishlash huquqiga ega.

 

Mazkur konventsiyaning 3-moddasi 1-bandiga asosan “O‘z xususiyati yoki amalga oshiriladigan sharoitiga ko‘ra o‘smir sog’ligi, xavfsizligi yoki ma’naviyatiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan har qanday ish turiga yoki yollanma ish turiga qabul qilish uchun eng kichik yosh o‘n sakkiz yoshdan kam bo‘lmasligi kerak”ligi, 3-bandiga asosan ushbu modda 1-bandi qoidalaridan qat’iy nazar,“Milliy qonun hujjatlari yoki vakolatli hokimiyat organi ish beruvchilar va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa, maslahatlashilgandan so‘ng o‘n olti yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslarga ishlashga yoki yollanib ishlashga, ularning sog’ligi, xavfsizligi va ma’naviyati to‘la muhofaza etilishi va ular etarlicha maxsus ta’lim hamda faoliyatning tegishli sohasi bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik olishlari sharti bilan ruxsat berishlari mumkin”ligi keltirib o‘tilgan.

 

Konventsiyaning 7-moddasi 1-bandida “Milliy qonun hujjatlari o‘n uch yoshdan o‘n besh yoshgacha bo‘lgan shaxslarga engil ishlarda ishlashga yoki yollanib ishlashga ruxsat etishi mumkin, agar bu ularning sog’lig’i va rivojlanishi uchun zararli bo‘lmasa; ularning maktabga qatnashiga, ularning vakolatli hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlangan kasbga yo‘naltirish yoki kasbiy tayyorgarlik dasturlarida ishtirok etishlariga, yoki ularning olgan o‘quvlaridan foydalanish layoqatiga zarar etkazmaydigan bo‘lsa”.

 

O‘zbekistonda mazkur konventsiyalar ratifikatsiya qilingan va to‘laqonli a’zosi sifatida konventsiya qoidalari milliy qonunchilikka implementatsiya qilingan bo‘lib, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni ishlashi bilan bog’liq bo‘lgan huquqiy tartib qoidalar belgilagan.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlar kafolatlari to‘g’risida”gi Qonunining 20-moddasiga asosan “Har bir bola o‘zining yoshi, sog’lig’ining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega.

 

Ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan boshlab yo‘l qo‘yiladi. Bolalarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog’lig’iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon etkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan engil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun —ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.

 

Davlat o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan ishlovchi shaxslarga ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralarni ko‘rish orqali bolaning mehnat qilish huquqi ta’minlanishini kafolatlaydi” deb ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Shuningdek, mazkur qoidalar O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksida ham keltirib o‘tilgan.

 

Bundan tashqari, mehnat kodeksining 118-moddasi 3-bandida “Madaniy-tomosha tashkilotlarida, televidenie, radio eshittirish tashkilotlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida, shuningdek professional sportchilar bilan ota-onaning har ikkisining (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsning) roziligi hamda vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan, sog’lig’iga va ma’naviy kamol topishiga ziyon etkazmasdan asarlarni yaratish va (yoki) ijro etishda (ko‘rgazmaga qo‘yishda) ishtirok etish uchun o‘n besh yoshga to‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga yo‘l qo‘yiladi.

 

Ko‘rsatilgan yoshga to‘lgan shaxslar qabul qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar, kasblar, lavozimlar ro‘yxatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

 

Bunday holda xodimning nomidan mehnat shartnomasini uning ota-onasi (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxs) imzolaydi.

 

Vasiylik va homiylik organining ruxsatnomasida har kunlik ishning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan davomiyligi hamda ish bajarilishi mumkin bo‘lgan boshqa shartlar ko‘rsatiladi” deb keltirib o‘tilgan.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil boshiga nisbatan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar O‘zbekistonda 9.342.159. nafarni (aholisiga nisbatan 26,5 foizni) tashkil etgan.

 

Birinchidan, voyaga etmaganlarni 14 yoshdan boshlab ularning sog’lig’iga zarar etkazmaydigan va ta’limini buzmaydigan ishlarga ota-onaning ruxsati bilan chegaralangan sharoitlarda ishlashini joriy etish orqali ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish yanada tezlashadi, bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishga erishiladi;

 

Ikkinchidan, voyaga etmaganlar o‘rsatida nazoratsizlikni oldi olinadi va ular o‘rtasida huquqbuzarliklarni sodir etish bir muncha qisqaradi;

 

Uchinchidan, mehnatga layoqatli har bir shaxs farovon hayot kechira boshlaydi, mamlakat iqtisodiyoti va ertangi hayoti esa yanada taraqqiy etadi.

 

 

Ra’no KAMALOVA,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudi raisi

MA’RIFAT SOATI O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGANLIGINING 35 YILLIGIGA BAG’ISHLANDI

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudida o‘tkazilgan ma’rifat soati o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligiga bag’ishlandi.

 

 

Sudyalar va sud xodimlari ishtirok etgan tadbirda Ajiniyoz nomidagi Nukus Davlat pedagogika instituti filologiya fakulteti o‘zbek tili kafedrasi katta o‘qituvchisi Po‘lat O‘razboev o‘zbek tilining tarixiy, madaniy va ijtimoiy ahamiyati hususida so‘z yuritdi. O‘zbek tilining globallashuv jarayonlaridagi o‘rni, uning boy va rangin madaniyatdagi ahamiyati haqida gapirdilar.

 

 

Shuningdek, tadbir davomida buyuk shoirlar va yozuvchilarining o‘zbek tilini madh etuvchi asarlaridan parchalar o‘qib eshittirildi.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI JINOYAT-PROTSESSUAL KODEKSIGA KIRITILGAN O‘ZGARITISH VA QO‘SHIMCHALAR ODIL SUDLOV SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA XIZMAT QILADI

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga doir keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirildi.

 

Huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijalariga ko‘ra sud ishlarini yuritish jarayoniga yangi institutlar joriy etildi, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.

Shu bilan birga sudlarda ishning hajmi keskin ortganligi ishlarni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish imkoniyatining yo‘qolishiga olib kelib, bu fuqarolarning o‘rinli e’tirozlari ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklanganligi sababi mazkur tizimni o‘rta bo‘g’inning — viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurligidan dalolat bermoqda.

2023 yil 27 sentyabrda qabul qilingan «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida»gi 869-sonli O‘RQ Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator muhim tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Bu o‘zgartishlar jinoyat protsessini yanada demokratik, shaffof va inson huquqlariga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

 

Sud qarorlarining qayta ko‘rib chiqilishi imkonini beradigan yangi mexanizmlar joriy etildi. Bu, odil sudlovni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, chunki u sud faoliyatining samaradorligini oshiradi.

 

Jumladan, mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishga, shuningdek qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlarni viloyat sudlariga va ularga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazishga hamda yuqori sudlar tomonidan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi instantsiya sudlariga yuborish amaliyotini tugatishga doir protsessual normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa o‘z navbatida, sudyalarning mas’uliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va noroziliklarning oldini olishga, shuningdek ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

 

Jinoyat protsessual kodeksini takomillashtirish, mamlakatimizda odil sudlov samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim tadbirlardan hisoblanadi. Ushbu o‘zgartishlar, sud tizimining ishlashini yaxshilash, inson huquqlarini himoya qilish va jamiyatdagi huquqiy adolatni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

 

Agzam USPANOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Chimboy tumani sudining raisi

VOYAGA ETMAGANLAR HUQUQLARI HIMOYASI KAFOLATI BU BORADAGI QONUNCHILIK YANADA TAKOMILLASHTIRILDI  

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida 42-moddasida Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega ekanligi, 44-moddasida Bolalar mehnatining bolaning sog’lig’iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi mustahkamlab qo‘yilgan. Xalqaro mehnat tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalari va boshqa hujjatlarda ko‘zda tutilgan har bir fuqaroning mehnat huquqlari himoya­sining Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishi, Konstitutsiyamizning muqaddimasida ta’kidlanganidek, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalarining ustunligi tan olinganligidan dalolat beradi.

 

Bundan tashqari mamlakatimizda voyaga etmaganlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarning ustuvorligini ta’minlash maqsadida 2008 yil 4 aprelda “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g’risida”gi Konventsiya (Jeneva, 1973 yil 26 iyun) hamda 2008 yil 8 aprelda “Bolalar mehnatining og’ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g’risida”gi Konventsiya (Jeneva, 1999 yil 17 iyun) ratifikatsiya qilindi.

 

Ta’kidlash joizki, qonunchiligimizda mehnat sohasida voyaga etmaganlarning huquqlarini himoya qilish, bu borada ularga alohida g’amxo‘rlik ko‘rsatilishini nazarda tutuvchi bir qator me’yorlar mustahkamlab qo‘yilgan. Mehnat kodeksining 412-moddasida O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini qo‘llash taqiqlanadigan ishlar O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnatini mehnat sharoiti zararli va (yoki) xavfli bo‘lgan ishlarda, er osti ishlarida, shuningdek bajarilishi ularning hayotiga va sog’lig’iga, xavfsizligiga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda (tungi kafe va klublarda, spirtli ichimliklarni, tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik va psixotrop moddalarni, toksik preparatlarni ishlab chiqarish, tashish hamda sotish va boshqalar) qo‘llash taqiqlanadi.

 

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ular uchun belgilangan yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalardan ortiq bo‘lgan og’irlikdagi yuklarni ko‘tarishi va tashishi taqiqlanadi.

 

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar mehnatining qo‘llanilishi taqiqlanadigan va bajarilishi voyaga etmaganlarning sog’lig’iga va ma’naviy jihatdan kamol topishiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning og’ir yuklarni ko‘tarishi va tashishi chog’ida yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p normalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

 

Mehnat kodeksining 415-moddasida Ish vaqtining davomiyligi o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.

 

Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g’risida”gi Konventsiyaning 3-moddasi talablariga mos keladi. Unga ko‘ra, o‘z xususiyati yoki amalga oshiriladigan sharoitiga ko‘ra, o‘smir sog’lig’i, xavfsizligi yoki ma’naviyatiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan har qanday ish turiga yoki yollanma ish turiga qabul qilish uchun eng kichik yosh o‘n sakkiz yoshdan kam bo‘lmasligi kerakligi nazarda tutilgan.

 

Mehnat kodeksining 422-moddasida Ota-onadan biri (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxs), shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar hamda bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, agar ishni davom ettirish o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning hayotiga va sog’lig’iga, xavfsizligiga hamda ma’naviy jihatdan kamol topishiga tahdid solayotgan bo‘lsa yoki ularga boshqacha tarzda ziyon etkazishi mumkin bo‘lsa, bunday shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli ekanliklari belgilab qo‘yilgan.

 

Yuqorida zikr qilingan Konventsiyaning 7-moddasida milliy qonun hujjatlarida agar o‘n uch yoshdan o‘n besh yoshgacha bo‘lgan shaxslarga ularning sog’lig’i va rivojlanishi uchun zararli bo‘lmasa, ularning maktabga qatnashiga, ularning vakolatli hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlangan kasbga yo‘naltirish yoki kasbiy tayyorgarlik dasturlarida ishtirok etishlariga yoki ularning olgan bilimlaridan foydalanish layoqatiga zarar etkazmaydigan bo‘lsa, engil ishlarda ishlashga yoki yollanib ishlashga ruxsat etishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

 

Shu maqsadda bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar davom ettirilib, voyaga etmagan shaxslarga nisbatan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g’risidagi qonun hujjatlarining buzilishi hamda voyaga etmagan shaxsni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi “Voyaga etmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g’risidagi qonun hujjatlari takomillashtirildi.

 

Ushbu yangi qonunning muhim jihatlaridan biri Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeks “Voyaga etmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g’risidagi talablarni buzish” deb nomlangan yangi 491-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, voyaga etmagan shaxs mehnatidan uning sog’lig’i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Shuningdek Jinoyat kodeksining 1481-moddasida Voyaga etmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g’risidagi talablarni buzish, ya’ni voyaga etmagan shaxs mehnatidan uning sog’lig’iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish, xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda ushbu qoidalarga og’ishmay rioya qilib kelmoqda. Qolaversa, milliy qonunchiligimizda bola huquqlari va manfaatlari, shuningdek, ularning himoyasiga alohida o‘rin berilgan.

 

 

 

Joldasbay KEWNIMJAEV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining raisi

HUKM USTIDAN APELLYATSIYA SHIKOYATINI BERISH MUDDATI QISQARTIRILDI

 

Prezident tomonidan 2023 yil 27 sentyabr kuni imzolangan “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida” Qonuni bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Unga ko‘ra, Kodeks quyidagi boblar bilan to‘ldirildi:

-Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (55-bob);

-Sudning hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish (56-2-bob).

Shunga muvofiq: sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida tekshirilishi mumkin.

Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda prokuror ishtirok etadi.

Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi.

Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instantsiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instantsiyasi sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.

Agar shikoyatda yoki protestda og’irroq jinoyat to‘g’risidagi qonunni qo‘llash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish to‘g’risidagi yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o‘zgarishlar haqidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g’risidagi ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 yil ichida yo‘l qo‘yiladi.

Hukm chiqargan sud jinoyat ishi taftish instantsiyasi sudiga yuborilganligi to‘g’risida tegishli shaxslarni 3 sutka ichida xabardor qiladi.

Qonun bilan shuningdek, hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartirildi.

Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etish chog’ida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g’risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish tartibi belgilandi.

 

Gulnaz UTEPBERGENOVA,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining sudyasi

IJTIMOIY TARMOQLARNING BIRIDA E’LON QILINGAN “HOKIM BIZGA BOSIM QILYAPTI… QORAQALPOG’ISTONDAN PREZIDENTGA MUROJAAT” NOMLI VIDEOMUROJAAT YUZASIDAN

Da’vogar Taxtako‘pir tuman hokimligi Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizalari bilan murojaat qilib, javobgarlar “BIBSARO-SHODYA-TAXTA”, “DAUIT-TAXTA” va “AGRO MAKS FOOD” fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan er maydonlarini ijaraga berish to‘g’risidagi shartnomalarni bekor qilishni so‘ragan.

“BIBSARO-SHODYA-TAXTA” va “AGRO MAKS FOOD” fermer xo‘jaliklarining iltimosnomalariga binoan, shuningdek, “DAUIT-TAXTA” fermer xo‘jaligidan vakil kelmaganligi sababli sud muhokamalari 2024 yil 12 avgustdan 22 avgustga qoldirilgan.

Ishlarni ko‘rayotgan Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi mehnat ta’tiliga chiqqanligi sababli ushbu ishlar Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudiga o‘tkazilgan.
Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi tomonidan 2024 yil 22 avgust kuni o‘tkazilgan sud majlisida ishdagi mavjud dalillar etarli emasligi sababli da’vogarga qo‘shimcha dalillarni taqdim etish taklif qilingan va sud muhokamasi 2024 yil 30 avgust kuniga qoldirilgan.

2024 yil 30 avgustdagi sud majlisida ham ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlash uchun dalillar etarli emasligi sababli sud tomonidan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslarni jalb qilish va ularga qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilish lozim topilib, sud muhokamasi 2024 yil
9 sentyabrga qoldirilgan.

Murojaatchilar sudyaning aynan ushbu xatti-harakatlaridan norozilik bildirishib, “sud muhokamasi 9 sentyabrga uchinchi marotaba qoldirilganligini, hokimlik vakiliga hujjatlarni to‘liq taqdim etishni aytganligini hamda soliq organi va Fermerlar kengashini ishga jalb qilgani”ni bildirishgan.

Iqtisodiy protsessual kodeksi 69-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga ko‘ra, dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladi.

Agar sud mavjud dalillar etarli emas deb hisoblasa, ishning ob’ektiv holatlarini aniqlash va nizoni to‘g’ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishi mumkin.

Oliy sud Plenumining 2023 yil20 noyabrdagi “Sudlarda erga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi 28-sonli qarorining 26-bandida sudlar fermer xo‘jaliklari bilan er uchastkasi ijara shartnomasini bekor qilish to‘g’risidagi ishlarni ko‘rishda Fuqarolik kodeksining 384-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining er maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g’risida”gi Nizom talablariga rioya qilinganligini tekshirishlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.

Ishdagi hujjatlarda yuqoridagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar etarli emasligi sababli sud o‘z tashabbusi bilan da’vogar va uchinchi shaxslar vakillariga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif etishni lozim topgan.

Mazkur Kodeks 171-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisiga ko‘ra, sud tarafning qo‘shimcha dalillar taqdim etish yoki uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarurati bilan bog’liq holda sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g’risidagi iltimosnomasi bo‘yicha sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.

Oliy sud Plenumining 2019 yil 24 maydagi “Birinchi instantsiya sudi tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi 13-sonli qarori 37-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilarida sudlarning e’tibori sud muhokamasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 171-moddasining birinchi qismida sanab o‘tilgan kutilmagan va favqulodda holatlarda keyinga qoldirilishi mumkinligiga qaratilishi lozimligi, ko‘rsatib o‘tilgan holatlar mavjud bo‘lganda, sud muhokamasi sudning tashabbusi bilan ham, ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra ham keyinga qoldirilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.

Shuningdek, ushbu Kodeks 48-moddasining birinchi qismiga binoan nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instantsiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, da’vogar yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasiga yoki sudning tashabbusiga ko‘ra ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin.

Mazkur vaziyatda ishning holatlari Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi, Kadastrlar palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zagroinspektsiyaning Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, Taxtako‘pir tumani “Suv etkizib berish xizmati” davlat muassasasi, Taxtako‘pir tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi va Taxtako‘pir tumani soliq inspektsiyasining huquq yoki majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi sababli sud ushbu shaxslarni o‘z tashabbusi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilishni lozim topgan.

Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudi da’vogar tomonidan aynan Fuqarolik kodeksining 384-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining er maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g’risida”gi Nizom talablariga rioya qilinmaganligini inobatga olib, 2024 yil 9 sentyabrdagi ajrimlar bilan da’vo arizalarini ko‘rmasdan qoldirgan.

Mazkur vaziyatda Qo‘ng’irot tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi tomonidan sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalariga amal qilingan holda keyinga qoldirilganligi ma’lum qilinadi.

SAYLOV QONUNCHILIGIDAGI YANGILIKLAR

 

Ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir – 2024 yil 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovga qizg’in hozirlik ko‘rilmoqda.

 

Yangi tahriridagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslariga alohida e’tibor qaratildi.

2024 yilda Qonunchilik palatasiga saylovlar ilk marta majoritar-proportsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi.
2023 yil 18 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proportsional) asosida o‘tkazish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Yangi saylov tizimiga muvofiq, endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik o‘rnining 50 foizi majoritar, ya’ni hozirgidek muayyan okruglar bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi esa proportsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berish orqali, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi nazarda tutildi.

Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proportsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanadi.

Proportsional saylov tizimida davlat yagona saylov okrugiga aylantiriladi hamda saylov byulletenlarida nomzodlar o‘rniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar ro‘yxati ko‘rsatiladi va saylovchilar o‘zlariga ma’qul kelgan partiyalarga ovoz beradi.

Proportsional saylov tizimi vakillik organiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan partiyalar o‘rtasida mandatlarni taqsimlash ular olgan ovozlar soniga muvofiq amalga oshirilishini bildiradi.

Proportsional saylov tizimining ijobiy tomonlari u fikrlar xilma-xilligi va ko‘ppartiyaviylikning rivojlanishini, shuningdek, davlat bilan fuqarolar o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni ta’minlab beradi; kamchilikni tashkil etuvchi saylovchilarning ovozlari ham inobatga olinadi va unda kam ovoz olgan siyosiy partiyalar ham, parlamentdan joy egallaydi; uning yordamida jamiyat siyosiy hayotidagi siyosiy kuchlarni joylashishining haqiqiy va aniq manzaralarini ko‘rish mumkin; proportsional vakillik tizimi har bir siyosiy partiyaga ovozlar soniga mutanosib ravishda bir qancha o‘rinlarni olish imkonini beradi.

Aralash saylov tizimi mohiyatan ikkita tizimning birikmasi bo‘lib, ular proportsional va majoritardir. Bunda mandatlarning bir qismi proportsional tizim bo‘yicha (partiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha), ikkinchi qismi esa majoritar tizim (nomzodga ovoz berish) bo‘yicha taqsimlanadi.

 

Janat AYMAG’ANBETOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi

SUD HUJJATLARINING IJROSINI TA’MINLASH MASALALARIGA BAG’ISHLANDI

Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining raisi R.Qurbanbaev hamda sudya B.Ubaydullaevlar tomonidan Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limida yig’ilish o‘tkazildi.

 

Tadbirda asosiy mavzu sifatida sud tomonidan yuborilgan, davlat foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan mablag’larni to‘liq undirilishi taminlash hamda “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g’risida”gi Qonunning 8,24-moddasiga asosan qaytarilgan ijro hujjatlari yuzasidan tushuntirish berildi.

 

Iqtisodiy sudlar tomonidan Majburiy ijro byurolariga yuborilayotgan davlat bojini undirish bilan bog’liq ijro hujjatlarini ijrosi bo‘yicha Beruniy tumanida foiz ko‘rsatkichi yaxshi emasligi, bu bo‘yicha haftalik nazorat o‘rnatilganligini aytib o‘tdi.

 

Shuningdek, Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limiga yuborilayotgan ijro hujjatlarini “Sud hujjatlari va boshqa boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g’risida”gi Qonunning 8, 24-moddalariga asosan qaytarilayotganligiga alohida to‘xtalib, sud hujjatlari asossiz qaytarilishini bartaraf etilishini ta’minlash, yuborilgan ijro hujjatlarida kamchilik aniqlangan taqdirda, buni batafsil asoslab, elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilishi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

 

 

Skip to content