YOSHLAR ISHTIROKIDA OCHIQ SUD MAJLISI O‘TKAZILDI  

 

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida sayyor ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Yig‘ilish avvalida universitetning Yoshlar masalasi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alawatdinov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlar orasida uchrayotgan salbiy illatlar, ayniqsa yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

 

Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish uchun amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, ta’lim-tarbiya ishlari va huquqiy targ‘ibotlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olishda yoshlarning faolligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

 

Shundan so‘ng, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining tergov sudyalari R.Nazarov va D.Srajatdinovlar tomonidan ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Sudyalar tomonidan ko‘rilgan har bir ochiq sayyor sud majlisi haqida sodir etilgan jinoyatning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirish berildi.

 

Joylarda keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ochiq sud majlislaridan ko‘zlangan maqsad jinoyat sodir etgan odamni hammaga tanishtirib, sharmanda qilish emas, balki oramizda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmay, agar qandaydir qonunbuzarlik yoki huquqbuzarlik holatlari yuz bersa darhol tegishli organlarga xabar berib, yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatning oldini olishga chaqirish hisoblanadi.

“DAVLAT BOJI TO‘G’RISIDAGI QONUNGA O‘ZGARISHLAR: AHOLI VA BIZNES UCHUN YANGI IMKONIYATLAR

 

2025 yil 20 fevralda O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1032-sonli “Davlat boji to‘g’risida”gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g’risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjat mamlakatda davlat boji bilan bog’liq munosabatlarni zamon talablariga mos ravishda isloh qilish, adolat va samaradorlikni ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi. Qonunning mohiyati va ahamiyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, bir nechta muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatish mumkin.

 

Avvalo, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar endi iste’molchilar qarzdorligi uchun sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lamaydi. Bu muhim o‘zgarish hisoblanadi, chunki kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar ko‘pincha qarzdorlikni undirish jarayonida davlat boji uchun katta mablag’ sarflashiga to‘g’ri kelardi. Endi esa ularning moliyaviy yuki engillashadi, xizmat ko‘rsatish sifatini saqlab qolish va texnik ta’mirlash ishlariga mablag’ yo‘naltirish imkoniyati oshadi. Shu bilan birga, agar sud da’voni rad etsa, davlat boji xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zi tomonidan to‘lanishi belgilangan. Bu holat qonun normasining adolatli tarzda ishlashiga xizmat qiladi.

 

Ikkinchidan, qonun xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish jarayoniga oydinlik kiritdi. Endi davlat boji qaysi muddat uchun to‘lanishi aniq belgilangan. Bu o‘zgarish xorijiy biznes uchun huquqiy tartiblarning shaffofligi va barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda faoliyat yuritishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar uchun ishonchli muhit yaratilishi mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishi shubhasiz.

 

Uchinchidan, qonun aholi manfaatlariga ham to‘g’ridan-to‘g’ri ta’sir qiladi. Sud orqali qarzdorlik undirish jarayoni engillashishi fuqarolarni o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishga undaydi. Bu to‘lov intizomini kuchaytiradi, o‘z vaqtida xizmat haqini to‘laydigan fuqarolarning manfaatlari himoya qilinadi. Eng muhimi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar barqaror mablag’ga ega bo‘lib, elektr va issiqlik ta’minotida uzilishlarning oldini olishi mumkin.

 

Shu bilan birga, qonun ijrosida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar ham bor. Xususan, aholida to‘lov intizomining pastligi ko‘pincha ijtimoiy yoki iqtisodiy sabablarga borib taqaladi. Shuning uchun masalani faqat jazo choralari bilan emas, balki qulay to‘lov tizimlarini joriy qilish, aholiga imtiyoz va qulayliklar yaratish orqali hal etish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, sud orqali murojaat qilish jarayonlari barcha uchun oddiy va arzon bo‘lishi, akkreditatsiya jarayoni esa to‘liq shaffof tashkil etilishi lozim.

 

Xulosa qilib aytganda, O‘RQ-1032-sonli qonun davlat boji tizimini takomillashtirish orqali xizmat ko‘rsatuvchilar, aholi va xorijiy biznes uchun yangi imkoniyatlar ochadi. U kommunal xizmatlar barqarorligini ta’minlash, investitsiya muhitini yaxshilash va huquqiy munosabatlarda aniqlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan qadam sifatida jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

Nizamatdin ABDAKIMOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

O‘QUV MASHG‘ULOTI O‘TKAZILDI

 

 

Oltinchi mintaqaviy hudud 2-son tergov hibsxonasi shaxsiy tarkibining huquqiy savodxonligini yanada oshirish, xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy rioya qilishini ta’minlash maqsadida ular bilan qo‘shimcha o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

 

 

Jumladan, mashg‘ulotga Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh.Shamambetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi podpolkovnik U.Orazbayeva, vazirlikning JXX Probatsiya bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik M.Ametov hamda Ombuddsman Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy vakili J.Shlimbetovlar taklif etilib, xodimlarga mamlakatimiz va dunyoda bo‘lib o‘tayotgan voqea hodisalar, qonunchilikdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kabi mavzularda tushuntirish ishlari olib borildi.

 

FUQARO K. SABUROVNING YOUTUBE VIDEOXOSTINGIDA E’LON QILINGAN VIDEOMUROJAATI YUZASIDAN

 

Aniqlanishicha, da’vogar K. Saburov javobgar G. Raximovaga nisbatan turar joylardan meros ulushini olish haqidagi da’vo ariza bilan sudga murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2022 yil 22 dekabr kungi hal qiluv qarori bilan da’vogar K. Saburovning da’vo arizasi qisman qanoatlantirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi apellyatsiya instantsiyasining 2023 yil 14 fevraldagi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instantsiyasining 2024 yil 14 fevraldagi ajrimi bilan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida taftish tartibida ko‘rilmagan.

Chunki javobgar G.Raximova 1985 yildan boshlab meros ochilgunga qadar meros qoldiruvchi E.Saburov bilan birgalikda yashaganligi va meros qoldiruvchi bilan mol-mulkka nisbatan umumiy mulk huquqiga ega bo‘lganligi sababli meros taqsimlanishida meros mulkini asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega hisoblangan.

 

Arizachi majburiy ijro bo‘limi To‘rtko‘l tumani bo‘limi hal qiluv qarori bo‘yicha undiruvni nizoli mulkka qaratish va va kadastr pasportini shakllantirilib, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklash haqidagi arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2024 yil 17 maydagi ajrimi bilan arizachi majburiy ijro bo‘limi To‘rtko‘l tumani bo‘limining arizasi qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi apellyatsiya instantsiyasining 2024 yil 23 iyul kungi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha taftish instantsiyasining 2024 yil 9 oktyabrdagi ajrimi bilan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida taftish tartibida ko‘rilmagan.

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining matbuot xizmati

SUDYALAR TUMAN MARKAZIDAN UZOQDA YASHOVCHI HUDUD AHOLISI BILAN UCHRASHDI

 

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tumani sudi raisi L.Otegenova, ushbu sudning tergov sudyasi A.Davletov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi raisi M.Sapayev, Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi B.Baymuratovlar Taxiatosh tumanidagi «Keneges» va «Saroyko‘l» ovul fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan uchrashdi. Unda fuqarolarning sud-huquq masalalariga oid murojaatlari tinglandi.

 

 

Sudyalar tuman markazidan olisda yashaydigan hududlarga borib, aholi murojaatlarini eshitishi, odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ularni uzoq vaqtdan buyon qiynab kelayotgan muammolarini bevosita hal etish imkonini beradi.

 

 

Uchrashuvda fuqarolarning sohaga oid murojaatlari tinglandi, ayrimlariga tegishliligi bo‘yicha huquqiy maslahatlar ham berildi. Shuningdek, qonunchilikdagi keyingi o‘zgarishlar ham batafsil tushuntirildi.

 

 

Albatta, bunday aholi bilan ochiq muloqot odamlarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga yordam beradi.

 

“DAVLAT BOJI TO‘G’RISIDA”GI QONUNGA MUHIM QO‘SHIMCHA VA O‘ZGARISHLAR KIRITILDI

2025 yil 20 fevralda qabul qilingan O‘RQ-1032-sonli qonun bilan  “Davlat boji to‘g’risida”gi qonunga muhim qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritdi. Yangi tartibga ko‘ra, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar iste’molchilardan qarzdorlikni sud orqali undirish uchun murojaat qilganda davlat bojini to‘lamaydi. Bu ularga o‘z mablag’larini tejash va qarzdorlikni tezroq undirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishda davlat bojini to‘lash muddati aniq belgilab qo‘yildi, bu esa xorijiy biznes uchun huquqiy tartiblarning yanada ravshanlashishiga xizmat qiladi.

 

Qonunning aholi uchun ahamiyati, eng avvalo, xizmatlar sifatini oshirish va uzluksizligini ta’minlashda namoyon bo‘ladi. Xizmat ko‘rsatuvchilar o‘z mablag’larini davlat bojiga sarflamay, ularni ta’mirlash va xizmatlarni yaxshilashga yo‘naltira oladi. Sud orqali qarzlarni undirish imkoniyati engillashgani uchun iste’molchilar ham o‘z vaqtida to‘lov qilishga intiladi, natijada to‘lov intizomi kuchayadi. Bu o‘z vaqtida to‘lov qiladigan fuqarolar manfaatlarini himoya qiladi, adolatlilikni ta’minlaydi.

 

Chet el kompaniyalari uchun akkreditatsiya tartibining aniqlashtirilishi esa mamlakatimizga yangi xizmatlar va texnologiyalarni olib kirishga sharoit yaratadi. Bu orqali ish o‘rinlari yaratilishi, investitsiya muhiti yaxshilanishi va aholi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin.

Qonunning ahamiyati shundaki, u bir tomondan aholi va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni adolatli yo‘lga qo‘yadi, ikkinchi tomondan xizmatlarning barqaror va sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Natijada aholi elektr va issiqlik kabi kundalik hayot uchun zarur xizmatlarni uzluksiz olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, jamiyatda esa tartib va mas’uliyat kuchayadi.

 

 

 

Gulistan ESHNAZAROVA,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

O‘QUVCHILARGA DAVLAT HOKIMIYATINING TUZILISHI HAQIDA TUSHUNCHA BERILDI

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining sudyasi N.Toirov Ellikqal’a tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, o‘quvchilarga «O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyatining tuzilishi» mavzusida ochiq dars o‘tdi.

 

Unda sudya o‘quvchilarga davlat hokimiyatining tuzilishi haqida  tushuncha berdi. Bu orqali yoshlar mamlakatda davlat boshqaruvi haqida to‘liq ma’lumot olish bilan huquqiy bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

Shuningdek, sud hokimiyati, uning tuzilmasi va vazifalari ham interfaol usullar orqali batafsil tushuntirildi.

BOLALARNI BO‘RONLARDAN EMAS, O‘ZIMIZDAN ASRAYLIK!  

 

 

Bola-nozik jon, Yaratganning in’omi. Uyosh nihol bo‘lib, qanday parvarish qilinsa, shunday meva beradi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, unga ilm-ma’rifat berish, kasb-hunarga o‘rgatish azaldan eng muhim vazifa hisoblanadi. Odob-axloq, kattalarga hurmat, oilaga, kindik qoni to‘kilgan yurtga sadoqat fazilatlarini kamol toptirish, bola tarbiyasida eng muhim vazifadir!

 

Farzandlar qanday inson bo‘lib voyaga yetishi birinchi navbatda oilaga bog‘liq. Har bir inson o‘z oilasi oldida mas’uldir. Bu mas’uliyatni his qilish orqali  biz Vatan oldidagi farzandlik burchimizni bajargan bo‘lamiz.

 

 

Bola tarbiyasi – butun jamiyatning asosiy ishi, ayni paytda har bir fuqaroning burchi. Bola oilada to‘g‘ri tarbiya olsa, maktabda namunali o‘quvchiga aylanadi. Albatta, bunda o‘z-o‘zidan huquqiy ong, huquqiy madaniyat ham shakllanib boradi. Farzandlari oqil, yoshlari bilimli va vatanparvar bo‘lib ulg‘aygan davlat kuchli davlatdir. Nega deganda, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda millat va xalq taqdirini nafaqat moddiy, balki ma’naviy boylik hal qiladi.

 

Zamon talablaridan kelib chiqib, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Qonun 5 bob va 51 moddadan iborat bo‘lib, qonun bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi hamda jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonliklardan tashqari uning yangi turlari – g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling va shunga o‘xshash zo‘ravonliklar qayd etilgan.

 

Shuningdek, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish va ularning huquqlarini tiklash hamda ularning ijtimoiy shakllanishi uchun tegishli bo‘lgan  chora-tadbirlarni ko‘rishi belgilangan.

 

Shu bilan bir qatorda, tegishli organlarning bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid  vakolatlari, hamkorlikda ishlash mexanizmi va mas’uliyatli vazifasi ham nazarda tutilgan.

 

Muhimi, qonun bilan nafaqat zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarni himoya qilish, balki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash va ularga nisbatan zo‘ravonlik tahdidlarini bartaraf etish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

 

21 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan 978-sonli Qonun bilan O‘zbekistonda bolalarga nisbatan uning yaqin kishilari tomonidan oilaviy zo‘ravonlik ko‘rsatilganligi uchun javobgarlik belgilangan edi. Mazkur Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirildi.

 

Dunyoda har yili bolalarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka uchraydi. Bu haqda 8 noyabr kuni Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga bag‘ishlangan birinchi global vazirlar konferensiyasida ma’lum qilindi.

 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMT va Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tashkil etgan ikki kunlik konferensiyada 130 mamlakatdan hukumat vakillari, shuningdek, 90 vazir ishtirok etdi. BMTning 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, dunyoda 15 yoshgacha bo‘lgan 2,04 milliard bola bor. Voyaga yetmaganlar umumiy aholining taxminan 25 foizini tashkil etadi.

 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoning yarmidan ko‘pi (1 milliarddan ortiq) bolalar zo‘ravonlikka uchraydi. Konferensiya yakunida 100 dan ortiq davlat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha majburiyatlar olgan, 9 ta davlat esa jismoniy jazoga barham berishni va’da qilgan.

 

Asosiy statistik ma’lumotlar:

 

-har yili 2 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi zo‘ravonlikning turli shakllariga duchor bo‘ladi. Bu 1 milliarddan ortiq bolani tashkil etadi;

 

-har uch boladan ikkitasi doimiy ravishda oilada jazoga tortilgan;

 

-har beshinchi qiz va o‘g‘il bola jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi;

 

-25 foizdan 50 foizgacha bolalar tazyiq qurboni bo‘ladi;

 

-o‘g‘il bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik, ko‘pincha o‘q otar yoki boshqa sovuq qurol ishlatilgan holda va bu o‘limning asosiy sababidir.

 

Konferensiya yakuniga ko‘ra, 2030 yilga qadar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik darajasini kamaytirish maqsadida davlatlar uchun maqsad va vazifalar belgilangan hujjat qabul qilindi. Burundi, Gambiya, Qirg‘iziston, Panama, Shri-Lanka, Uganda va Tojikiston hukumatlari har qanday sharoitda bolalarga nisbatan jismoniy jazolashni taqiqlash majburiyatini oldi. Nigeriya hukumati maktablarda jismoniy jazolashni taqiqlashga va’da berdi.

 

UNICEF o‘z hisobotida bugungi kunda 370 milliondan ortiq qiz va ayol, ya’ni mamlakat bo‘ylab har sakkizinchi qiz yoki ayol 18 yoshga to‘lishidan oldin zo‘ravonlikka uchragani yoki jinsiy tajovuzga uchragani ma’lum qilingan.

 

Bolalar tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganda qanday yo‘l tutish kerak, kimga murojaat qilish kerak degan savollar ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Mamlakatimizda bolalarning shikoyat qilish sirliligi, bolalar uchun do‘stona munosabat mexanizmidan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash va ulardan foydalanishga undash masalalari qanday ahvolda, degan savollarga ham, hozirgi kunda ijobiy javob berish qiyin. Masalan, bolalar bog‘chasida bog‘cha tarbiyachisi tomonidan tazyiqqa uchragan yoki kamsitilgan bolani kim himoya qiladi? U o‘z huquqini himoya qilishni bilmasligi aniq. Ota-onalar esa bu holatdan ko‘pincha bexabar qoladi. Sababi bolani bog‘cha tarbiyachisi urganda burni qonagan bo‘lsa, bolaning ota-onasi kelguncha tozalab iz qolmagan bo‘ladi, urgan joyini kim ekspertizaga berib yuradi? Afsuski, shu tarzda bolajonlarga ozor berishlar davom etaveradi.

 

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining joriy yil 21 fevraldagi qo‘shma qarori bilan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davr mavzusi ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, ushbu rejada 100 ta tavsiya hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari va mas’ul organlar hamda ijro muddatlari belgilangan.

 

 

Ushbu harakatlar rejasining 9-bandiga asosan Bolalarga nisbatan shikoyat qilishning maxfiyligi, bolalar uchun do‘stona munosabat mexanizmidan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash va ulardan foydalanishga undash tavsiya etilgan. Bu haqda bolalarning ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bolalar uchun ishonch telefonlarini tashkil etish, davlat organlari rasmiy veb-saytlarida bolalarga moslashtirilgan sahifalar ochish, ijtimoiy va tarbiyaviy videoroliklar tayyorlash hamda ularni ommaviy axborot vositalarida namoyish etib borish belgilangan.

 

Negaki, hozirgi texnika davrida barcha bolalarda texnik vositalardan foydalanish ko‘nikmalari shakllanganligini hisobga olib, ularga nisbatan zo‘ravonlik qilingan holatlar yuzasidan bolalar zudlik bilan tegishli organlarga murojaat qilishi nazarda tutilgan.

 

Hech kimga sir emas, ba’zan internet tarmoqlarida bolalarning jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlikka uchraganligi haqida noxush xabarlar tarqalmoqda, yuqorida ko‘rsatilgan mexanizmlardan keng foydalanilganligi natijasida tegishli organlar zudlik bilan voqea joyiga yetib kelayotganligi va zo‘ravonlikka uchragan bolaning huquqlarini tiklash hamda uni reabilitatsiya qilish, aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’minlanayotganligini ta’kidlashimiz lozim.

 

Shu bois, bu haqda ijtimoiy roliklar ishlab chiqilishi va internet tarmoqlarida joylashtirib borilishi, bolalarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyatini oshirishga hamda kelgusida uchrashi mumkin bo‘lgan bunday salbiy holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi hamda o‘zini zo‘ravonlikdan qanday himoya qilish kerakligi haqida ko‘nikmalar shakllanishiga xizmat qiladi.

 

 Ushbu yo‘nalishdagi qonunlar haqida tushunchalar berish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi sudyalari 2025 yil 25 fevral kuni Nukus shahrida bir qator o‘zini o‘zi boshqarish organlari ya’ni «Sharqiy,» «Chimboy choyxona» va «Sarbinoz» mahalla fuqarolar yig‘inlarida mahalla raislari va shu hududda yashovchi fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, qabul qilingan qonun loyihalari, qonunning asosiy maqsadlari haqida tushunchalar berib, uchrashuv ishtirokchilarining qiziqtirgan savollariga javoblar berib o‘tdi.

 

Albatta o‘z navbatida tegishli rasmiy idoralarda bolalar uchun «Ishonch telefoni»ni joriy etish, bu bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aybdor shaxslarga nisbatan tegishli chora ko‘rish uchun imkoniyat yaratadi.

 

TIMUR SEYLXONOV,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining arxiv mudiri

ULUGBEK ASHURNING YOUTUBE VIDEOXOSTINGIDAGI “NEGATIV” KANALIDA E’LON QILINGAN BILDIRISH YUZASIDAN

 

O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi da’vogar ATB “Agrobank” Qorao‘zak filiali manfaatida javobgarlar “Shohjahon Suhrobbek” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Jabbor Sarvar” xususiy korxonasi, “To‘proqqa’la g’ishti” xususiy korxonasi va K.Niyazimbetovga nisbatan kredit qarzini undirish va undiruvni garov mulklarga qaratish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilib, javobgardan jami qarzdorlik 960.787 AQSh dollarini muddatidan oldin undirishni, undiruvni garovdagi “To‘proqqa’la g’ishti” va “Jabbor Sarvar” xususiy korxonalari, fuqaro K.Niyazimbetovga tegishli bino va inshootlarga qaratishni so‘ragan.

 

Shuningdek, javobgar “Shohjahon Suhrobbek” mas’uliyati cheklangan jamiyati da’vogar ATB “Agrobank” Qorao‘zak filialiga nisbatan nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilib, taraflar o‘rtasida 2020 yil 10 dekabrda tuzilgan 14430-sonli kredit shartnomasiga qo‘shimcha bitimni haqiqiy emas deb topishni hamda da’vogarning da’vo talabining shu qo‘shimcha bitim bo‘yicha qismini rad qilishni so‘ragan.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng’irot tumanlararo sudining 2023 yil 27 oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning da’vo talablari qanoatlantirilib, javobgar “Shohjahon Suhrobbek” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan da’vogar “Agrobank” ATB foydasiga jami 960.780 AQSh dollari mablaǵlari undirilib, undiruv garovdagi mulklarga qaratilgan.

 

Javobgar “Shohjahon Suhrobbek” MChJning nizoli qo‘shimcha bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi qarshi da’vosi qanoatlantirmasdan qoldirilgan.

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi apellyatsiya instantsiyasining 2024 yil 9 yanvardagi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi da’vogar «SHOXJAXON SUXROBBEK» mas’uliyati cheklangan jamiyatining manfaatini ko‘zlab javobgarlar ATB «Agro bank» va ATB «Agro bank» Qarao‘zak filialiga nisbatan 2020 yil 15 iyunda tuzilgan 14430-sonli kredit shartnomasini haqiqiy emas deb topish to‘g’risidagi da’vo arizasi bilan iqtisodiy sudga murojaat qilgan.

 

Mazkur ish Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudi ko‘rib chiqilib, sudning 2025 yil 24 fevral kungi hal qiluv qarori bilan da’vo arizani qanoatlantirish rad etilgan.

 

 

Qoraqalpoǵiston Respublikasi sudining matbuot xizmati

SUDYALAR SAYYOR QABUL O‘TKAZDI

 

Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi D.Davletov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudyasi N.Akimniyazov va Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumani sudining tergov sudyasi B.Aymuratovlar  «Elabad» posyolka fuqarolar yig‘inida hudud aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

 

Bunda asosiy e’tibor fuqarolarning sud-huquq sohasiga oid murojaatlarini eshitish va ijobiy hal etish orqali, ularning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratildi.

 

Qabulda fuqarolar sud qarorlari ijrosi, uy-joyni o‘z nomiga o‘tkazish, aliment undirish, pensiya tayinlash, nikohdan ajratish, soliq, yer kabi turli mazmundagi masalalar bilan murojaat qildi.

 

Ochiq muloqotlar davomida fuqarolar sudyalardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga huquqiy maslahatlar oldi.

Skip to content