“DAVLAT BOJI TO‘G’RISIDAGI QONUNGA O‘ZGARISHLAR: AHOLI VA BIZNES UCHUN YANGI IMKONIYATLAR
2025 yil 20 fevralda O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1032-sonli “Davlat boji to‘g’risida”gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g’risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjat mamlakatda davlat boji bilan bog’liq munosabatlarni zamon talablariga mos ravishda isloh qilish, adolat va samaradorlikni ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi. Qonunning mohiyati va ahamiyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, bir nechta muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatish mumkin.
Avvalo, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar endi iste’molchilar qarzdorligi uchun sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lamaydi. Bu muhim o‘zgarish hisoblanadi, chunki kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar ko‘pincha qarzdorlikni undirish jarayonida davlat boji uchun katta mablag’ sarflashiga to‘g’ri kelardi. Endi esa ularning moliyaviy yuki engillashadi, xizmat ko‘rsatish sifatini saqlab qolish va texnik ta’mirlash ishlariga mablag’ yo‘naltirish imkoniyati oshadi. Shu bilan birga, agar sud da’voni rad etsa, davlat boji xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zi tomonidan to‘lanishi belgilangan. Bu holat qonun normasining adolatli tarzda ishlashiga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, qonun xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish jarayoniga oydinlik kiritdi. Endi davlat boji qaysi muddat uchun to‘lanishi aniq belgilangan. Bu o‘zgarish xorijiy biznes uchun huquqiy tartiblarning shaffofligi va barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda faoliyat yuritishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar uchun ishonchli muhit yaratilishi mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishi shubhasiz.
Uchinchidan, qonun aholi manfaatlariga ham to‘g’ridan-to‘g’ri ta’sir qiladi. Sud orqali qarzdorlik undirish jarayoni engillashishi fuqarolarni o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishga undaydi. Bu to‘lov intizomini kuchaytiradi, o‘z vaqtida xizmat haqini to‘laydigan fuqarolarning manfaatlari himoya qilinadi. Eng muhimi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar barqaror mablag’ga ega bo‘lib, elektr va issiqlik ta’minotida uzilishlarning oldini olishi mumkin.
Shu bilan birga, qonun ijrosida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar ham bor. Xususan, aholida to‘lov intizomining pastligi ko‘pincha ijtimoiy yoki iqtisodiy sabablarga borib taqaladi. Shuning uchun masalani faqat jazo choralari bilan emas, balki qulay to‘lov tizimlarini joriy qilish, aholiga imtiyoz va qulayliklar yaratish orqali hal etish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, sud orqali murojaat qilish jarayonlari barcha uchun oddiy va arzon bo‘lishi, akkreditatsiya jarayoni esa to‘liq shaffof tashkil etilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, O‘RQ-1032-sonli qonun davlat boji tizimini takomillashtirish orqali xizmat ko‘rsatuvchilar, aholi va xorijiy biznes uchun yangi imkoniyatlar ochadi. U kommunal xizmatlar barqarorligini ta’minlash, investitsiya muhitini yaxshilash va huquqiy munosabatlarda aniqlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan qadam sifatida jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Nizamatdin ABDAKIMOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi






