LATENT JINOYATLAR: MAZMUN, SABABLAR VA OQIBATLAR

 

 

Latent so‘zi lotin tilining “latents (latentis)” so‘zidan olingan bo‘lib, “yashirin, ko‘rinmaydigan” degan ma’nolarni anglatib, real yashirin yoki ro‘yxatga olinmagan jinoyatlar tushuniladi. Latent jinoyatlar haqiqatda sodir etilgan jinoyatlarning qismi hisoblanadi.

Bizga ayonki, kriminologiya fanida “latent”, ya’ni “yashirin” jinoyatchiliksiz jinoyatchilikning holati umumiy tushunchasining tavsifi to‘liq bo‘lmaydi.

Latent jinoyatlar – bu jamiyatda sodir bo‘ladigan, biroq turli sabablarga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlanmaydigan yoki qayd etilmaydigan jinoyatlardir. Bunday jinoyatlar nafaqat huquqiy tizimning zaifligini ko‘rsatadi, balki jamiyatdagi ijtimoiy adolatning buzilishiga ham sabab bo‘ladi. Mazkur maqolada latent jinoyatlarning mazmuni, ularning kelib chiqish sabablari va oqibatlari tahlil qilinadi.

Dunyoda latent jinoyatchilikka qarshi kurashning asosiy usullaridan biri sifatida uning kelib chiqish sabablari, shartlari hamda unga turtki bo‘luvchi omillarni aniqlashga e’tibor qaratilmoqda. Bunday yondashuv bir vaqtning o‘zida ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega ekanligi bilan diqqatga sazovordir.

Latent jinoyatchilik ham boshqa jinoyatlar kabi kriminologiyada umum’etirof etilgan: “Jinoyatchilikning umumiy sabablari o‘ziga xos namoyon bo‘lish xususiyatlariga ega. Ilmiy jihatdan ushbu xususiyatlarni bilish ijtimoiy jarayonlar tabiati va dinamikasi hamda ijtimoiypsixologik omillarning jinoyatchilikka ta’sir etuvchi mexanizmini ochib berish bilan bog’liqdir”.

Jamiyatda u yoki bu hodisaning, jumladan, latent jinoyatchilikning paydo bo‘lish sabablari asosan ijtimoiy, iqtisodiy, etnografik va diniy qarashlar bilan bog’liq. Bunday hududiy mazmunga ega bo‘lgan ko‘rsatkichlar jinoyatchilik geografiyasi va turlariga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, ma’lum mintaqada shakllangan turmush tarzi, omma psixologiyasi, urf-odatlar, an’ana, shakllangan dunyoqarashlar ham alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.

Latent jinoyatlar umumiy kriminologiya nazariyasida bo‘lgani kabi ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga bog’liq jinoyat hisoblanadi. Bunga jinoyat qonunchiligidagi ayrim nomukammalliklarning borligi, jinoyatlarni ro‘yxatga olishning samarasizligi, jinoiy qilmishlarning hisobini yurituvchi organlarning mas’uliyatsizligi, kelib tushgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida qayta ishlashning imkoni yo‘qligi va boshqalarni sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

 

Latent jinoyatlar jamiyatning turli sohalarida kuzatiladi va ko‘pincha quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi:

Birinchi, oiladagi zo‘ravonlik – jabrlanuvchilarning qo‘rquvi yoki ijtimoiy bosim sababli ular bu kabi holatlarni bildirmaydilar.

Ikkinchi, korruptsiya va iqtisodiy jinoyatlar – moliyaviy manfaatlar va yashirin harakatlar natijasida ko‘plab jinoyatlar sirli qoladi.

Uchinchi, kiberjinoyatlar – internet orqali sodir etiladigan jinoyatlar ko‘pincha texnik jihatdan izlash qiyin bo‘lgani uchun latent hisoblanadi.

Latent jinoyatlarning aniqlanmaganligi qonunchilik tizimiga nisbatan ishonchni kamaytiradi, jinoyatchilikni rivojlantirishga sharoit yaratadi va jamiyatda ijtimoiy muvozanatning buzilishiga olib keladi.

Latent jinoyatlarning asosiy sabablari tariqasida quyidagilarni keltirish mumin.

Birinchidan, jabrlanuvchining qo‘rquvi yoki ishonchsizligi. Jabrlanuvchilar ko‘p hollarda jinoyat haqida xabar berishdan qochadilar, chunki ular qasos olinishidan qo‘rqadilar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonmaydilar.

Ikkinchidan, qonunchilik tizimidagi kamchiliklar. Ba’zi davlatlarda huquqiy tizimning samarasizligi yoki rasmiylar o‘rtasidagi korruptsiya jinoyatlarning qayd etilishiga to‘sqinlik qiladi.
Uchinchidan, jamoatchilik xabardorligining pastligi. Aholining huquqiy bilimlarining etarli darajada emasligi yoki jinoyat haqida xabar berish mexanizmlarining mavjud emasligi latent jinoyatlar darajasini oshiradi.

To‘rtinchidan, ilmiy-texnik imkoniyatlarning cheklanganligi. Kiberjinoyatlar yoki xalqaro chegaralarni kesib o‘tuvchi jinoyatlar aniqlash uchun yuqori texnologik imkoniyatlarni talab qiladi. Bu imkoniyatlar etishmovchiligi jinoyatlarning latent bo‘lib qolishiga olib keladi.

Latent jinoyatchilikni yuzaga kelish sabablariga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘lib tahlil qilish mumkin:

1. Jinoyatlar hisobini yurituvchi organlarning idoraviy nomuvofiqligisababli qilmishlarning jinoyatlarni ro‘yxatga olish tizimiga kiritilmasligi. Bu asosan jinoyatlarni markazlashgan ro‘yxatga olish vakolatining Ichki ishlar vazirligi organlaridan prokuratura organlariga o‘tkazilishi va ushbu tizimning yangi joriy etilganligi, ro‘yxatdan o‘tkazishning kompyuterlashtirilgani bilan bog’liq.

2. Hech kimga ayon bo‘lmagan jinoyatlar. Odatda bunga “ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan, ishlab chiqarish texnologiyalarini buzish bilan bog’liq bo‘lgan jinoyatlar” va boshqalar kiradi. Ba’zan bu guruhga ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlardan tashqari, kam ahamiyatli, oz miqdorda zarar etkazilgan jinoyatlar ham kiritiladi.

3. Faqat jinoyatchiga ma’lum bo‘lgan jinoyatlar. Ushbu toifadagi jinoyatlarga mast holatdagi shaxsga, voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar, shuningdek, “jabrlanuvchisiz bo‘lgan jinoyatlar” deb nomlangan jinoiy ishlar kiritiladi. Bu, masalan, manfaatdor shaxsning davlat xizmatchisiga o‘z mansab vakolatini bajarganligi yoki bajarmaganligi uchun pora berishi bo‘lishi mumkin.

Latent jinoyatlarning sodir etilishi natijasida quyidagi holatlar kelib chiqadi.

Jumladan, jamiyatda adolatsizlik hissining ortishiga olib keladi. Jabrlanuvchilarning qonun ustuvorligiga ishonchi susayadi, bu esa fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.
Jinoyatchilikning kuchayishiga turtki bo‘ladi. Latent jinoyatlar jinoyatchilarni jazosiz qolishga ishontirib, yangi jinoyatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, iqtisodiy zararlar etkazilishiga olib keladi. Korruptsiya yoki moliyaviy firibgarlik kabi latent jinoyatlar davlat iqtisodiyotiga jiddiy zarar etkazadi.

 

Ba’zi xalqaro tadqiqotlarning natijalariga ko‘ra xaqiqatda sodir etilgan jinoyatlarning 50 % ga yaqini latent bo‘lib qolmoqda.

Ayrim davlatlarda ba’zi turdagi qilmishlar (masalan nomusga tegish, xaridorlarni aldash, kam miqdorda talon-toroj qilish va xokazolar) bo‘yicha latentlik darajasi ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Xabar berilmagan jinoyatlar asosan quyidagilar bilan bog’liq :
– fuqarolar va jinoyat jabrlanuvchilarining xuquqni muxofaza qiluvchi organlarga ishonchsizligi;
– xuquqni muxofaza qilish organlarining jinoyatni ochish va arizachini ximoya qila olishga ishonchsizlik;
– jinoyatchilarning o‘ch olishidan qo‘rqish;
– tajovuz (masalan nomusga tegish)ni boshqalarga bildirmaslik;
– jinoyatchi bilan kelishuv bitimining tuzilganligi;
– jinoyatdan jabrlanganlikni bilmaslik va xokazolar.

Ro‘yxatga olinmagan jinoyatlar butun dunyoga o‘ziga xos, biroq tarixiy va boshqa sabablarga ular MDX ga kirgan va O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan. Xuquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan yashirilgan jinoyatlar ro‘yxatga olinmagan jinoyatlarning taxminan 30 % ni tashkil etadi. Ayrim turdagi jinoyatlarda bu ko‘rsatkich yanada yuqori.

Yashirishga urinishning sabablari turlicha:

– Ichki ishlar organlari va huquqni muxofaza qiluvchi organlari jinoyatchilikni nazorat qilishga qobiliyatli ekanligini ko‘rsatish;

– ushbu organlarning jinoyatchilikning o‘sishini kamaytira olmayotganligi;

– ochilishi qiyin bo‘lgan jinoyatlardan qochish;

– Xuquqni muxofaza qiluvchi organlar tizimida malakali kadrlar va texnika vositalarining etishmasligi;

– xodimlar kasbiy tayyorgarligining pastligi;

– jinoyat yustitsiyasi tizimida suiste’molchiliklar va korruptsiyaning keng tarqalganligi va xokazolar.

Ruyxatga olingan, ammo surishtiruchi, tergovchi va prkurorlarning aybi bilan aniqlanmagan jinoyatlar xisobga olinganlarning 2 – 5 % ni tashkil etadi. Bu jinoyat ishini qo‘zg’atishni rad etish, jinoyat xodisasi yoki tarkibi bo‘lmaganligi uchun tugatish to‘g’risida qaror chiqarish, sudning oqlov xukmi chiqarishda namyon bo‘ladi.

Hozirgi kunda kriminologiyada yashirin (latent) jinoyatlar deyilganda, jinoyatga daxldor ishlarni qonun asosida ko‘rib chiqishga va tergov harakatlarini yuritishga vakolatli davlat organlariga xabar kelmagan yoki tegishlicha axborot-hisob yuritish ro‘yxatidan o‘tmagan jinoyatlarni tushunish e’tirof etiladi. Ushbu umumiy tushuncha orqali yashirin jinoyatchilikning oddiy, oraliq va sun’iy yashirinlik kabi guruhlari belgilangan. Birinchi gu-ruhga kiruvchi jinoyatlar to‘g’risidagi xabar tegishli davlat organlariga yoki shaxsga ma’lum bo‘lmaganligi bilan izohlanadi. Ikkinchi guruhdagi holatda esa jinoiy xatti-harakatlar oqibatida ro‘y bergan hodisa jinoyat deb idrok etilmaydi va noaniqligicha qoladi. Uchinchi guruhdagi jinoyatlarda esa jinoyatchilik holatlari g’ayriqonuniy tarzda inkor qilinadi va tegishlicha ro‘yxatga olinmaydi.

Sanab o‘tilgan holatlarning har birida o‘ziga xos umumiylik mavjud bo‘lib, u ham bo‘lsa jinoyatchilik yoki unga taalluqli xabarning yo‘qligi, shuningdek, ob’ektiv voqelikdan kelib chiqqan holda sun’iy hamda qasddan yashirish holatlarning mavjudligidir. Aynan shu kabi xabar kelmaydigan yoki yashirin jinoyatlar, yuqorida ta’kidlanganidek, jinoyatchilikning yashirinlik holatini ifodalaydi.
Jinoyatchilikning yashirinlik holati va ayniqsa, uning miqdori (miqyosi) hozirgi kunda kriminologiya nuqtai nazaridan eng dolzarb muammo hisoblanadi va ushbu muammo kam o‘rganilganligi bois jahon olimlarining e’tiborini o‘ziga qaratmoqda. Yashirin jinoyatchilikning miqdorini aniqlash va unga baho berish esa mutaxassislar tomonidan jinoyatchilikka umumiy baho berishda katta ahamiyatga ega ekanligi e’tirof etilgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz lozimki, latent jinoyatlarning oldini olish uchun jamiyatda ochiqlik va huquqiy ongni oshirish muhim ahamiyatga ega. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning samaradorligini oshirish, jabrlanuvchilarga huquqiy yordam ko‘rsatish va jamoatchilikni jinoyatlarga qarshi kurashda faol ishtirok etishga jalb qilish orqali latent jinoyatlarni kamaytirish mumkin. Jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir fuqaroning huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratish zarur.

 

Azamat SHINIBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi

QONUNGA MUHIM O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITILDI

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudida prokuratura organlari bilan hamkorlikda amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyalari hamda prokuraturaning mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida” gi Qonunning mazmun-mohiyati keng muhokama qilindi. Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning ishtiroki nazarda tutilgan bir qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Xususan, prokurorga erga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat byudjetidan undirish bilan bog’liq ishlarda sudlarda ishtirok etish hamda davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza kiritish huquqi berildi.

 

Seminar davomida ushbu qonun ijrosini ta’minlashda sud va prokuratura organlarining o‘zaro hamkorligi, prokuror ishtiroki belgilangan ishlarning sud majlislarida ko‘rib chiqilishi tartibi, ushbu vakolatlarning amaliy qo‘llanilishi kabi masalalar yuzasidan tajriba almashildi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 29 apreldagi «Ma’muriy sudlar tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qo‘llash to‘g’risida»gi 9-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida»gi 10-sonli qarorlarining ahamiyati va mazmuni tushuntirildi. Ta’kidlandiki, mazkur Plenum qarorlari sudyalar va huquqshunoslar uchun metodik yo‘riqnoma sifatida xizmat qilish bilan birga,  yangi qarorlarni noto‘g’ri talqin qilishning oldi olinadi, sud amaliyotida adolat va shaffoflik ta’minlanadi.

 

 

JINOYATCHILIK VA HUQUQBUZARLIK OQIBATLARINI TUSHUNTIRISH MAQSADIDA SAYYOR SUD MAJLISI TASHKIL ETILDI

Beruniy tumani Yoshlar markazida sudyalarning yoshlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi hamda sayyor sud jarayoni tashkil etildi.

Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudining tergov sudyasi I.Allaniyazov hamda Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi A.Salievlar ishtirok etdi.

 

 

Uchrashuv davomida tergov sudyasi I.Allaniyazov yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bu illatlarning salbiy oqibatlari haqida fikr yuritdi. U jinoyat sodir etish oqibatlari, mavjud qonunchilikdagi tartiblar va yoshlarning huquqiy ongini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida yoshlarga atroflicha tushuncha berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi PQ-1-sonli qarori asosida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berdi.

 

 

Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi A.Saliev esa O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 11-martdagi O‘RQ-1047-sonli Qonuni mazmun-mohiyatini ta’kidlar ekan, ushbu qonun asosida sud tizimida yaratilgan qulayliklar, xususan, sud jarayonlarining masofaviy shaklda (onlayn tarzda) o‘tkazilishi imkoniyati haqida ma’lumot berdi. Sudya sud majlisining real vaqt rejimida masofadan turib qanday tashkil etilishi mumkinligini yoshlar ishtirokida amaliy tarzda namoyish qilib berdi. Bu esa yoshlar uchun zamonaviy sud tizimi imkoniyatlarini bevosita kuzatish imkonini yaratdi.

 

Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudining tergov sudyasi I.Allaniyazov tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlikning real oqibatlarini yoshlar ongida yanada mustahkamlash maqsadida sayyor sud jarayoni tashkil etildi. Yoshlar ushbu sud majlisida bevosita ishtirok etib, sud jarayonining qanday kechishini, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini amaliy ravishda kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.

 

Tadbir davomida sudyalar yoshlar bilan ochiq muloqotda bo‘lib, ularning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berishdi.

 

 

Mazkur uchrashuv yoshlar huquqiy bilimini oshirish va huquqiy madaniyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

YOSHLAR O‘RTASIDA HUQUQIY MADANIYATNI OSHIRISHGA QARATILGAN UCHRASHUV VA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida joylarda sud organlari tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyalari tomonidan Nukus shahridagi Yoshlar markazi binosida tashkil etildi.

 

Dastlab, Nukus tumanlararo ma’muriy sudi raisi R.Jumaboyev so‘z olib, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

 

Xususan, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish uchun amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, ta’lim-tarbiya ishlari va unda huquqiy targ‘ibot tadbirlarining ahamiyatiga urg’u berdi.

 

 

Shundan so‘ng, Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyalari A.Saliev, Q.Babanazarov hám S.Karamatdinovalar tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Tadbir doirasida real sud muhokamasi namoyish etilib, unda asosan pensiya tayinlash bilan bog‘liq ma’muriy nizolar ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida pensiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalar, fuqarolarning huquqlari va ularni himoya qilish tartibi muhokama qilindi.

 

 

Sudyalar tomonidan ishtirokchilarga ishning huquqiy asoslari, dalillarni baholash jarayoni hamda qabul qilingan qarorning mazmuni tushuntirildi. Shuningdek, yoshlarga ma’muriy huquqbuzarliklarning oqibati, fuqarolik mas’uliyati va qonun ustuvorligining ahamiyati haqida ham ma’lumotlar berildi.

 

 

Yoshlar sud jarayonini kuzatish orqali sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

Bunday tadbirlar yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish va qonuniylikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR TUSHUNTIRILDI

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyalari K.Xojamuratov va R.Xudaybergenovalar Nukus shahri hokimligi xodimlari bilan uchrashdi.

 

 

Unda qonunchilikdagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 29 apreldagi «Ma’muriy sudlar tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qo‘llash to‘g‘risida»gi 9-sonli qarori va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 10-sonli qarorining, «»Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1047-sonli Qonunining mazmuni va ahamiyati keng tushuntirib berildi.

 

 

ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISHDA XALQARO HAMKORLIKNING AHAMIYATI

 

Globallashuv jarayoni insonlar, moliyaviy resurslar va axborot oqimining erkin harakatlanishiga yo‘l ochdi. Biroq bu jarayonning salbiy tomonlaridan biri — transmilliy jinoyatlar, xususan odam savdosidir. Inson erkinligi va qadriga qarshi yo‘naltirilgan ushbu jinoyat turiga qarshi kurash nafaqat milliy, balki xalqaro hamkorlikni ham talab etadi.

 

Odam savdosi — bu inson huquqlari va erkinliklariga qarshi yo‘naltirilgan transmilliy jinoyat hisoblanadi. XXI asrdagi eng og’riqli muammolardan biri sifatida, u nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy, balki ma’naviy oqibatlarga ham olib kelmoqda. Shu bois, bu illatga qarshi kurashish va uning oldini olish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

 

Odam savdosiga qarshi kurashishda xalqaro huquqiy mexanizmlar asosiy o‘rin tutadi.

 

BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasi (2000 yil, Palermo) va uning Odam savdosiga qarshi protokoli — bu hujjat odam savdosining aniq ta’rifi va unga qarshi davlatlarning majburiyatlarini belgilab beradi.

 

Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO) tomonidan qabul qilingan 29 va 105-sonli konventsiyalar — majburiy mehnatga qarshi kurashni tartibga soladi.

 

YuNISEF, INTERPOL, IOM, UNODC kabi tashkilotlar — xalqaro miqyosda texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatuvchi muhim hamkorlar hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi so‘nggi yillarda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Jumladan,O‘zbekiston Palermo protokoliga 2008 yilda qo‘shilgan va undagi majburiyatlarni amalga oshirish bo‘yicha milliy qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgan.

 

IOM (Xalqaro migratsiya tashkiloti) bilan hamkorlikda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta moslashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda.

 

Qo‘shni davlatlar (Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston) bilan chegara orqali odam savdosining oldini olish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar tuzilgan.

 

Odam savdosi — bu biror davlatning ichki muammosi emas, balki butun insoniyatning muammosidir. Shu boisdan, odam savdosining oldini olish faqat huquqiy jazo bilan cheklanmasligi kerak. Bu borada aholining huquqiy ongi va ma’rifati muhim ahamiyatga ega.

 

 

 

Ra’no XANPOLATOVA,

fuqarolik ishlari bo’yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi

BITIRUVCHILAR BILAN UCHRASHUV

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumani sudining raisi E.Berdiyev, shu sudning tergov sudyasi B.Aymuratov, Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi D.Davletov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudi sudyasi N.Akimniyazovlar tomonidan Qo‘ng‘irot tumani «Suwenli» OFY hududida joylashgan 12-sonli o‘rta ta’lim maktabida ushbu maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda asosiy e’tibor yoshlarning kelgusida o‘qib, bilim olishi uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga qaratildi. Xususan, hozirgi vaqtda voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, uning oldini olish, ma’muriy huquqbuzarliklar, ma’muriy javobgarlikka tortish yoshi, subyektlari haqida ham tushunchalar berildi.

Shuningdek, sudyalar tomonidan ma’muriy jazo va uning turlari haqida ma’ruzalar o‘qildi.

FUQAROLARNING MEHNAT QILISH HUQUQI QONUN HIMOYASIDA

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 7 ta bo‘lim, 34 ta bob va 581 ta moddadan iborat. «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ-798) Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 28 oktyabr kuni imzolandi.

 

Yangi kodeks e’lon qilingan kundan boshlab 6 oy o‘tib, ya’ni 2023 yil 30 apreldan kuchga kirdi va jamiyatimizda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solishda muhim o‘rin egallab, shu jumladan fuqarolarimizning mehnat qilish huquqlarini himoya qilib kelmoqda.

 

 

Masalan, fuqaro A.J.ning mas’ul Boshqarmaga nisbatan buyruqni bekor qilish, ishga tiklash, majburiy bo‘sh yurgan kunlari uchun ish haqi va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan qisman qanoatlantirilib, A.J.ni o‘z lavozimiga ishga tiklash, majburiy bo‘sh yurgan kunlari uchun ish haqlarini, ma’naviy zarar uchun kompensatsiya pullarini undirish belgilangan. Aniqlangan holatlarga ko‘ra, fuqaro A.J. Boshqarmada ishlab kelib, Boshqarma boshlig‘ining 2024 yil 20 sentyabr kungi 2-sonli buyrug‘i bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 5-bandiga asosan bekor qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 314-moddasi 1-qismiga ko‘ra, intizomiy jazo intizomiy qilmish aniqlanganidan keyin darhol, lekin aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llaniladi, bunda xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan yoki mehnat ta’tilida bo‘lgan davr hisobga olinmaydi. Xizmat tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma komissiya tomonidan imzolangan kun xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan intizomiy harakat aniqlangan kun deb hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrdagi 26-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi Qarori 34-bandi 1 va 5-xatboshilariga muvofiq, Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 4 yoki 5-bandlariga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligi masalasini muhokama qilishda sudlar ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qo‘llash uchun belgilangan muddatlarga rioya qilinganligini aniqlaydi.

Boshqarmaning yuqori turuvchi organining 2024 yil 2 avgust kungi 1-sonli buyrug‘iga asosan xodim A.J.ning ish samaradorligi ko‘rsatkichi (KPI) iyul oyi yakuni bilan belgilanganidan past bo‘lganligi sababli mehnat shartnomasini bekor qilish intizomiy jazo chorasini qo‘llash ko‘rsatilgan. Ushbu buyruqqa asosan Boshqarma boshlig‘i tomonidan A.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berishni so‘rab kasaba uyushmasi qo‘mitasiga kiritilgan dastlabki taklifiga rozilik berilmagan. Shundan so‘ng Boshqarma boshlig‘i tomonidan A.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berishni so‘rab kasaba uyushmasi qo‘mitasiga 2024 yil 27 avgust kuni takroriy taqdimnoma kiritilgan. Mazkur taklif kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2024 yil 5 sentyabrdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, A.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berilgan.

Ish beruvchi tomonidan da’vogar A.J.ning 2024 yil iyul oyi yakuni bo‘yicha o‘z faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato-kamchiligi Boshqarmaning yuqori turuvchi organining 2024 yil 2 avgust kungi 1-sonli buyrug‘i bilan aniqlangan vaqtdan boshlab Mehnat kodeksida intizomiy jazo qo‘llash uchun belgilangan bir oylik muddat o‘tganidan so‘ng, intizomiy jazo sifatida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2024 yil 20 sentyabrda bekor qilingan. Yuqoridagi holatlarda ish beruvchi Boshqarma tomonidan mehnat qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 174-moddasi 2-qismiga asosan, o‘zi bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilingan xodimning unga avvalgi ishi taqdim etilishi hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi talablari qanoatlantirilishi lozim. Yuqoridagi misolda keltirilganidek, salbiy holatlarning oldini olish maqsadida har bir ish beruvchini xodimlarning mehnat huquqi sohasidagi qonunchilikka rioya qilishga chaqiraman.

Erkin UTENIYAZOV,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi

HAR BIR BOLA – KELAJAGIMIZNING POYDEVORI

Bola – bu shunchaki jamiyat a’zosi emas, balki ertangi kunning asoschisi, taraqqiyotga yetaklovchi insondir. Uning qanday muhitda ulg‘aygani, qanday ta’lim olgani, qanday qadriyatlarga ega bo‘lib voyaga yetgani – kelajak jamiyatining qiyofasini belgilaydi. Shu boisdan har bir bolaning huquqlarini to‘liq va so‘zsiz ta’minlash – bu nafaqat davlat, balki butun jamiyatning mas’uliyatidir.

 

Har bir bola tug‘ilganidan boshlab, yashash, rivojlanish, ta’lim olish, fikr bildirish va zo‘ravonlikdan himoyalanish kabi ajralmas huquqlarga egadir. Ushbu huquqlarni ta’minlash masalasi xalqaro huquq normalari bilan bir qatorda har bir davlatning ichki siyosatida ham ustuvor o‘rin egallashi kerak. O‘zbekiston Respublikasi ham mustaqillikka erishganidan so‘ng, bola huquqlarini himoya qilish borasida qator muhim islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.

 

1992-yil 9-dekabrda O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qildi. Bu konvensiya dunyodagi deyarli barcha davlatlar tomonidan tan olingan va eng keng qo‘llaniladigan xalqaro hujjatlardan biridir. Unda bolaning hayoti, erkinligi, farovonligi va rivojlanishiga oid 54 ta modda mavjud bo‘lib, bu huquqlarni himoya qilish davlatning bevosita majburiyatidir.

 

O‘zbekiston har 4-5 yilda BMTga bola huquqlari bo‘yicha milliy davriy hisobotini taqdim etadi. So‘nggi – Beshinchi davriy hisobot 2023-yilda BMT Bola huquqlari qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqildi va unga javoban 2024–2027-yillar uchun Milliy harakatlar rejasi qabul qilindi.

 

So‘nggi yillarda bola huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qator qonunlar qabul qilindi:

-“Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun (2024);

-“Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman to‘g‘risida”gi Qonun;

-“Ta’lim to‘g‘risida”, “Oila kodeksi”, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodekslarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

 

Bu qonunlar orqali bolalarning ta’limga, sog‘liqni saqlashga, oilada yashashga, zo‘ravonlikdan va ekspluatatsiyadan himoyalanishga bo‘lgan huquqlari aniq kafolatlandi.

 

Bola manfaatlarini ta’minlashda sudlarning roli muhim. Oilaviy nizolar, aliment, asrab olish va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarida bolaga qulay sharoitlar yaratish tamoyili yo‘lga qo‘yilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasida bola huquqlarini himoya qilish sohasida aniq yutuqlar mavjud bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishda hali ko‘plab muammolar va ustuvor vazifalar mavjud. Sud tizimi, ta’lim va sog‘liqni saqlashda bolalar ehtiyojlariga yanada mos yondashuvlarni kuchaytirish zarur. Eng asosiysi, bola huquqlarini ta’minlash borasida nafaqat davlat organlari, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyati mavjud. Chunki har bir bola – kelajagimizning poydevoridir.

 

 

 

 

Alisher AMETOV,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi

SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi transport boshqaruvchilari tomonidan amaldagi qonun talablariga rioya qilmagan holda maxsus litsenziyasiz aholiga xizmat ko‘rsatish holatlari hamon uchrab turibdi.

 

 

Bu bo‘yicha Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining avtomobil va suv transportida nazorat boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlari bilan birgalikda reyd tadbirlari o‘tkazilib, fuqarolar tomonidan maxsus litsenziyasiz aholiga xizmat ko‘rsatayotgan holatlari aniqlanmoqda.

 

 

Shunday qonun talablariga amal qilmasdan avtotransport haydovchilariga qonuniy choralar ko‘rish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha Shumanay tumani sudining tergov sudyasi J.Kdirniyazov tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

 

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-3-moddasi bilan, ya’ni avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan 15 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan 15 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiali ko‘rib chiqildi va ularga nisbatan qonuniy jazo choralari qo‘llanildi.

Skip to content