FUQARO M.SAPAROVANING YOUTUBE VIDEOXOSTINIGIDA E’LON QILINGAN VIDEOMUROJAATI YUZASIDAN

 

Murojaatchi o‘zini nechog’lik haq deb bilmasin, afsuski sudda bu o‘z tasdig’ini topmagan. Aniqrog’i, uning turmush o‘rtog’i, da’vogar Dj. Avezov uch yillik da’vo muddati o‘tib bo‘lganidan keyin sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan. Uning o‘tkazib yuborilgan da’vo muddatini uzrli, deb topish va uni tiklash to‘g’risidagi arizasida keltirilgan vajlar ham sud tomonidan tekshirilgan. Biroq, sudda da’vo muddatini to‘xtatib turish yoki sudga murojaat qilishga monelik qiladigan uzrli deb topishga asos bo‘luvchi holatlar aniqlanmagan.

 

Ya’ni, Fuqarolik kodeksining 154-moddasiga muvofiq, da’vo muddati shaxs o‘zining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan o‘ta boshlashi belgilangan bo‘lib, da’vogar Dj. Avezov da’vo muddatini uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborganligini tasdiqlovchi maqbul dalillarni sudlarga taqdim qilmagan.

 

Da’vogar Dj. Avezovning akasi Sulton Avezov (aka) 2004 yil 31 iyulda vafot etganligi, shu vaqtda meros ochilganligi, bunda aynan nizoli uy-joyga bevosita qo‘shni bo‘lib yashagan Dj. Avezov o‘z huquqlari buzilganligini bilgan bo‘lishi lozim edi va o‘tgan vaqt davomida esa Dj. Avezov uzrsiz sabablarga ko‘ra da’vo talabi bilan sudga murojaat etmagan.

 

Oliy sud Plenumining 2019 yil 24 maydagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 12-sonli qarorining 15-bandiga ko‘ra da’vo muddati o‘tkazilganligi munosabati bilan da’vo rad qilinganda, shu jumladan, ularni o‘tkazish sabablari uzrsiz deb topilganda, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ushbu holatning ko‘rsatilishi etarli bo‘ladi.

 

Da’vogar Dj. Avezov o‘z huquqi buzilganligini (2005 yil fevral) bilgan bo‘lsa-da, uch yillik da’vo muddatini 11 yil o‘tkazib yuborib (2021 yil 22 aprel) sudga murojaat qilgan bo‘lib, ushbu da’vo muddati joriy etiladigan talab ekanligini sud e’tiborga olgan va muddat qo‘llagan holda da’voni 2008 yil 18 yanvardagi notarial harakatni, shundan kelib chiqib da’vo talablarining qolgan qismini ham rad qilishni lozim topgan.

 

Shuning barobarida Dj.Avezov o‘ziga tegishli uy-joydan foydalanib kelish jarayonida da’vogar E. Yuldashevga tegishli uy-joy joylashgan yer maydonining bir qismini egallab olib, qurilish qilgan.

 

Davlat kadastrlari palatasi Beruniy tuman filialining 2021 yil 7 iyundagi xulosasida, Dj.Avezovga tegishli Yangi hayot ko‘chasi 14-uyning qozonxona binosi 14B-uyga tegishli yer maydoniga 30 sm o‘tib qurilganligi va gaz quvurlari o‘tkazilganligi qayd etilgan.

 

Fuqarolik kodeksining 164, 228-moddalariga asosan, da’vogar E. Yuldashev yer maydoni va uy-joy mulkdori sifatida undan o‘z xohishi va manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish, o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega.

 

Bundan tashqari, da’vogar E. Yuldashev javobgar Dj. Avezovga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilishni buzdirish va erni dastlabki holatga keltirishni so‘ragan.

 

Sudning 2021 yil 3 maydagi ajrimi bilan da’vo talablari bitta fuqarolik ishiga birlashtirilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2021 yil 7 iyundagi hal qiluv qarori bilan Dj. Avezovning da’vosi rad qilingan.

 

E. Yuldashevning da’vosi qisman qanoatlantirilib, da’vogar E. Yuldashevga tegishli bo‘lgan Beruniy tumani, “Amir Temur” MFY, Yangi hayot ko‘chasi, 14B-uyning er uchastkasida qurilgan qozonxona binosining o‘tgan 30 sm qismi javobgar Dj. Avezov hisobidan majburiy buzib tashlash va yerning shu qismi yaroqli holatga keltirishi, 14B-uyning ichki qismidan o‘tib turgan suv quvurlari Dj. Avezov tomonidan olib tashlash, javobgar Dj. Avezovdan da’vogar E. Yuldashevning foydasiga 507.150 so‘m sud xarajati undirish belgilangan.

Shundan so‘ng mazkur nizo sud instantsiyalarida ko‘rib chiqilib, sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan. Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2022 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2021 yil 7 iyundagi hal qiluv qarori va Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instantsiyasining 2021 yil 13 avgustdagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilganligi ma’lum qilinadi.