SUD QARORLARI USTIDAN SHIKOYAT QILISH QONUNIYLIGI TAKOMILLASHTIRILDI
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga doir keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentyabrdagi “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi qonuni qabul qilindi. Unga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksi quyidagi boblar bilan to‘ldirildi. Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (55-bob), sudning hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish (56-2-bob) shular jumlasidan.
Shunga muvofiq, sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida tekshirilishi mumkin. Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda prokuror ishtirok etadi.
Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan, tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi. Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instantsiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek, apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instantsiyasi sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.
Agar shikoyatda yoki protestda og’irroq jinoyat to‘g’risidagi qonunni qo‘llash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish to‘g’risidagi yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o‘zgarishlar haqidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g’risidagi ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyin bir yil ichida yo‘l qo‘yiladi.
Hukm chiqargan sud jinoyat ishi taftish instantsiyasi sudiga yuborilganligi to‘g’risida tegishli shaxslarni uch sutka ichida xabardor qiladi.
Qonun bilan shuningdek, hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartirildi. Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etish chog’ida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g’risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish tartibi belgilandi.
Qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kirdi. Mazkur qonun sudyalarning mas’uliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va noroziliklarning oldini olishga, shuningdek, ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.
Agzam USPANOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Chimboy tumani sudi raisi