Da’vo ariza qisman qanoatlantirildi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universitetining Yuridika fakultetidagi “Sud zali”da Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining raisi R.Qurbanbaevning raisligida, sudya yordamchisi R.Yusupovaning kotibligida, da’vogar vakili T.Q, javobgar rahbar Sh.X.larning ishtirokida, da’vogar “A K” mas’uliyati cheklangan jamiyatining javobgar “B M” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan Moliyaviy yordam ko’rsatish shartnomasi bo’yicha qarzdorlikni undirish to’g’risidagi da’vo arizasi ko’rib chiqildi.

Sud majlisida da’vogar vakili da’vo talabini qo’llab-quvvatlab, da’vo arizani to’liq qanoatlantirishni so’radi.

Javobgar jamiyat rahbari da’vo talablarini tan olishini bildirib, penya miqdorini kamaytirib berishni so’radi.

Sud ishdagi hujjatlarni o’rganib chiqib, taraflarning tushuntirishlarini tinglab, da’vo arizani qisman qanoatlantirishni ma’qul topdi.

 

R.Qurbanbaev,

Beruniy tumalararo iqtisodiy sudi raisi

Firibgarga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti huquqshunoslik fakultetida tashkil etilgan maxsus o’quv sud zalida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan ayblanuvchi A.Yu-ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo’yicha Nukus tuman sudi raisi A.Seytanov tomonidan ochiq sayyor sud majlisida ko’rib chiqildi.

Sudlanuvchi A.Yu. firibgarlik, ya’ni aldash yo’li bilan o’zganing ancha miqdordagi mulkini qo’lga kiritish maqsadida, o’zining tanishlari orqali fuqaro M.T-ni Milliy Gvardiya tizimiga 4000 AQSh dollari evaziga, ishga kiritishni va’da qilib, shundan 2000 AQSh dollarini 02.03.2023 yili Nukus shahri, A.Pushkin ko’chasi bo’yida joylashgan “Turonbank” bank shahobchasi yonida firibgarlik yo’li bilan olgan vaqtida ushlangan va kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Sudlanuvchi M.Yu. o’zining yuqoridagi harakatlari bilan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandida ko’rsatilgan jinoyatni qasddan sodir qilgan. Shuningdek, sudlanuvchi M.Yu. o’zganing mulkini firibgarlik yo’li bilan qo’lga kiritishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yib, mulkiy naf ko’rish maqsadida fuqaro M.T-ni aldash yo’li bilan, Milliy gvardiyada ishlovchi tanishlari orqali 4000 AQSh dollari evaziga ishga kiritishni va’da qilib, uni davlat organining mansabdor shaxsiga pora berishni dalolat qilib, qonunga xilof ekanligini bilan turib, pora berishga qiziqtirib, 02.03.2023 yil Nukus shahri, A.Pushkin ko’chasi bo’yida joylashgan “Turonbank” bank shahobchasi yonida firibgarlik yo’li bilan 2000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan va kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Sudlanuvchi M.Yu Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor topilib, 1 (bir) yil muddatga tashkiliy boshqaruv va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi va ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 (uch) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

 

Shundan so’ng Jinoyat ishlari bo’yicha Nukus tuman sudining raisi A.Seytanov talabalarga sayyor sudning mazmun-mohiyati, kutilgan samarasi haqida tushuntirib, bugungi sud majlisi, unda ko’rilgan ish, bundan chiqadigan xulosalar haqida gapirdi. Talabalarning fikrini so’rab, barchani suhbatga tortdi. Shuningdek, «Fuqarolar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, aholini huquqiy savodxonligini oshirish» mavzularida davra suhbati o’tkazildi.

 

A.Seytanov,
Jinoyat ishlari bo’yicha Nukus tuman sudining raisi

SUD FAXRIYSI 80 YОSНDA

Sud tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy-sudya, “Sud faxriysi” ko’krak nishoni sohibi Kojanazarov Allaniyaz Sultamuratovich joriy yilning 3 may kuni muborak 80 yoshni qarshi oldi.

 

Allaniyaz Kojanazarov 1975-1995 yillarda Taxiatosh shahar, Qonliko’l va Xodjeyli tuman sudlarida rais, Qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o’rinbosari lavozimlarida mehnat qilib qonun ustvorligini ta’minlanishida munosib hissa qo’shgan.

 

Qoraqalpog’iston Respublikasining sud faxriylaridan Arzыbiyke Janibekova, Jamila Xoщanova, Bag’dagul Begjanova hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi Saodat Qaypnazarova, jinoyat ishlari bo’yicha Nukus shahar sudi raisi Sharapat Shamambetov, sudya Maxmud Bayniyazovlar faxriy-sudyaning xonadonida bo’lib, O’zbekiston sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash jamoatchilik Markazi raisning tabrik xati o’qib eshittishdi va ustozlarini muborak yoshi bilan tabriklab uzoq umr va mustahkam sog’lik tiladi.

 

Saodat Qaypnazarova,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi 

Uyini fohishaxonaga aylantirgan qariyaga hukm o’qildi

Haqiqiy hayot ellik-oltmish yoshdan keyin boshlanadi. Bu yoshda odam chinakamiga pishib etiladi, boshqalar o’rnak olsa arzigulik xislatlarga ega bo’ladi, birovlarga saboq bo’ladigan narsalarni tushunib etadi. Albatta, o’zining pandu-nasihatlari bilan farzandlari, nevaralariga to’g’ri yo’l ko’rsatib, uyning farishtasi bo’lib to’rini to’ldirib o’tiradi.

Ammo, Shamil ota (ismlar o’zgartilgan) 65 yoshni qoralagan bo’lsada, qarilik gashtini so’rib, barchaga o’rnak ko’rsatish o’rniga eng jirkanch ishga qo’l uradi. Ya’ni o’z uyini o’zgalarning shaxfoniy ehtiyojlarini qondirish uchun fohishaxonaga aylantiradi. Oilasidan ajralib, ichkilikka mukkasidan ketgan Shamil endi osongina engil yo’l bilan pul topish ilinjiga tushadi. Nima qilsa ediki, pul uyiga o’z oyog’i bilan oqib kelaversa…

Qariya buning yo’lini ham topti, hayxotdek xonadonda bitta o’zi tursa, unga “qo’y bu ishni qilma” deydigan “xo’jasi” yo’q bo’lsa… Bir necha marta ko’chadagi “sevishganlar”ga uyidan joy berib, ularga puli evaziga “g’amxo’rlik” qilib jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib beradi.

2022 yilning 25 iyul kuni soat 17:30 larda navbatdagi oshiq-moshiqlar 1991 yilda tug’ilgan “S” va 1994 yilda tug’ilgan “I”lar visol ilinjida Shamilning uyiga kelib “ota sevgan qizim bor edi, u bilan kelib sizning uyingizda bir kecha qolsak bo’ladimi, buning evaziga sizni rozi qilaman” deb, kelishib ketadi.
2022 yil 25 iyul kuni soat 23:00 larda “S” va “I”lar qariyaning uyiga keladi, “ota biz keldik, sevgan qizim bilan uyingizda jinsiy aloqada bo’lamiz, tunaymiz” degan “I” ning so’zlariga qariya mayli tushakni o’zlaring solib olinglar deb, ularga xonani ko’rsatib 100 000 so’m pulni olib o’z xonasiga kirib ketadi. Oshiqlar kirgan xonada kurpacha solingan, hatto baklashkada suv ham tayyor qilib qo’yilgandi.

Qo’ng’irot tumani “Qaratal” mahallasida yashovchi Shamilning bunday qilmishlari uzoqqa bormadi. Shu kunning o’zida uning jinoyati huquq tartibot organlari vakillari tomonidan xolis guvohlar ishtirokida fosh etilib, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-statyasi 2-qismida ko’rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, ishi sudta ko’rildi.

Jinoyat ishlari bo’yicha Qo’ng’irot tuman sudi tomonidan 65 yoshni qarshiligan qariya Shamilning ishi ochiq sud majlisida ko’rib chiqildi.

Sudta Shamilning qilgan qilmishidan astoidil pushayman ekanligi, uning oqibatlarini tushunib ketganligi, pensiya yoshidaligi, yolg’izligi, jarimani to’lay olmasligi hisobga olinib, sud hukmi bilan unga bir yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

 

Dawletbay Razov,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi

Jariymani kamaytirish qimmatga tushdi

Bo’lajak yuristlar ishtirokidagi navbatdagi ochiq sayyor sud majlisida jinoyat ishlari bo’yicha Amudaryo sudi raisi A.Safarovning boshchiligida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandida ko’rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan “B” ismli shaxsning jinoyat ishi ko’rib chiqildi.

 

 

1991 yilda Amudaryo tumanida to’g’ilgan, millati o’zbek, ma’lumoti o’rta, ishsiz, muqaddam sudlanmagan “B” ismli shaxs 2022 yil 27 dekabr kuni o’z yashash uyi yonida fuqaro “K” ga 2022 yilning noyabr oyida O’zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 128-3-moddasi 3-qismi bilan qo’llanilgan 2.700.000 so’m ma’muriy jarimasini yo’l harakati xavfsizligi xizmatida ishlovchi tanishlari orqali 30 foiz chegirmasi bilan kamaytirib to’lab berishini aytib, aldash yo’li bilan undan 1.900.000 so’m pullarini olib, ushbu pullarni o’z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

 

Bundan tashqari, “B” ismli shaxs 2023 yil yanvar oyi oxirlarida Mang’it shahri Berdax ko’chasi bo’yida fuqaro “S” va uning qarindoshi “Q”ga 2023 yil yanvar oyida O’zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 135-moddasi 2-qismi bilan qo’llanilgan 3.000.000 so’m ma’muriy jarimasiniham o’z tanishlari orqali 30 foiz chegirmasi bilan kamaytirib to’lab berishini aytib, aldash yo’li bilan undan 1.770.000 so’m pullarini olib, ushbu pullarni o’z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

 

 

Sud majlisida sudlanuvchi “B” aybiga to’liq iqror bo’lib, haqiqatida o’zining yo’l harakati xavfsizligi xizmatida ishlovchi tanishlari yo’q ekanligi, pullarni onasi kasal bo’lganligi uchun unig dorilariga ishlatib yuborganligi, jabrlanuvchilarga pullarini qaytarib berganligi haqida ko’rsatuv berdi.

Sud sudlanuvchining aybi, aybiga to’liq iqror bo’lib bergan ko’rsatuvidan tashqari, jabrlanuvchilarning va guvohlarning ko’rsatuvlari bilan, shuningdek, voqea joyini ko’zdan kechirish bayonnomalari bilan tasdiqlanadi.

 

 

Sud sudlanuvchiga jazo tayinlaganda, uning aybiga iqror ekanligi, qilmishidan pushaymon ekanligi, keltirilgan zararni ixtiyoriy qoplaganligi jazosini engillashtiruvchi holatlar deb, og’irlashtiruvchi holatlar esa yo’q deb, unga ayblanayotgan modda sanktsiyasi doirasida axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlashni, qamoqda saqlangan 7 kunini axloq tuzatish ishlari jazosidan chegirishni, hukm qonuniy kuchga kirganidan so’ng unga nisbatan qo’llanilgan ehtiyot chorasini bekor qilishni, jabrlanuvchilarga etkazilgan zararlar to’liq qoplanganligini inobatga olishni lozim topadi.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 454-457, 462, 463, 465, 468, 471-473, 476-moddalariga amal qilib, sud hukm qildi. “B” O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilsin va unga ushbu modda bilan har oylik ish haqisining 10% daromadini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlansin.

“B” ning 22.03.2023 yildan 28.03.2023 yilga qadar qamoqda saqlangan 7 kuni Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida axloq tuzatish ishlari jazosining 21 kuniga tenglashtirilib, jazosidan chegirilsin va o’tash uchun 1 yil 11 oy 9 kuni qoldirilsin.

“B” ga tayinlangan ahloq tuzatish ishlari jazosining ijrosi ustidan nazorat qilish Amudaryo tumani IIO probatsiya guruhiga yuklatilsin.

Axloq tuzatish ishlari jazosi probatsiya guruhi belgilab bergan joyda o’tattirilsin va jazo muddati korxona, muassasa, tashkilotlarda ish boshlagan kundan boshlab hisoblansin.

Jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar qoplanganligi inobatga olinsin.

Hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran
yigirma sutka ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar esa hukm ko’chirmasini olgan kundan e’tiboran shu muddat ichida jinoyat ishlari bo’yicha Amudaryo tuman sudi orqali apellyatsiya tartibida Qoraqalpog’iston Respublikasi sudiga shikoyat berishi, prokuror protest bildirishi mumkin.

 

 

Asqar Safarov,

jinoyat ishlari bo’yicha Amudaryo tuman sudi raisi

Yangilanayotgan Konstitutsiyada fuqarolarning huquqiy himoyasi

Jinoyat ishlari bo’yicha Amudaryo tuman sudining raisi A.Safarov, Nukus tumanlararo ma’muriy sudining raisi B.Dosimbetov, Amudaryo tuman hokimligi ma’sul xodimlari ishtirokida tumandagi 82-sonli maktabning majlislar zalida Mang’it shahari va shahar atrofi maktab direktorlari va direktor o’rinbosarlarining ishtirokida “Yangilanayotgan Konstitutsiyada fuqarolarning huquqiy himoyasi” va Pedagog xodimini mehnatga ma’muriy tarzda majburlash bilan bog’liq qabul qilingan O’RQ-826-sonli Qonunining mazmun mohiyatini tushuntirish yuzasidan ochiq muloqat bo’lib o’tdi.

 

Jinoyat ishlari bo’yicha Amudaryo tuman sudining raisi A.Safarov so’zga chiqib, Yangilanayotgan Konstitutsiya bo’yicha, ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilayotganligini, o’qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo’lishini, ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko’plab modda va normalarda ham o’z ifodasini topayotganligini ta’kidladi. Jumladan, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o’qish huquqi qat’iy belgilab qo’yilmoqda. Ma’lumot tariqasida aytish mumkinki, 2017 yilgacha oliygohlarda o’qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo’lsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o’zgardi. Grantlar soni 2 baravarko’payib, 40 mingtaga etdi. Magistratura uchun esa 5 baravar ko’paygandi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlang’ich kasb-hunarga o’qitilishi ham belgilanmoqda. Nogironligi bor bolajonlarimizga o’z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko’zda tutilyapti. Shuning uchun, bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritilmoqda. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to’laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolatdir.

Konstitutsiyada davlatning o’qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o’sishi to’g’risida g’amxo’rlik qilish majburiyati kuchaytirilyapti. Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq o’qituvchilarning professional o’sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo’llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro’sini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning to’laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlaryaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va mo’’tabarligini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.

Endi farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga etkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilanmoqda. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to’laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida belgilanmoqda.

Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to’lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo’lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanmoqda. Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishini ta’minlashda, pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyatga ega.

Loyihada homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bog’liq sabablarga ko’ra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo’shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilanmoqdaki, bular davlatimizda gender tengligi printsiplari to’laqonli amal qilishiga olib kelishi tayin.

Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag’allikni qisqartirish choralarini ko’rishi ham mustahkamlanyotganligini.

Qolaversa, davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qaytatayyorlanishini tashkil etishi hamda rag’batlantirishi qayd qilinmoqda. Bu yangi norma ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni kambag’allik holatiga tushib qolishining oldi olishga yoki kambag’allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish bo’yicha davlat tomonidan tegishli choralar ko’rilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qilishini.

Konstitutsiyada bolalar mehnatining bolaning sog’lig’iga, xavfsizligiga, ahloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to’sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilanmoqda. Bugungi O’zbekistonda uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnatga to’liq barham berildi.

Muloqotlar chog’ida, Nukus tumanlararo ma’muriy sudining raisi B.Dosimbetov so’zga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini o’z xizmat vazifalari bilan bog’liq bo’lmagan ishlarga jalb etish hollariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.

 

Biroq pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog’liq bo’lmagan tadbirlarga jalb etish hollari davom etmoqda.

Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda. Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksida pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu Qonun ta’lim tashkilotining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog’liq huquqbuzarliklar uchun, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

 

Asqar Safarov,

Jinoyat ishlari bo’yicha Amudaryo tuman sudining raisi

Oilaviy nizolarning oldini olish va oila kodeksida belgilangan normalar haqida

Oilaviy-huquqiy munosabatlar jamiyatimizda keng tarqalgan munosabatlardir. Oilaviy-huquqiy munosabatlar ayrim hollarda odob-ahloq qoidalari bilan ham tartibga solinadi. Oilaviy-huquqiy munosabatlar nikoh va oila doirasida aniq ijtimoiy munosabatlarni oila qonunchiligi nuqtai nazarida qo’llaniladi. Oilaviy-huquqiy munosabatlar davomli huquqiy munosabatlar hisoblanadi. Bu xususiyat huquqiy munosabatlarning maqsadi bilan belgilanadi. Nikoh tuzishdan maqsad oila qurish bo’lib, u er-xotinning butun hayoti davomida birga yashashiga  mo’ljallanadi. Ota-onalik huquqiy munosabati bolalarning tarbiyasi va ta’minotiga qaratiladi.

Farzandlikka olish, vasiylik va homiylik va boshqa huquqiy munosabatlar xususiyatlari bilan bir biriga o’xshab ketadi. Bunday huquqiy munosabatlarda qo’yilgan maqsadlarga uzoq muddat davomida erishish mumkin.

Oilaviy-huquqiy munosabatlar muddatsiz bo’ladi. Er-xotinning huquq va majburiyatlari, nikohdan ajratish holatini hisobga olmaganda, bir umr davom etadi. Hozirgi kүni shunday oilaviy-huquqiy munosabatlar ham bor, ular ma’lum muddat bilan cheklanadi, biroq belgilangan davrga qadar davom qiladi. Masalan, ota-onalarning o’z farzandlarini tarbiyalash majburiyatlari farzandi 18 yoshga to’lgunga qadar davom qiladi.

Fuqarolik ishlari bo’yicha sudlarda boshqa fuqaroviy-xuquqiy munosabatlar qatorida oilaviy-huquqiy munosabatlar bilan bog’liq ko’plab nizolar ko’riladi. Jumladan, nikohdan ajratish, nikohni haqiqiy emas deb topish, otalikni belgilash va aliment undirish, shuningdek  bola tarbiyasi bilan bog’liq nizolar va h.

O’zbekiston Respublikasida sudlarning faoliyati O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqqan holda, oilani har taraflama himoya qilishga, bolalarni Vatanga va oilaga sodiqlik  ruhida ijtimoiy tarbiyaga mos holda, oila va jamiyat oldida mas’uliyat tuyg’usida tarbiyalashga  qaratilgan.

Shu bilan birga, Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo’yicha qonunchilikni qo’llash amaliyoti to’g’risida»gi 2011 yil 20 iyul kungi 06-sonli qarorida sudlar oila to’g’risidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqib, qonunda nazarda tutilgan hamda oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha choralarni ko’rishlari lozimligi belgilab qo’yilgan.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksida belgilangan oila a’zolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari haqida, ya’ni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko’ra, ota-onalar o’z farzandlarini voyaga etgunga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi,  davlat va jamiyat etim bolalarni va ota-onalarning vasiyligidan mahrum bo’lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o’qitishni ta’minlanishi belgilangan.

1998 yil 1 sentyabrdan amalga kiritilgan  O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 5-bo’limi «Oila a’zolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari» deb nomlangan bo’lib, ota-ona hamda bolalarning aliment huquqi va majburiyatlari to’g’risidagi qoidalar belgilangan. Bu qoidalar ota-onalarning o’z farzandlari tarbiyasiga va bolalarning ta’minoti masalalariga mas’uliyatli munosabatda bo’lishni talab qiladi.

Jumladan, 96-moddasiga ko’ra,  Ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta’minot berishi shart.Voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug’iga asosan aliment undiriladi. Voyaga etmagan bolalarga aliment to’lash haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to’lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to’g’risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o’n to’rt yoshga to’lgan bola voyaga etmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to’g’risida da’vo qo’zg’atishga haqlidir.

Shuningdek, ushbu Kodeksning 97-moddasiga ko’ra, voyaga etmagan bolalariga aliment to’lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga etgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.

Kodeksning 98 va 99-moddalariga ko’ra, Ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to’lash tartibini o’zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar. Voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to’lash tartibi va shakli haqida ota-ona o’rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo’lmasligi kerak. Agar voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun – to’rtdan bir qismi, ikki bola uchun – uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun – yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko’paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to’lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo’lmasligi kerak.

Shuningdek, Oila kodeksida ota-onaning voyaga etgan bolalariga aliment to’lashi, ota-onaning voyaga etgan bolalariga to’laydigan aliment miqdori,  ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdorini aniqlash tartibi va  bolalarning ta’minoti uchun qilinadigan qo’shimcha xarajatlar to’g’risidagi normalar ham belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida qayd qilinganidek oilaviy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni ko’rib chiqishda sudlar eng avvalo oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning farzandlari huquqlari hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga  qaratilgan choralarni  ko’rishda keng huquq-targ’ibot ishlarini amalga oshirishlari lozim bo’ladi.

 

 

 Zulfiya Babadjanova,

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi       

Konstitutsiyaviy islohotlarning muhim ustuvor yo’nalishi – inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdir

O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida «Konstitutsiyaviy islohotlarning muhim ustuvor yo’nalishi – inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdir” mavzusida uchrashuv o’tkazildi.

Uchrashuvda Nukus harbiy sudining sudya yordamchisi Rasul Nurniyazov tomonidan yoshlar bilan muloqat o’tkazilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o’zgarishlar va uning ertangi farovon hayotimizning mustahkam huquqiy kafolati ekanligi haqida so’z bordi.

Tadbirda ta’kidlab o’tilganidek, bugungi kunda O’zbekiston Respublikasi demokratik printsiplar, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan printsip va normalarga asoslangan, bosh maqsadi halq uchun erkin, obod hamda farovon hayot yaratib berishdan iborat bo’lgan davlatga aylandi. Konstitutsiya asosi bitta ezgu g’oya atrofida tubdan qayta yaratilgan, ya’ni ushbu yangilanishlardan kutilayotgan asosiy maqsad har bir sohada inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdir.

Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Yangi O’zbekiston-huquqiy demokratik davlat: inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy asoslari, qonunchilikni yanada rivojlantirish istiqbollari

Nukus harbiy sudining devonxona mudiri D.Allashov tomonidan O’zbekiston Respublikasi DXX chegara qo’shinlari qo’mondonligiga qarashli 9202 harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirokida “Yangi O’zbekiston-huquqiy demokratik davlat: inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy asoslari, qonunchilikni yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusida targ’ibot tadbiri o’tkazildi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2023 yil 30 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo’yicha referendum o’tkazilishi belgilangan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining muhofazasi yanada takomillashtirilmoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o’zgartirish, ya’ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo’yishni maqsad qilgan.

Loyihaga asosan insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo’lishi mumkin emas. Insonnning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi hamda qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

 

Jumladan, O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan Konstitutsiyasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollarda, yuridik yordam davlat hisobidan ko’rsatilishi, huquqbuzarliklardan jabrlanganlar huquqlari qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jabrlanganlarga himoyalanish va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlashi, ularga etkazilgan zararning o’rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi ta’minlanishi ko’zda tutilmoqda.

Tadbir ishtirokchilarning mavzuga oid savol-javoblari bilan davom etdi.

 

Damir Allashov,

Nukus harbiy sudining devonxona mudiri

YANGI O‘ZBЕKISTON VA YANGI QORAQALPOG‘ISTONNI BIRGALIKDA QURISHDA YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA MUHIM AHAMIYAT KASB ETADI

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi. Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi.

Konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim masala bo‘lgani sababli, muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz tomonidan ko‘plab taklif va tavsiyalar berildi. Shu qatori Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi ko‘targan barcha takliflar ushbu Konstitutsiya loyihasida har tomonlama inobatga olindi. Hududning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib yangilanayotgan Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning davlat tuzilishi va siyosiy tizimi bilan bog‘liq birorta modda o‘zgarmadi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaning butun matni yangilanayotganligini inobatga olib, faqat moddalarning tartib raqami o‘zgargan xolos. Oldingi 70-75-moddalar loyihada 85-90-moddalar sifatida keltirilmoqda. Chunki, Konstitutsiyaning moddalari 27 taga ko‘paymoqda, hozirda 155 tani tashkil qilmoqda.

Yangilanayotgan Asosiy Qomusimiz loyihasida Orolbo‘yi masalasi Konstitutsiya darajasiga olib chiqilgani nafaqat shu hududda yashovchi fuqarolar, balki butun O‘zbekiston aholisi uchun muhim ahamiyatga ega. Yangilanayotgan Konstitutsiyaga ko‘ra endilikda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rish davlat ahamiyatidagi yanada muhim masala sifatida mustahkamlanadi.

Qisqacha aytiladigan bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni birgalikda qurishda, shu yurt hududi har jihatdan rivoj topishida, aholisi farvon  hayot kechirishida ushbu Yangilanayotgan Konstitutsiya muhim ahamiyat kasb etadi.

Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo sudi raisi

Skip to content