SAYYOR SUD – OGOHLIKKA CHAQIRADI
Huquqbuzarlikka qarshi kurash – jamiyat tinchligi va taraqqiyoti uchun asosiy omillardan biri. Chunki odamlarning tinch va farovon hayot kechirishi, avvalo, qonun ustuvorligi va jamoat tartibi ta’minlanishiga bog‘liq.
Aynan shu maqsadda, so‘nggi yillarda yurtimizda mahallalarda o‘tkazilayotgan sayyor sud majlislari keng jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Chunki bu sud jarayonlari aholiga nafaqat qonuniy chora ko‘rish, balki profilaktik ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Shunday sayyor sud majlislarining navbatdagisi Beruniy tumanidagi «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi. Unda jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudining tergov sudyasi Ibrohim Allaniyazov olib bordi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, turli huquqbuzarliklar sodir etgan 14 nafar shaxsning ishi ko‘rib chiqildi.
Sud jarayonida aybiga iqror bo‘lib, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan shaxslarga ogohlantirish va jarima tayinlandi. Biroq o‘z qilmishini to‘liq anglab yetmagan huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan qat’iy jazo choralari qo‘llanildi.
Sud majlisi davomida nafaqat huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqildi, balki mahalla aholisi ishtirokida huquqiy tushuntirish ishlari ham olib borildi. Aholi, ayniqsa, yoshlar, qonun oldida har kim javobgar ekanini va har qanday huquqbuzarlik jazoga sabab bo‘lishi mumkinligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, anglab yetdi.
Bunday ochiq sayyor sudlar – ogohlik sabog‘i. U nafaqat qonunbuzarga tegishli chora belgilaydi, balki boshqalarga ham saboq bo‘lib xizmat qiladi. Eng asosiysi – fuqarolarda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi.