BERUNIY TUMANIDA YOLG’ON KADASTR MA’LUMOTLARI ORQALI XONADON SOTISH BILAN BOG’LIQ JINOYAT FOSH ETILDI
Jinoyat ishlari bo’yicha Beruniy tumani sudi tomonidan yolg’on ma’lumotlar asosida xonadonlarni aldash yo‘li bilan sotish bilan bog’liq jinoiy ish yuzasidan ochiq sud majlisi o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, X.K. va B.E. ismli fuqarolar Davlat kadastrlar palatasi Beruniy tumani filialidagi mas’ul xodim bilan jinoiy til biriktirib, hali qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning hajmini sun’iy ravishda kattaroq qilib ko‘rsatishgan. Ushbu yolg’on ma’lumotlar kadastr hujjatlariga kiritilib, xonadonlar haqiqiy qiymatidan ancha yuqori narxlarda fuqarolarga
sotilgan.
Sudda ayblanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida ayblov e’lon qilinib, qonuniy jazo tayinlandi.
Shuningdek, sud tomonidan bunday huquqbuzarliklar kelgusida takrorlanmasligi uchun Davlat kadastrlar palatasi Beruniy tumani filiali nomiga xususiy ajrim chiqarildi.
Ushbu xususiy ajrimning Davlat kadastrlar palatasi Beruniy tumani filialida muhokama qilinganida jinoyat ishlari bo’yicha Beruniy tumani sudi raisi R.Kamalova ham ishtirok etdi.
Xususiy ajrim — bu sud tomonidan belgilangan, muayyan tashkilot yoki shaxsga nisbatan qonunbuzarliklarni bartaraf etish, huquqiy tartibni tiklash hamda huquqbuzarliklarning kelajakda oldini olish uchun qabul qilinadigan rasmiy hujjatdir.
Sud majlisida mazkur holat alohida muhokama qilinib, Beruniy tumani filialining faoliyatidagi kamchiliklar batafsil o‘rganildi. Sud jarayonida huquqbuzarliklarning sabab va oqibatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlar belgilandi. Shu jumladan, filial xodimlari uchun maxsus treninglar o‘tkazish, ish jarayonlarini takomillashtirish va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur xususiy ajrimning chiqarilishi nafaqat Davlat kadastrlari palatasi Beruniy tumani filialining faoliyatini tartibga solish, balki hududda yer kadastri sohasida ishonchni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu hujjat orqali fuqarolarning mulk huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi va kelgusida o‘xshash qonunbuzarliklar yuzaga kelishining oldi olinadi.