INSON HUQUQLARI VA SUD MUSTAQILLIGI YO‘LIDAGI MUHIM QADAM

 

2025 yil 9 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi O‘RQ‑1067‑sonli Qonuni — mamlakatning yangi Konstitutsiyasida belgilangan demokratik tamoyillarni huquqiy amaliyotga tatbiq etuvchi asosiy normativ hujjatlardan biri hisoblanadi. Ushbu Qonunning asosiy maqsadi — inson huquqlari, erkinliklari va sud adolati kafolatlarini mustahkamlash, shu bilan birga sud tizimining mustaqilligini ta’minlashdir.

 

Qonunda inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator muhim o‘zgartishlar kiritildi. Xususan:

 

 

Sukut saqlash huquqi — gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi shaxslarga har qanday bosimsiz holda o‘zini himoya qilish imkoni berildi. Ulardan sukut saqlash yoki o‘zini oqlash bo‘yicha faqat advokat ishtirokida so‘rov olinishi belgilandi.

 

 

O‘zi va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi — insonning shaxsiy daxlsizligi va oilaviy qadriyatlari himoyasi yanada mustahkamlandi.

 

 

Bu o‘zgartishlar xalqaro huquq normalariga mos holda inson shaxsini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytiradi.

 

 

Mazkur qonunning muhim jihatlaridan yana biri — sudyalarning huquqiy himoyasini va mustaqilligini kafolatlashga qaratilgan choralardir. Jumladan:

 

Sudya faqat qonunga asosan qaror qabul qiladi va faoliyati uchun shaxsan javobgar emas;

 

Sudyani lavozimidan vaqtincha chetlashtirish yoki boshqa ishga o‘tkazish faqat huquqiy asosda amalga oshiriladi.

 

 

 

Bu sudyalarga ishonch muhitini yaratib, adolatli va xolis qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.

 

 

Shuningdek, qonun bilan sud muhokamalarida qonuniylik, shaffoflik va tenglik printsiplari yanada mustahkamlandi. Barcha shaxslar uchun huquqiy himoya kafolatlandi va ular sudda o‘z huquqlarini to‘liq amalga oshirishi uchun qonunchilik asos yaratildi.

 

O‘RQ‑1067‑sonli Qonun faqat huquqiy normalarni belgilabgina qolmay, balki: konstitutsiyaviy islohotlarni hayotga tatbiq etdi, fuqarolarning huquqiy ongi va davlatga ishonchini mustahkamladi, sud-huquq sohasida islohotlarni institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

 

Qonunning qabul qilinishi sudlar faoliyatining oshkoraligini ta’minlab, inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarga mos tizim yaratishga turtki berdi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ‑1067‑sonli Qonuni — inson huquqlarini himoya qilish, sud mustaqilligi va adolatli muhokamaning kafolatlarini kuchaytirish yo‘lidagi muhim huquqiy yutuq hisoblanadi. Ushbu Qonun — yangi Konstitutsiyaning amaliy ifodasi sifatida huquqiy demokratiyani mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi islohotlar jarayonida ushbu qonun fuqarolik jamiyati rivoji uchun poydevor bo‘ladi.

 

 

 

 

Ra’no XANPOLATOVA,

fuqarolik ishlari bo’yicha Nukustumanlararo sudining sudyasi