AMUDARYO TUMANIDA KORRUPTSIYAGA QARSHI KURASH BO‘YICHA UCHRASHUV HAMDA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI
Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining tergov sudyasi D.Yusupova tashabbusi bilan tumanning “Gulzor” mahalla fuqarolar yig’ini binosida fuqarolar ishtirokida uchrashuv va sayyor sud majlisi tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Uchrashuvda tergov sudyasi tomonidan aholiga “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanidek, mazkur Qonun korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini mustahkamlash, shuningdek, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Tadbir davomida korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy printsiplari — qonuniylik, fuqarolar huquqlari ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, davlat va jamiyat hamkorligi, oldini olish choralarining ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvdan so‘ng sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda Amudaryo tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan taqdim etilgan 20 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqildi. Xususan:
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha 9 nafar shaxsga nisbatan ish ko‘rib chiqilib, ulardan 5 nafarga ma’muriy qamoq, 4 nafarga ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, 59-2-modda 2-qismi (oilaviy zo‘ravonlik), 41-modda (haqorat qilish) va 52-modda 2-qismi (engil tan jarohati etkazish) bo‘yicha ishlarni ham ko‘rib chiqib, qonuniy jazo choralari qo‘llanildi.