SUDLAR FAOLIYATI HAMDA FUQAROLAR HUQUQ VA ERKINLIKLARI KAFOLATLARINI KUCHAYTIRISHGA QARATILGAN QONUNCHILIKKA KIRITILGAN O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashga, sud ishlarini yuritishni takomillashtirishga, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va uning vakolatlariga oid yangi normalar belgilandi.
Shu maqsadda 2025 yil 9 iyunda O‘RQ-1067-sonli qonun qabul qilinib, ushbu Qonun bilan «Sudlar to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunining 14-moddasi matni yangi tahrirda bayon etildi.
Unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlaridan, harakatlari va harakatsizligidan, shu jumladan, ularning qarindoshlari sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar munosabati bilan huquqlari cheklanishidan, shuningdek, hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulkiga, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Yuridik shaxslar ham sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega.»
Huquqiy davlatda inson huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat hisoblanadi va mustaqil sud inson manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu norma bilan nafaqat jismoniy shaxslar, balki yuridik shaxslarning ham sud orqali o‘z manfaatlarini himoya qilish huquqlari mustahkamlangan. Bu bozor munosabatlarining barqaror rivojlanishi, investitsiya muhiti himoyasi va tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlashda muhim hisoblanadi.
Bundan tashqari, mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 23-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan almashtirildi: «Ayblovga oid barcha gumonlar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Shuningdek, qonun qo‘llanilishida yuzaga keladigan noaniqliklar gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.»
Ushbu kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar aybsizlik prezumpsiyasini amalda ta’minlash mexanizmlarini aniq belgilash va inson huquqlarini real himoya qilishga qaratilgan muhim normalardir.
Ushbu qoidalar sudlarning hukm chiqarishda faqat fakt va dalillarga asoslangan xolisligini ta’minlashga, sud-tergov amaliyotida murakkab huquqiy holatlarda qonunning fuqaro foydasiga talqin qilinishiga, insonning o‘zini o‘zi himoya qilish uchun sukut saqlashni tanlash erkinligi kafolatlanishiga, shaxsning aybiga iqrorligi hukm chiqarish uchun yagona dalil bo‘lmasligi qat’iy belgilangan.
Ushbu Qonun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga hamda davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Abdimurat KERIMBAEV,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi o‘rinbosari