SAYYOR SUD — JINOYATGA JAZO, JAMOATCHILIKKA HUQUQIY SABOQ
Chimboy tumani Adliya bo‘limi binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Chimboy tuman sudining raisi A.Uspanov raisligida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.
Sayyor sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan P.D. va I.B., shuningdek, Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-qismi “b” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarda ayblangan A.A.ga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rib chiqildi.
Sud muhokamasi davomida P.D. va I.B. o‘z ayblarini to‘liq tan olib, qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini bildirdilar. Sud hukmiga ko‘ra, ular Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ushbu modda sanktsiyasi doirasida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, A.A. ham o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, etkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganini ma’lum qildi. Sud tomonidan u Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-qismi “b” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil 7 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sud majlisi yakunida sud raisi tomonidan mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud tizimiga oid yaqinda qabul qilingan farmonlari mazmun-mohiyati yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sayyor sud majlislari nafaqat jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish, balki aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirishga ham xizmat qilayotgani ta’kidlandi.






