SUD AMALIYOTI VA TERGOV SIFATI: SAMARADORLIKKA YO‘NALTIRILGAN MULOQOT
Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida sudyalar va prokuratura xodimlarining bilim va malakasini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-seminarlari muntazam tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — tergov sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, tergov hamda sud jarayonlarida qonun normalarini to‘g’ri va bir xilda qo‘llashni ta’minlash, shu orqali fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishdan iborat. Shuningdek, amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga atroflicha etkazish, huquqbuzarliklarning oldini olish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasida o‘tkazilgan navbatdagi seminar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar yuzasidan shakllangan sud amaliyoti va ishlarni ko‘rib chiqishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlarga bag’ishlandi.
Tadbirda sud amaliyotidagi dolzarb masalalar — qonun normalarini izchil va yagona tarzda qo‘llash, dalillarni xolisona baholash, huquqbuzarlik tarkibini to‘g’ri kvalifikatsiya qilish kabi jihatlar atroflicha muhokama qilindi. Shu orqali jamoat tartibini ta’minlash va fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilishda sudlarning mas’uliyati va o‘rni yana bir bor ta’kidlandi.
Seminarda jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining tergov sudyasi D.Srajatdinov hamda Mo‘ynoq tumani sudining tergov sudyasi B.Dosimbetov ishtirok etib, amaliyotda uchrayotgan ayrim muammoli holatlar yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksida nazarda tutilgan 592-modda (oilaviy, ya’ni maishiy zo‘ravonlik), 60-modda (tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish), 61-modda (oz miqdorda talon-toroj qilish), 131-modda (transport vositalarini mastlik holatida boshqarish)lariga oid ishlar bo‘yicha shakllangan sud amaliyoti tahlil qilindi. Aniq misollar asosida huquqiy yondashuvlar ko‘rib chiqilib, yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalari muhokama etildi.
Tadbir yakunida bunday o‘quv-seminarlar qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.






