FUQARO MUROJAATI — SUD E’TIBORIDA

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudi raisi R.Kamalova tomonidan tumandagi «Oltinsoy» mahallasi aholisi uchun sayyor qabul tashkil etildi. Mazkur qabuldan ko‘zlangan asosiy maqsad — fuqarolarning sud-huquq sohasiga oid murojaatlarini bevosita tinglash, ularga qonunchilik doirasida amaliy va huquqiy tushuntirishlar berishdan iborat bo‘ldi.

 

Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan turli masalalar bo‘yicha murojaatlar bildirildi. Xususan, aliment undirish tartibi, sud tomonidan tayinlangan jazoni engilrog’iga almashtirish imkoniyatlari, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, er uchastkalarini noqonuniy o‘zlashtirishning huquqiy oqibatlari bilan bog’liq masalalar aholini eng ko‘p qiziqtirgan mavzular sifatida qayd etildi.

 

Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida sud raisi tomonidan har bir masalaning qonunchilik asoslari atroflicha tushuntirildi. Ayniqsa, sudga taalluqli masalalarning belgilangan muddatlarda va tegishli sud instantsiyalarida ko‘rib chiqilishi zarurligi, shuningdek, murojaatlar bo‘yicha sud muhokamasiga aralashish mumkin emasligi yuzasidan fuqarolarga aniq huquqiy izohlar berildi.

 

Shuningdek, sayyor qabul davomida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning huquqiy tartibi, sud ishlarini yuritishda qonuniylik va xolislik tamoyillariga qat’iy amal qilinishi, shuningdek, korruptsiyaviy jinoyatlarning oldini olish, ularga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish masalalari bo‘yicha ham huquqiy targ’ibot ishlari olib borildi.

 

Bunday sayyor qabullar aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, sud organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.