SUD TIZIMIDA SUN’IY INTELLEKT: ODIL SUDLOV SARI YANGI QADAM
2025 yil 21 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida” PF–140-sonli farmoni mamlakatda sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini boshlab berdi. Unga muvofiq, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va “Raqamli sud” kontseptsiyasini amalga oshirish orqali odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Farmonda belgilangan asosiy vazifalardan biri — sud ishlarini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan “Raqamli sud” kontseptsiyasidir. Endi fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha ariza, shikoyat va iltimosnomalar elektron shaklda qabul qilinadi. Ularning tahlili va saralanishi sun’iy intellekt orqali amalga oshiriladi.
Bunday yangiliklar sud ishlari samaradorligini oshirish bilan birga, sudlar ish yukini kamaytiradi, inson omili bilan bog’liq xato-xatolarning oldini oladi va eng muhimi — odil sudlovga tez va shaffof etishish imkoniyatini yaratadi.
Farmonda nazarda tutilgan texnologiyalar nafaqat ish yuritishni engillashtiradi, balki sud jarayonlarini sifat jihatidan o‘zgartiradi. Ya’ni:
Sud hujjatlarining loyihalari avtomatik shakllantiriladi;
Normativ-huquqiy hujjatlar sun’iy intellekt orqali tahlil etiladi;
Sud muhokamasining tahminiy natijasi va xarajatlari oldindan hisoblanadi. Bunday imkoniyatlar sud tizimining shaffofligi va xolisligini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Farmonda keltirilgan rejalarning amaliy ahamiyati shundaki, har bir chora-tadbir uchun aniq muddatlar belgilangan:
2025 yil 1 dekabrga qadar — fuqarolar, advokatlar va sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qiluvchi elektron platforma ishga tushiriladi.
2026 yil 1 yanvardan — “my.sud.uz” portalida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi faoliyati boshlanadi.
2026 yil 1 martdan — sud ishlari holati va ma’lumotlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.
Bu tadbirlar orqali fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan ishonchi oshishi, murojaatlarga javob olishdagi shaffoflik va tezlikni ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Farmon faqat texnologiyalarni joriy etish bilan cheklanmaydi. U sudya va xodimlar uchun munosib sharoit yaratish, raqamli savodxonlikni oshirish, kiber huquq sohasida kadrlar tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi.
Sud binolari ta’mirlanadi, moddiy-texnika bazasi yaxshilanadi. Sud xodimlari uchun zamonaviy ish shart-sharoitlari va ijtimoiy kafolatlar yaratilishi belgilangan.
Prezident tomonidan qabul qilingan PF–140-sonli farmon — O‘zbekistonda sud-huquq sohasini zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik qadamdir. Sun’iy intellekt va raqamlashtirish orqali odil sudlovni ta’minlash nafaqat islohot, balki jamiyatda ishonch va adolat muhitini shakllantirish vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Texnologiya va inson omilini uyg’unlashtirgan bu islohotlar — sud tizimini xalq uchun ochiq, faol va ishonchli qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Abilay ADILOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari