KORRUPTSIYA OQIBATIDA ETKAZILGAN ZARARNI UNDIRISH: SUD AMALIYOTI TAHLILI

 

Korruptsiya bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti, davlat boshqaruvi samaradorligi va qonun ustuvorligiga jiddiy xavf tug’dirayotgan eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. U davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, demokratik qadriyatlar, adolat tamoyillari va fuqarolarning huquq hamda erkinliklariga putur etkazadi. Shuningdek, korruptsiya iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi, investitsion muhitning jozibadorligini pasaytiradi, davlat boshqaruvi tizimiga bo‘lgan ishonchni susaytiradi.

 

Ta’kidlash joizki, korruptsiya dunyoning deyarli barcha davlatlarida uchraydigan global muammo hisoblanadi. Uning ko‘lami va shakllari turlicha bo‘lishi mumkin, biroq oqibatlari har doim jamiyat manfaatlariga zid bo‘ladi. Xalqaro tashkilotlar va davlatlar tomonidan mazkur illatga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, korruptsiya hali ham jiddiy tahdid sifatida saqlanib qolmoqda.

 

“Korruptsiya” atamasi lotincha “ corruptio” — “buzmoq”, “izdan chiqarmoq” ma’nolarini anglatadi. U odatda mansabdor shaxsning o‘z xizmat vakolatlari va mavqeidan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini ifodalaydi. Korruptsiyaviy harakatlar natijasida davlat, jamiyat, yuridik va jismoniy shaxslarga katta miqdorda moddiy va ma’naviy zarar etkaziladi.

 

Korruptsiyaga qarshi kurashish faqatgina aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish bilan cheklanmaydi. Bu jarayonning muhim tarkibiy qismi sifatida korruptsiya oqibatida etkazilgan zararni qoplash, noqonuniy orttirilgan daromadlarni qaytarish va davlat hamda jamiyat manfaatlarini tiklash masalalari ham alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur vazifalarni amalga oshirishda sudlar hal qiluvchi o‘rin tutadi.

 

Sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, korruptsiyaviy jinoyatlar bo‘yicha ko‘riladigan ishlarda etkazilgan zararni undirish masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida baholanadi. Pora olish, pora berish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, o‘zlashtirish va rastrata kabi jinoyatlar natijasida davlat yoki boshqa shaxslarga etkazilgan zarar jinoyat ishi doirasida yoki alohida fuqarolik da’vosi tartibida undiriladi. Bunda zarar miqdori, qoida tariqasida, moliyaviy auditlar, buxgalteriya hujjatlari, ekspertiza xulosalari va boshqa dalillar asosida aniqlanadi.

 

Sud amaliyotida shakllangan muhim yo‘nalishlardan yana biri regress tartibida zararni undirish hisoblanadi. Ayrim hollarda davlat organlari yoki tashkilotlar jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni o‘z mablag’lari hisobidan qoplaydi. Keyinchalik ushbu mablag’lar aybdor mansabdor shaxslardan regress tartibida undiriladi. Bu esa davlat mablag’larining asossiz sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.

 

Korruptsiyaviy jinoyatlar bo‘yicha sudlar tomonidan noqonuniy orttirilgan daromadlarni musodara qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bunda faqat bevosita etkazilgan zararni qoplash bilan cheklanilmay, korruptsiya natijasida orttirilgan mol-mulk, pul mablag’lari va boshqa aktivlarni davlat foydasiga o‘tkazish choralari ko‘riladi. Bu esa jinoyat orqali boyishga intilishning oldini olishda muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi.

 

Korruptsiya tufayli etkazilgan zararni qoplashning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida mustahkam belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko‘ra, shaxsning g’ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi natijasida etkazilgan zarar to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Ushbu qoida korruptsiya oqibatida etkazilgan zararlarga ham to‘liq tatbiq etiladi.

 

Shu bilan birga, amaliyotda ayrim muammolar ham uchrab turadi. Xususan, aybdor shaxslar tomonidan mol-mulklarni boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirib qo‘yish, mablag’larni yashirish yoki xorijga olib chiqib ketish holatlari zararni undirish jarayonini murakkablashtiradi. Bunday vaziyatlarda xalqaro huquqiy hamkorlik mexanizmlari, davlatlararo huquqiy yordam to‘g’risidagi shartnomalar hamda aktivlarni qaytarishga qaratilgan maxsus tartib-taomillar muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Fuqarolarning huquqlari korruptsiya natijasida bevosita buzilgan va ularga ma’naviy zarar etkazilgan hollarda sudlar tomonidan ma’naviy zararni undirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Bu inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

 

Korruptsiya oqibatida etkazilgan zararni undirish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash asosan Majburiy ijro byurosi organlari zimmasiga yuklatilgan. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ayrim hollarda zararni qisqa muddatlarda to‘liq undirish imkoniyati mavjud bo‘lmaydi. Buning sabablari sifatida aybdor shaxslarning mulklarini yashirishi, boshqa shaxslar nomiga o‘tkazishi yoki aktivlarni mamlakat tashqarisiga chiqarib yuborishi kabi holatlarni keltirish mumkin.

 

Sudlarda ko‘rilayotgan ishlar tahlili korruptsiyaviy jinoyatlar asosan ijtimoiy va moliyaviy resurslar katta aylanadigan sohalarda sodir etilayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi, sog’liqni saqlash sohasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, qurilish hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi tarmoqlarida mazkur turdagi huquqbuzarliklar nisbatan ko‘proq uchramoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, korruptsiya nafaqat davlat va jamiyat manfaatlariga, balki iqtisodiy taraqqiyot va aholining davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga ham jiddiy zarar etkazadi. Shu bois korruptsiyaga qarshi murosasiz kurashish, uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, aybdor shaxslarning etkazgan zararini to‘liq qoplashni ta’minlash hamda sud qarorlarining samarali ijrosiga erishish huquqiy davlat qurishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

 

Gulrano ABINIYAZOVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng’irot tumanlararo sudi sudyasi

«O‘ZBEKISTON – 2030»: QONUN USTUVORLIGI – TARAQQIYOT KAFOLATI

 

Har qanday demokratik davlatning mustahkamligi uning iqtisodiy salohiyati yoki tabiiy resurslari bilan emas, eng avvalo, qonun ustuvorligi, odil sudlov va inson huquqlarining ishonchli himoya qilinishi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va huquqiy islohotlar mamlakat taraqqiyotining mutlaqo yangi modelini shakllantirmoqda. Bu modelning markazida esa inson qadri, adolat va qonunning mutlaq ustuvorligi turibdi.

 

Prezident tomonidan ilgari surilgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ana shu ezgu g’oyalarning amaliy dasturi sifatida xizmat qilmoqda. Uning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi – «Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish» – huquqiy davlat qurishning navbatdagi bosqichini belgilab berdi. Xususan, strategiyaning 84, 85, 86 va 88-maqsadlari faqat davlat organlari faoliyatini takomillashtirishga emas, balki jamiyatda adolat muhitini qaror toptirishga qaratilgan yaxlit huquqiy kontseptsiya hisoblanadi.

 

Huquqiy davlatning eng muhim belgisi – insonning huquq va erkinliklari har qanday manfaatdan ustun qo‘yilishidir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlari oliy qadriyat sifatida mustahkamlangani ushbu tamoyilning huquqiy asosini yaratdi. Endi davlat organlarining samaradorligi qabul qilingan qarorlar soni bilan emas, balki inson manfaatlari qay darajada ta’minlangani bilan baholanadi. Bu esa davlat boshqaruvida mutlaqo yangi huquqiy madaniyatni shakllantirmoqda.

 

Strategiyaning 84-maqsadi aynan shu tamoyilni hayotga to‘liq tatbiq etishga xizmat qiladi. Inson huquqlarini ta’minlash endi faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki barcha davlat idoralari faoliyatining bosh mezoniga aylanmoqda. Davlatning har bir qarori, har bir ma’muriy tartib va har bir xizmat fuqaro manfaati nuqtai nazaridan baholanishi lozim. Bu esa huquqiy davlatning eng muhim belgilaridan biri hisoblanadi.

 

Adolatning qaror topishi esa mustaqil sud hokimiyatisiz mumkin emas. Bejizga sudni Konstitutsiya kafolatlarining amaliy himoyachisi deb atashmaydi. Sud qarorlari faqat muayyan nizoni hal qilmaydi, balki jamiyatda qonunga ishonchni mustahkamlaydi, davlatning adolat tamoyiliga sodiqligini namoyon etadi. Shu nuqtai nazardan strategiyaning 85-maqsadi sud hokimiyatining institutsional mustaqilligini yanada kuchaytirish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan.

 

Bugun sudlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarning keng joriy etilayotgani, elektron sud xizmatlarining rivojlanishi, sud qarorlarining ochiqligi ta’minlanayotgani, protsess ishtirokchilari uchun qulayliklar kengayib borayotgani odil sudlovning sifati va shaffofligini yanada oshirmoqda. Eng muhimi, bu islohotlar fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, huquq va erkinliklarning ishonchli himoyasini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 

Huquqiy davlatning yana bir muhim xususiyati huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin jazo tayinlash emas, balki uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishdir. Shu bois strategiyaning 86-maqsadi profilaktik yondashuvni davlat siyosatining muhim qismi sifatida belgilaydi. Bugun huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, xavf omillarini barvaqt bartaraf etish, raqamli tahlil tizimlaridan foydalanish, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish orqali huquqbuzarliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yondashuv nafaqat jinoyatchilikning kamayishiga, balki aholining davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

 

Qonun ustuvorligi faqat mukammal qonunlar yoki samarali sud tizimi bilan ta’minlanmaydi. Uning mustahkam poydevori aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongidir. Qonunni bilmagan jamiyatda huquqiy davlatni barpo etish mushkul. Shuning uchun strategiyaning 88-maqsadi huquqiy targ’ibotni yangi bosqichga olib chiqish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ayniqsa, yoshlarda qonunga hurmat va mas’uliyat tuyg’usini shakllantirishni nazarda tutadi.

 

Bugun ommaviy axborot vositalari, sudlar matbuot xizmatlari, raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar huquqiy bilimlarni ommalashtirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Sud amaliyotining ochiqligi, qonunchilikdagi yangiliklarning sodda va tushunarli tarzda aholiga etkazilishi fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, huquqiy madaniyat qanchalik yuksak bo‘lsa, qonun ustuvorligi shunchalik mustahkam bo‘ladi.

 

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan mazkur maqsadlar bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Inson huquqlarining kafolatli himoyasi, mustaqil va xolis sud hokimiyati, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan zamonaviy yondashuv hamda yuksak huquqiy madaniyat – bularning barchasi yagona maqsad, ya’ni adolat ustuvor bo‘lgan huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga xizmat qiladi.

 

Shubhasiz, ushbu strategiyada belgilangan vazifalarning to‘liq va izchil amalga oshirilishi davlat boshqaruvining xalq manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlaydi, sud hokimiyatining nufuzini yanada mustahkamlaydi hamda Konstitutsiyada belgilangan inson qadri va adolat tamoyillarini hayotga to‘liq tatbiq etishga mustahkam huquqiy zamin yaratadi. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim mezoni, qonun ustuvorligining esa eng ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

 

Abilay ADILOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi

HUQUQIY DALIL VA OBYEKTIV MA’LUMOTLAR – ODIL SUDLOVNING ASOSIY MEZONI

Sudga murojaat qilish huquqi har bir fuqaroga Konstitutsiya bilan kafolatlangan. Biroq sudga qilingan har bir murojaatning qanoatlantirilishi uchun da’vo yoki shikoyat ishonchli huquqiy dalillar bilan asoslantirilgan bo‘lishi lozim. Sud qaror qabul qilishda his-tuyg‘u yoki taxminlarga emas, balki qonun talablari va ishdagi obyektiv dalillarga tayanadi.

 

Bu jihat ayniqsa yer munosabatlari bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Amalda uchraydigan holatlardan biri sifatida To‘rtko‘l tuman sudida ko‘rib chiqilgan ishni misol keltirish mumkin.

 

Fuqaro I.R. Kadastr organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 3-qismi asosida tayinlangan 82 million 400 ming so‘mlik ma’muriy jarimani asossiz deb hisoblab, sudga shikoyat bilan murojaat qildi. U o‘z murojaatida do‘koniga nisbatan tekshiruv asossiz o‘tkazilganini, qurilish uchun tegishli hujjatlari mavjudligini hamda jarimani to‘lash imkoniyati yo‘qligini bildirib, jazoni yengillashtirish yoki undan ozod qilishni so‘radi.

 

Biroq sud muhokamasi jarayonida ishning barcha holatlari atroflicha o‘rganildi. Kadastr organi inspektorining ko‘rsatmalari, davlat yer nazorati dalolatnomasi, fotohujjatlar, Davlat kadastrlari palatasi bayonnomasi hamda arxiv ma’lumotlari bir-biri bilan taqqoslanib tahlil qilindi.

 

Tekshirish davomida fuqaro foydalanayotgan 40 kvadrat metr yer maydoniga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos sifatida ko‘rsatilgan tuman hokimining qarorida uning nomi mavjud emasligi arxiv hujjatlari bilan tasdiqlandi. Shuning uchun mazkur davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bekor qilingan va yer maydoni tegishli huquqiy asoslarsiz egallangani aniqlandi.

 

Shuningdek, sud huquqbuzarning moddiy ahvoliga ham huquqiy baho berdi. Elektron axborot tizimi orqali olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uning bir nechta transport vositalari mavjudligi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi, doimiy ish haqi olishi, turmush o‘rtog‘ining ham rasmiy daromadga ega ekani aniqlandi. Bu holatlar uning jarimani to‘lash imkoniyati yo‘qligi haqidagi vajlarini tasdiqlamadi.

 

MJtKning 31 va 33-moddalari sudga jazoni yengillashtirish huquqini bersa-da, bunday qaror faqat yetarli huquqiy asoslar va ishonchli dalillar mavjud bo‘lgandagina qabul qilinishi mumkin. Mazkur ishda esa bunday asoslar aniqlanmagani sababli sud Kadastr organining qarorini qonuniy va asosli deb topdi hamda shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirdi.

 

Bu ish yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, sud uchun eng muhim mezon — ishonchli dalil va obyektiv ma’lumotdir. Fuqaroning shaxsiy fikri yoki subyektiv e’tirozlari huquqiy dalillar bilan tasdiqlanmagan taqdirda sud qarorini o‘zgartirish uchun asos bo‘la olmaydi.

 

Yer munosabatlari sohasida har qanday qurilish yoki yerdan foydalanish ishlarini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirish, tegishli hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirish kelgusida huquqiy nizolarning oldini oladi. Sud amaliyoti ham aynan qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir ish bo‘yicha xolis, adolatli qaror qabul qilishga xizmat qiladi.

 

Baurjan SABUROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudining tergov sudyasi

XO‘JAYLI TUMANIDA YANGI QONUNNING MAZMUN-MOHIYATI YUZASIDAN HUQUQIY TARG’IBOT TADBIRI O‘TKAZILDI

Xo‘jayli tumani Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasining «Ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g’risida»gi Qonunining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish maqsadida huquqiy targ’ibot tadbiri tashkil etildi.

 

 

Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi A. Adilov, tuman prokurori A. Xalimov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig’i o‘rinbosari B. Xalmuratov hamda Yoshlar ishlari agentligi Xo‘jayli tuman bo‘limi boshlig’i I. Abdijabbarov ishtirok etdi.

 

 

Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi A. Adilov tomonidan mazkur Qonunning qabul qilinishi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish, ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

 

Bundan so‘ng so‘zga chiqqanlar qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, jinoyat va ma’muriy javobgarlikka oid normalarning takomillashtirilgan jihatlari, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasining salbiy oqibatlari hamda yoshlarni turli zararli illatlardan asrashda davlat organlari va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligi haqida atroflicha fikr yuritdilar.

 

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga qonunning mazmun-mohiyati, uning amaliyotda qo‘llanilishi va huquqiy ahamiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan huquqiy asoslangan javoblar qaytarildi.

Tadbir yakunida qonun talablariga so‘zsiz rioya etish, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarning oldini olishda huquqiy targ’ibot ishlarini tizimli davom ettirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani alohida qayd etildi.

YOSHLAR KELAJAGIGA TAHDID: GIYOHVANDLIK VA UNING OQIBATLARI

Giyohvandlik — bu nafaqat bir insonning sog’ligi va taqdiriga tahdid soluvchi illat, balki butun jamiyat barqarorligiga jiddiy xavf tug’diradigan og’ir ijtimoiy muammodir. U insonning ongini zaiflashtirib, irodasini sindiradi, uni ma’naviy tanazzul va jinoyat yo‘liga etaklaydi. Giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan shaxs nafaqat o‘z hayotini izdan chiqaradi, balki uning oilasi, farzandlari va yaqinlari ham ruhiy va moddiy jihatdan og’ir zarba oladi.

 

Bu illat jamiyatda jinoyatchilikning ortishiga, oilalar parokandaligiga, yoshlar kelajagining izdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, yosh avlodning giyohvandlik domiga tushib qolishi millat kelajagi uchun jiddiy xavf hisoblanadi. Shu bois, giyohvandlikka qarshi kurashish, uning oldini olish va aholi o‘rtasida huquqiy ongni oshirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

 

Agar amaliyotga murojaat qiladigan bo‘lsak, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mo‘ynoq tuman sudida giyohvandlik vositalari bilan bog’liq jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan qonuniy hukm chiqarildi.

 

Sudda aniqlanishicha, fuqaro R.B 2025 yil 10 yanvar kuni giyohvandlik moddasi — gashishni qonunga xilof ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish maqsadida saqlab, uni etkazib berishga uringan. Ushbu harakat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fosh etilgan.

 

Tekshiruv jarayonida sudlanuvchining turli joylarga yashirib qo‘yilgan jami 4 bo‘lak gashish giyohvandlik moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiy tartibda olingan. Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalar tarkibida faol giyohvand modda — tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, umumiy sof og’irligi 1,3 grammni tashkil etgan.

 

Sud majlisida sudlanuvchi o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, giyohvandlik moddasini avval shaxsiy iste’mol uchun sotib olganini, keyin esa tanishining taklifi bilan uni birgalikda iste’mol qilish maqsadida olib chiqqanini bildirgan. Shu bilan birga, u qilmishidan pushaymonligini bayon etgan.

 

Sud tomonidan ish materiallari, guvohlar ko‘rsatuvlari va ekspertiza xulosalari har tomonlama tahlil qilinib, dastlabki tergov organi tomonidan berilgan huquqiy baho qayta ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, giyohvandlik moddasi boshqa shaxsga amalda o‘tkazilmagani sababli, jinoyat oxiriga etkazilmagan deb topilib, harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 va 273-moddalariga muvofiq qayta kvalifikatsiya qilindi.

 

Sud jazo tayinlashda sudlanuvchining aybiga iqrorligi, chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, oilali ekani va ikki nafar farzandi borligini engillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga oldi. Shu asosda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, engilroq jazo tayinlandi.

 

Sud hukmiga ko‘ra, R.B Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

 

Shuningdek, ish bo‘yicha ashyoviy dalillar qonuniy tartibda yo‘q qilinishi, protsessual chiqimlar esa aybdordan undirilishi belgilandi.

 

Mazkur holat yana bir bor giyohvandlik vositalari bilan bog’liq har qanday noqonuniy harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini ko‘rsatadi. Sudlar tomonidan bunday jinoyatlarga nisbatan qat’iy va adolatli choralar qo‘llanilishi jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan bo‘lib, mazkur jinoyat turiga nisbatan murosasiz va qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud idoralari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi keng ko‘lamli profilaktik va tezkor tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

 

Sud amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, giyohvandlik bilan bog’liq har qanday huquqbuzarlikka nisbatan qonun doirasida qat’iy javobgarlik muqarrar. Bu esa jamiyatda qonuniylikni ta’minlash, aholi, ayniqsa yoshlarni bunday illatdan asrashga xizmat qiladi.

 

Damir ZIYAMBETOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mo‘ynoq tumani sudi raisi

SUDLARDA INTERAKTIV XIZMATLAR: ODIL SUDLOVGA ERIShIShNING ZAMONAVIY MEXANIZMI

 

Bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq tizimini raqamlashtirish, aholiga qulay va tezkor xizmatlar ko‘rsatish hamda odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, sudlarda interaktiv xizmatlarning joriy etilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun vaqt va ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish bilan birga, sud tizimining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

So‘nggi yillarda sud organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali “Elektron sud” tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Natijada fuqarolar sudga murojaat qilish, ariza va shikoyatlar yuborish, ish jarayonlarini kuzatish, sud qarorlaridan nusxa olish kabi bir qator xizmatlardan masofadan turib foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Interaktiv xizmatlarning asosiy maqsadi — inson omilini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va aholi uchun qulay huquqiy muhit yaratishdan iborat. Masalan, da’vo arizalarini elektron shaklda yuborish imkoniyati fuqarolarning sud binolariga ortiqcha borib-kelishlarini qisqartirib, murojaatlarni tezkor qabul qilishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, sud majlislari vaqti va sanasi haqida SMS-xabarnomalar yuborilishi taraflarning xabardorligini ta’minlashga yordam bermoqda.

 

Sudlarda videokonferentsaloqa tizimining joriy etilishi ham interaktiv xizmatlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu ayniqsa, boshqa hududda yashovchi fuqarolar, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar yoki turli sabablarga ko‘ra sudga kelishi qiyin bo‘lgan ishtirokchilar uchun katta qulaylik yaratmoqda. Videokonferentsaloqa orqali sud jarayonlarida ishtirok etish vaqt va mablag’ni tejash bilan birga, ishlarni tezkor ko‘rib chiqish imkonini ham beradi.

 

Shuningdek, sud hujjatlarining elektron bazasi shakllantirilgani huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Sud qarorlarining elektron tarzda e’lon qilinishi sudlar faoliyati ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va yagona sud amaliyotini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Interaktiv xizmatlar orqali davlat boji va sud yig’imlarini onlayn to‘lash imkoniyati yaratilgani ham aholiga qo‘shimcha engilliklar bermoqda. Bu tizim fuqarolarning vaqt sarfini kamaytirish bilan birga, moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

 

Albatta, sudlarda raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash faqat texnik yangilanish emas, balki fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan muhim qadamdir. Zero, tezkor, shaffof va qulay sud xizmatlari aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

 

Xulosa qilib aytganda, sudlarda interaktiv xizmatlarning rivojlantirilishi odil sudlovning samaradorligini oshirish, fuqarolar uchun qulay huquqiy muhit yaratish va sud hokimiyatining ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa o‘z navbatida, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

 

Ruslan JUMABAEV,

Nukus tumanlararo ma’muriy sudi raisi

Amangeldi SALIEV,
Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi

ODAM SAVDOSI VA BOLALAR MEHNATI: INSON QADRIGA TAHDID

Inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash har qanday huquqiy davlatning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi. Ammo bugungi kunda dunyoda inson qadriga rahna solayotgan og’ir jinoyatlardan biri — odam savdosi va bolalar mehnatidan noqonuniy foydalanish holatlaridir.

 

Tasavvur qiling, yaxshi ish, yuqori maosh yoki munosib turmush va’da qilinib, inson aldanadi. Uning hujjatlari tortib olinadi, erkin harakatlanish huquqi cheklanadi va mehnat qilishga majbur qilinadi. Afsuski, bunday holatlar bugun ham dunyoda uchrab turibdi.

 

Odam savdosi — bu shunchaki qonunbuzarlik emas. Bu inson taqdiri, uning orzu-umidlari va erkinligiga qarshi qaratilgan og’ir jinoyatdir.

 

Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasida odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Qonun bu kabi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qat’iy jazo choralarini nazarda tutadi.

 

Inson huquqlari haqida gap ketganda, bolalar huquqlarini himoya qilish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir bola baxtli bolalikka, bilim olishga va sog’lom muhitda voyaga etishga haqli.

 

Bolaning qo‘lida og’ir mehnat qurollari emas, kitob bo‘lishi kerak. Uning vaqti mehnat maydonida emas, ta’lim muassasasida o‘tishi lozim.

 

Shu bois mamlakatimiz qonunchiligida bolalar mehnatining zararli va xavfli shakllariga qarshi qat’iy choralar belgilangan. Jinoyat kodeksining 148¹ va 148²-moddalariga muvofiq, shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilish yoki voyaga etmaganlarni ularning sog’lig’i va rivojlanishiga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

Muhimi, odam savdosi yoki majburiy mehnat qurboniga aylanib qolmaslik uchun har bir fuqaro ogoh bo‘lishi zarur. Ayniqsa, xorijda ishlash niyatida bo‘lgan shaxslar taklif etilayotgan ish joyi haqida rasmiy manbalar orqali ma’lumot olishlari, mehnat shartnomalarini diqqat bilan o‘rganishlari va shubhali takliflarga ishonmasliklari lozim.

 

Odam savdosi va bolalar mehnatiga qarshi kurashish — faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudlarning vazifasi emas. Bu butun jamiyatning mas’uliyatidir. Har birimiz befarq bo‘lmasak, qonunlarga hurmat bilan yondashsak va inson qadrini ulug’lasak, bunday illatlarga qarshi samarali kurasha olamiz.

 

Zero, inson qadri ustuvor bo‘lgan joyda adolat qaror topadi. Bolalarning kulgisi yangragan, inson huquqlari himoya qilingan jamiyat esa barqaror taraqqiyot sari intiladi.

 

 

Nag’ima BALTABAEVA,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisining o‘rinbosari

SUDLARDA INTERAKTIV XIZMATLAR

 

 

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash hamda sud faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda sudlarda interaktiv xizmatlarni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

 

Interaktiv xizmatlar – bu fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va tashkilotlarga sud organlari bilan elektron shaklda muloqot qilish imkonini beruvchi zamonaviy xizmatlardir. Ular sudlarga murojaat qilish, arizalar yuborish, sud ishlarining holatini kuzatib borish hamda sud hujjatlarini olish jarayonlarini sezilarli darajada yengillashtiradi.

 

Bugungi kunda sud tizimida elektron xizmatlarning keng joriy etilishi natijasida fuqarolar ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan turib, masofadan turib ko‘plab xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

 

Sud tizimida quyidagi interaktiv xizmatlar keng qo‘llanilmoqda:

– Da’vo arizalari va boshqa protsessual hujjatlarni elektron shaklda yuborish;

– Sud majlislari sanasi va vaqti haqida elektron xabarnomalar olish;

– Sud ishlarining ko‘rilish jarayonini onlayn kuzatish;

– Sud hujjatlarining elektron nusxalarini olish;

– Videokonferensaloqa orqali sud majlislarida ishtirok etish;

– Davlat boji va boshqa to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish;

– Sud qarorlarining ijrosi haqida ma’lumot olish.

Mazkur xizmatlar sud ishlarini yuritishda qulaylik yaratib, inson omili bilan bog‘liq ayrim muammolarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Sudlarda interaktiv xizmatlardan foydalanish bir qator afzalliklarga ega:

Birinchidan, fuqarolarning vaqt va mablag‘lari tejaladi.

Ikkinchidan, sud faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ta’minlanadi.

Uchinchidan, hujjatlar almashinuvi tezlashadi va qog‘ozbozlik kamayadi.

To‘rtinchidan, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga yordam beradi.

Beshinchidan, aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Sudlarda interaktiv xizmatlarning joriy etilishi odil sudlovning samaradorligini oshirish, fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish va sud tizimini raqamlashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Kelgusida ushbu xizmatlarni yanada takomillashtirish orqali sud organlari faoliyatining sifati va samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish mumkin. Shu bois interaktiv xizmatlarni rivojlantirish va ulardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

 

Ulobosin DAVLETOVA,

 Nukus tumanlararo ma’muriy sudi arxiv mudiri              

YER UCHASTKALARIGA QONUNIY EGALIK QILISH VA TABIIY RESURSLARGA EGALIK HUQUQINI HIMOYA QILISH: MAʼMURIY JAVOBGARLIKNING HUQUQIY TAHLILI

 

Yer va boshqa tabiiy resurslar har qanday davlatning iqtisodiy taraqqiyoti, ekologik barqarorligi hamda aholi farovonligini taʼminlashda muhim strategik ahamiyatga ega boʻlgan milliy boylik hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda yer resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish hamda yer munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

 

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yer munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Yer uchastkalarini ajratishning ochiq va raqamlashtirilgan mexanizmlari joriy etildi, yerdan foydalanish ustidan davlat nazorati kuchaytirildi, yer munosabatlarida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlar shakllantirildi. Bu oʻzgarishlar yer resurslaridan foydalanishda qonuniylikni taʼminlash bilan birga, mulkiy huquqlarning ishonchli himoya qilinishiga ham xizmat qilmoqda.

 

Shu bilan birga, amaliyotda yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz ulardan foydalanish, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish kabi huquqbuzarliklar uchrab turibdi. Bunday holatlar davlat va jamiyat manfaatlariga, shaharsozlik talablariga hamda boshqa shaxslarning huquqlariga jiddiy zarar yetkazadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 60-moddasi tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilaydi. Mazkur norma yer, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosidan qonunga xilof ravishda foydalanish, yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini buzuvchi harakatlarning oldini olishga qaratilgan muhim huquqiy kafolat hisoblanadi.

 

Moddaning birinchi qismida yerdan, suvdan, oʻsimlik yoki hayvonot dunyosidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, shuningdek yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlarni sodir etish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan. Bu norma davlat mulkini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan qonuniy foydalanish hamda ekologik muvozanatni taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Moddaning ikkinchi qismida yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan yer uchastkasiga nisbatan qonuniy huquq mavjud boʻlmagan holda undan foydalanish uchun maʼmuriy jarima belgilangan. Qonun chiqaruvchi ushbu huquqbuzarlik uchun yuqori miqdordagi jarimalarni nazarda tutish orqali yer munosabatlarida huquqiy intizomni mustahkamlashni maqsad qilgan.

 

Ayniqsa, oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan sanksiyalar qonunchilikning qatʼiyligini namoyon etadi. Bunday harakatlar nafaqat yer qonunchiligini, balki shaharsozlik, arxitektura va ekologik talablarni ham buzishi mumkin.

 

Mazkur moddaning muhim jihatlaridan biri shundaki, qonun birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga huquqbuzarlik oqibatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyatini beradi. Agar shaxs oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasini qaytarsa va qonunbuzilish oqibatlarini bartaraf etsa, u maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bu esa huquqiy taʼsir choralarining jazolash bilan bir qatorda profilaktik ahamiyatga ham ega ekanligini koʻrsatadi.

 

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 60-moddasi yer munosabatlarida qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiluvchi muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi. Ushbu norma orqali davlat yer resurslarini muhofaza qilish, mulkiy huquqlarni taʼminlash hamda yerdan oqilona foydalanish sohasida huquqiy tartibni mustahkamlashni koʻzlagan.

 

Sudlar tomonidan mazkur toifadagi ishlar qonun talablari, ishning barcha holatlari va dalillar har tomonlama oʻrganilgan holda koʻrib chiqilishi yer munosabatlarida adolat va qonuniylikni taʼminlashning muhim kafolati hisoblanadi. Shu bilan birga, huquqiy targʻibot ishlarini kuchaytirish, yer qonunchiligi mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish hamda raqamli yer kadastri tizimini yanada takomillashtirish kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

Alisher AMETOV,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi

DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TGAN HUJJAT HAM HAR DOIM QONUNIYLIKNI ANGLATMAYDI

Sud amaliyotida ayrim holatlarda fuqarolar yoki tadbirkorlar muayyan mulkka oid kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgani yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini uning mutlaq qonuniyligi sifatida qabul qiladi. Biroq huquqiy munosabatlarda har qanday davlat ro‘yxatining qonuniyligi, avvalo, uning qanday huquqiy asosga tayangani bilan belgilanadi.

Yaqinda To‘rtko‘l tuman sudida ko‘rib chiqilgan ma’muriy ish aynan shu masalaning huquqiy mohiyatini yana bir bor ochib berdi.

Fuqaro N.A Kadastr organi tomonidan MJtKning 60-moddasi 3-qismi asosida tayinlangan ma’muriy jarima ustidan shikoyat bilan sudga murojaat qildi. Uning fikricha, do‘konga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tegishli idoralar tomonidan berilgan hujjatlarga ishonib faoliyat yuritgani uchun uning harakatlarini o‘zboshimchalik deb baholash mumkin emas edi.

 

Sud muhokamasi jarayonida mazkur vajlar har tomonlama tekshirildi. Kadastr organi vakillari, davlat yer nazorati materiallari, arxiv ma’lumotlari hamda boshqa hujjatlar o‘zaro taqqoslandi.

Tekshirishlar davomida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos sifatida ko‘rsatilgan tuman hokimining qarori arxivda mavjud ekani, biroq ushbu qarorda fuqaro N.A ning nomi umuman qayd etilmagani aniqlandi. Demak, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun huquqiy asos sifatida keltirilgan hujjat mazmuni bilan rasmiylashtirilgan kadastr ma’lumotlari o‘rtasida nomutanosiblik mavjud bo‘lgan.

Shu sababli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlikning o‘zi huquqning mutlaq qonuniyligini anglatmasligi, agar uning asosidagi huquqiy hujjat talablarga javob bermasa, vakolatli organ tomonidan qabul qilingan qaror qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi sud muhokamasida o‘z tasdig‘ini topdi.

 

Ishni ko‘rish jarayonida huquqbuzar o‘zining muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmaganini, uch nafar farzandi borligini, vaqtincha ishsiz ekanini, shuningdek, qasddan qonun buzish niyati bo‘lmaganini bayon qildi. Himoyachi tomonidan ham «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun normalariga tayanildi.

Biroq sud har bir keltirilgan vajni ish materiallari bilan solishtirib baholadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 31 va 33-moddalarida nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlarni qo‘llash uchun qonun talab qilgan asoslar mavjud emasligi, huquqbuzarlik oqibatlari bartaraf etilmagani hamda Kadastr organi xulosalari obyektiv dalillar bilan tasdiqlangani aniqlandi.

Natijada sud Kadastr agentligi qarori qonun talablariga muvofiq qabul qilingan, degan xulosaga keldi va huquqbuzarning shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirdi.

 

Ushbu ishdan chiqadigan muhim huquqiy xulosa shuki, har qanday davlat ro‘yxati yoki rasmiy hujjatning yuridik kuchi uning tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki uning huquqiy asoslari qonuniyligi bilan baholanadi. Agar davlat ro‘yxatini amalga oshirishga asos bo‘lgan hujjat haqiqiy huquqiy asosga ega bo‘lmasa yoki unda ziddiyatlar mavjud bo‘lsa, bunday holat sud tomonidan huquqiy baholanishi tabiiydir.

Qonun ustuvorligi aynan shunda namoyon bo‘ladiki, sud har qanday nizoda shaxsning subyektiv qarashlariga emas, balki tekshirilgan dalillar, hujjatlar va qonun talablariga tayanadi. Bu esa mulkiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, davlat ro‘yxatining ishonchliligini muhofaza qilish hamda yer resurslaridan qonuniy foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Baurjan SABUROV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudining tergov sudyasi

Skip to content