SUD QARORLARINING IJROSINI TA’MINLASH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi tashabbusi bilan To‘rtko‘l tuman prokuraturasi binosida sud qarorlarining ijrosini ta’minlashga bag’ishlangan yig’ilish bo‘lib o‘tdi. Yig’ilishda Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudi raisi B. Polvanov, tergov sudyasi B. Saburov, To‘rtko‘l tuman prokuraturasi mas’ul xodimlari hamda Majburiy ijro byurosining To‘rtko‘l tuman bo‘limi vakili va ijrochi xodimlar ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi — sud hukmlari va qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlashda mavjud muammolarni muhokama qilish, bu yo‘nalishda sud, prokuratura va ijro organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Yig’ilishda jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar tomonidan chiqarilgan va ijro etish uchun yuborilgan sud qarorlarining bajarilishida uchrayotgan to‘siqlar tahlil qilindi. Shuningdek, ijro jarayonidagi ortiqcha kechiktirishlar, hujjat aylanmasi va muvofiqlashtirishdagi muammolar yuzasidan aniq misollar keltirildi.
Tadbirda garov pulini qaytarish jarayonlaridagi kechikishlarni bartaraf etish, depozit hisoblarida saqlanayotgan mablag’larni o‘z vaqtida va to‘g’ri egasiga qaytarishni ta’minlash, daliliy ashyolarni yo‘q qilish yoki tegishli muassasalarga topshirish ishlarini tezlashtirish, etkazilgan moddiy zararni undirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, har bir organning mas’ul xodimlariga aniq vazifalar yuklatildi, ijro intizomini kuchaytirish, nazorat tizimini takomillashtirish va elektron ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Yig’ilishda Majburiy ijro byurosi xodimlari ijro ishini amalga oshirishda duch kelayotgan qiyinchiliklar, ayrim sud hujjatlarining texnik holatlari haqida ma’lumot berdilar.
Sud va prokuratura vakillari o‘z navbatida bu boradagi xatolarni kamaytirish, har bir ijro ishi bo‘yicha mas’ullikni oshirish hamda tezkor muloqot orqali muammolarni echish zarurligini qayd etdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan qabul qilingan qarorlarga muvofiq, ijro jarayonlarini samarali tashkil etish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.