RAQAMLI SUD AMALIYOTI VA KORRUPTSIYAGA QARSHI KURASHISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining yuridika fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan sudyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda sud tizimini raqamlashtirish, korruptsiyaga qarshi kurashish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorlarining mazmun-mohiyati yoshlarga keng turda tushuntirildi.

Uchrashuvda Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi A. Imatov sud tizimida korruptsiyaning oldini olish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanidek, sud jarayonlarining elektronlashtirilishi shaffoflikni oshirib, inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Nukus tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi Q. Babanazarov 2025 yil 24 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 23-sonli qarori mazmun-mohiyatini yoritib, mazkur qaror sud amaliyotida yagona yondashuvni ta’minlashga qaratilganini qayd etdi.

Sudyalar o‘z ma’ruzalarida sud faoliyatini raqamlashtirish fuqarolarning sudlarga murojaat qilishini soddalashtirishi, masofaviy ishtirok, elektron ariza topshirish va sud hujjatlarini onlayn olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishini ta’kidladilar. Bu o‘z navbatida odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashdilar.






