MA’MURIY SUDDA BIR KUN: YOSHLAR UCHUN OCHIQ MULOQOT
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudida talaba yoshlar ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Mazkur tashabbus yoshlarni sud-huquq tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, sud ishlarini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, shuningdek, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir davomida sudyalar tomonidan ma’muriy sudlarning asosiy vazifalari, fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni, shuningdek, sudlarga murojaat qilishda yaratilgan zamonaviy qulayliklar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, sud tizimida joriy etilgan interaktiv xizmatlar, elektron murojaatlar, raqamli sud jarayonlarining afzalliklari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar sud zallari, devonxona, arxiv va boshqa xizmat xonalari bilan tanishib, sud ishlarining amalda qanday tashkil etilishiga guvoh bo‘lishdi. Bu esa yoshlarda sud faoliyatiga nisbatan ishonch va xolis munosabatni shakllantirishga xizmat qildi.

Ochiq muloqotlar davomida talabalar uchun interaktiv uyin o‘tkazilib, unda sudyalar tomonidan berilgan huquqiy savollariga yoshlar javob berish barobarida, ulardan to‘liq javoblar olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Faol ishtirok etgan, bilim va qiziqishi bilan ajralib turgan talabalarga esa ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan turli kitoblar sovg‘a qilindi.

Ushbu “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, sud tizimi faoliyatiga nisbatan ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.








