SUN’IY INTELLEKT VA SUD: O‘ZBEKISTONDA ODIL SUDLOVNING YANGI DAVRI

 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida sud tizimini raqamlashtirishga, fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, odil sudlovning shaffofligini ta’minlash va hisobdorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayon fuqarolarning huquqiy xavfsizligini mustahkamlash, iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatda huquqiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida” Farmoni sud tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etishning yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur hujjat nafaqat sud ishlarini qog’oz shaklidan to‘liq voz kechish, balki sun’iy intellekt orqali “Raqamli sud” kontseptsiyasini amalga oshirishni ham nazarda tutadi.

 

Farmonda belgilangan vazifalar milliy qonunchilik va xalqaro standartlar bilan uyg’un. Xususan, Konstitutsiyaning 44-moddasi har bir shaxsning sudga murojaat qilish huquqini kafolatlaydi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasi esa adolatli sudlovga erishish huquqini e’tirof etadi. Shu bois “Raqamli sud” kontseptsiyasi O‘zbekistonning huquqiy tizimi va xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

 

Raqamli sud tizimi qator huquqiy va amaliy afzalliklarni taqdim etadi:

 

Sun’iy intellekt orqali prognozlash: sud jarayonining taxminiy natijasi va xarajatlari oldindan baholanadi, fuqarolar va tadbirkorlar uchun huquqiy tavakkalchilik kamayadi.

 

Elektron murojaat va masofaviy ishtirok: sud ishtirokchilari binoga tashrifsiz, onlayn tarzda qatnashishi mumkin, bu vaqt va xarajatlarni tejaydi hamda sud jarayonining ochiqligini ta’minlaydi.

 

Hujjat aylanmasi shaffofligi: ish materiallari elektron shaklda taqdim qilinishi orqali ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi.

 

Avtomatik jarayonlar: ijro varaqalari va bayonnomalar sun’iy intellekt tomonidan tayyorlanishi inson omillaridan kelib chiqadigan suiiste’mol ehtimolini kamaytiradi.

 

Sud tizimini raqamlashtirishning ilmiy ahamiyati ham katta. “Kiber huquq” sohasida yangi tadqiqotlarning zaruriyati paydo bo‘ladi, shu jumladan, elektron dalillarni baholash, sun’iy intellekt orqali tayyorlangan hujjatning yuridik kuchga egaligi masalalari alohida tadqiqotlarni talab qiladi.

 

Amaliy jihatdan esa, “Raqamli sud” kontseptsiyasi sudlarning samaradorligini oshirib, iqtisodiy va fuqarolik aylanmasida huquqiy barqarorlikni ta’minlaydi. Sud jarayonlari tezkor va shaffof o‘tkazilganda, tadbirkorlik muhiti ham rivojlanadi, fuqarolar sudga murojaat qilishda qiyinchilikka duch kelmaydi, huquqiy barqarorlik esa mustahkamlanadi.

 

Endilikda sud ishlari zamonaviy texnologiyalar yordamida tezroq, shaffof va oddiy tarzda amalga oshiriladi. Fuqarolar va tadbirkorlar uchun sud tizimi nafaqat ochiq, balki ishonchli va xalqqa yaqin adolat qo‘rg’oniga aylanadi. Bu esa davlatning huquq ustuvorligi va fuqarolarning huquqiy xavfsizligini ta’minlashda muhim qadamdir.

 

 

Sultanmurat DAVLETMURATOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi