SUDYALAR VA TALABA YOSHLAR UCHRASHUVI
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Yuridika fakultetida talaba yoshlarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyati va kasbiy dunyoqarashini oshirish maqsadida sudyalar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlarni qonunga hurmat, adolat va halollik ruhida tarbiyalash, shuningdek, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratildi.
Uchrashuvda Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Q. Xojamuratov va sudyalari B. Baymuratov, B. Bekmuratov hamda fakultetning o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A. Reyimbayev ishtirok etdilar. Sudyalar o‘z ma]ruzalarida sudyaning mustaqilligi, xolisligi va halolligi odil sudlovning muhim tamoyillari ekanini ta’kidlab, sudya kasbiga qo‘yiladigan yuqori axloqiy va huquqiy talablar haqida so‘z yuritdilar.

Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurash, sud tizimidagi islohotlar hamda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, davlat dasturlarining mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Ta’kidlanganidek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun hamda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashning muhim huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, Prezidentning 2025 yil 26 dekabr kuni Parlament va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi. Murojaatnomada korrupsiya islohotlarga xiyonat ekani alohida ta’kidlanib, 2026 yilda ushbu illatga qarshi kurashish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rilishi belgilangan. Jumladan, barcha davlat idora va tashkilotlarida komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun mas’ul rahbar o‘rinbosari lavozimini joriy etish, budjet mablag‘laridan foydalanishda shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, mansab va lavozimidan qat’i nazar, qonun oldida barchaning tengligi tamoyilini qat’iy ta’minlash vazifalari belgilab berilgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda hech bir idora yoki mansabdor shaxs nazoratdan chetda qolmaydi, komplaens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilish esa korrupsiyaga sheriklik sifatida baholanadi. Ushbu yondashuv jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv yakunida talaba yoshlar tomonidan berilgan savollarga sudyalar batafsil javoblar berib, huquqshunoslik kasbining mas’uliyati, sud tizimida faoliyat yuritish talablari va kasbiy halollikning ahamiyati yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar. Ta’kidlandiki, bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy tafakkurini yuksaltirish, ularni korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi.






